Dunyo

Barselona metrosida yong‘in chiqib 130 dan ortiq odam tutundan zaharlandi (video)

Barselona metrosida yuz bergan yong‘in oqibatida 130 dan ortiq kishi tutundan zaharlanishi qayd etildi (video)

Ispaniyaning Barselona shahridagi metro tunnellaridan birida 27-iyul kuni sodir bo‘lgan yong‘in natijasida qalin tutun hosil bo‘ldi. "Klot" va "Gloriyes" stansiyalarida 136 nafar yo‘lovchi favqulodda chiqish eshiklarini mustaqil ravishda ochib, temiryo‘l bo‘ylab platformagacha taxminan 200 metr masofani bosib o‘tishga majbur bo‘ldi. Bu holat ularning ko‘pchiligida tutundan zaharlanishga olib keldi. Bu haqda Ara nashri xabar berdi.

Voqea joyiga 19 ta tez yordam mashinasi va 22 ta o‘t o‘chirish guruhi yetib keldi. Kasalxonalarga 39 kishi olib borildi, ularning aksariyatida yengil jarohatlar va tutundan zaharlanish tashxisi qo‘yildi. Shifokorlar ko‘rigidan o‘tganlar orasida 129 kishi yengil jarohat olgan bo‘lsa, 7 kishining ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga tunnel qoplamasining bir qismi qulab tushishi va yonib ketishi sabab bo‘lgan. Hozirda yong‘in to‘liq o‘chirilgan. Transports Metropolitans de Barcelona kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 28-iyul kuni ertalabdan poyezdlar harakati qayta tiklandi va odatdagidek ish faoliyatini davom ettirdi.

Avvalroq Hindistonda ham shunga o‘xshash hodisa kuzatilgan edi. Sikkim shtatidagi gidroelektrostansiya tunnelida 20-iyul kuni portlash yuz bergan. Natijada kamida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 15 nafar ishchi yer ostida qolib ketgan edi.

smoke inhalationinjuriesbarcelona metro firetunnel incidentemergency responsespainpublic transport