Braziliyada futbolchi golni nishonlash vaqtida tunnelga tushib ketdi
U urgan gol esa ofsayd tufayli bekor qilindi.

Braziliya chempionatida futbolchi golni nishonlash chog‘ida tunnelga tushib ketdi. Bu voqea Braziliya A Seriyasining 22-turida "Shapekoense"ga qarshi o‘yinda (2:1) "Koritiba" himoyachisi Jasi bilan sodir bo‘ldi. U o‘zining golini nishonlayotgan paytda reklama taxtasi ortidagi tunnelga yiqilib tushdi. Futbolchi tunneldan chiqqanidan so‘ng, uning goli ofsayd tufayli bekor qilingani ma’lum bo‘ldi.
**"Biz doim ham gol uravermaymiz"**
Bu holat birinchi bo‘lim oxirida yuz berdi. Jasi ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda g‘alaba qozonib, mavsumdagi ikkinchi golini urdi va uni faol nishonlay boshladi: u to‘pni "Shapekoense" darvozabonidan olib, farzand kutayotganiga ishora qilib, futbolkasi ichiga solgan.
Shundan so‘ng himoyachi reklama to‘sig‘idan sakrab o‘tdi, ammo uning ortida tribunalar ostiga olib boruvchi tunnelning kirish qismi borligini payqamadi. Tanaffus yaqinlashgani sababli tunnel eshigi ochiq edi. Natijada futbolchi darhol kadrda g‘oyib bo‘lib, pastga quladi. Tunnel kirish joyida turgan xavfsizlik xizmati xodimi esa boshini changallagancha qoldi.
Keyin Jasi tunneldan chiqib keldi va golni nishonlashda davom etdi, ammo ko‘p o‘tmay gol "o‘yindan tashqari holat" tufayli bekor qilindi.
Tanaffusdagi intervyusida braziliyalik futbolchi ahvoli yaxshi ekanini aytdi. "Men bilan barchasi joyida. Himoyachilar kamdan-kam gol urishadi, shuning uchun men berilib ketdim. Tunnel esa ochiq turgan ekan. Oyog‘imni tekshirtiraman", – dedi u CazeTV telekanaliga bergan intervyusida.
Lekin Jasi 48-daqiqada baribir almashtirildi – yiqilish chog‘ida to‘piqdagi lat yeyish o‘z so‘zini aytdi. "Koritiba" esa usiz ham g‘alaba qozonishni uddaladi, Pedro Rosha o‘yin oxirida g‘alaba golini urdi.
**Bu birinchisi emas**
"Koto Pereyra" stadionida shunga o‘xshash holat 2014-yilda ham ro‘y bergan edi: o‘shanda "Koritiba" hujumchisi Joel "San-Paulu" darvozasiga urgan golini nishonlash paytida reklama shitidan sakrab o‘tgan va pastga qulagandi. O‘shanda gol hisobga olingan, kamerunlik futbolchi esa o‘yinni davom ettira olgandi.
La Nacion portali qayd etishicha, Jasini tunneldan chiqarib olgan xavfsizlik xizmati xodimi 12 yil oldin ham xuddi shu joyda turgan edi. U yana bir bor virusdek aylanayotgan video qahramoniga aylandi.

