Sport

Bibisora Assaubayeva Samarqanddagi olimpiadada ishtirok etadi

Bibisora Assaubayeva Samarqanddagi olimpiadada ishtirok etadi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 2026-yilning 15-27-sentyabr kunlari O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Qozog‘iston ayollar terma jamoasi tarkibini e’lon qildi. Bu haqda Sports.kz nashri xabar berdi.

Qozog‘iston sharafini ushbu olimpiadada kattalar o‘rtasidagi ayollar reytingida 5-o‘rinni egallab turgan Bibisora Assaubayeva himoya qiladi. Shuningdek, o‘smir qizlar o‘rtasidagi jahon reytingida yuqori pog‘onalarni band etgan Alua Nurman (2-o‘rin), Meruert Kamalidenova (4-o‘rin), Elnaz Kaliaxmet (22-o‘rin) hamda Zarina Nurgaliyeva (23-o‘rin) ham jamoa tarkibidan joy olgan. Jamoaga Pavel Kotsur sardorlik qilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Budapeshtda bo‘lib o‘tgan avvalgi Butunjahon shaxmat olimpiadasida Qozog‘iston ayollar terma jamoasi tarixiy kumush medallarni qo‘lga kiritib, oltin medal uchun kurashda faqatgina Hindiston jamoasiga imkoniyatni boy bergandi.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Samarqandda o‘tadigan 2026-yilgi olimpiadada jami 400 ta jamoa ishtirok etishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich musobaqa tarixidagi mutlaq yangi rekord hisoblanadi. Jumladan, ochiq turnirda 208 ta va ayollar o‘rtasidagi musobaqada 192 ta jamoa qatnashadi. Tadbirning ochilish marosimi 15-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi, 16-sentyabrdan 27-sentyabrgacha esa ishtirokchilar klassik vaqt nazorati ostida Shveysarcha tizim bo‘yicha 11 tur doirasida o‘zaro bahs olib boradilar.

samarqandsportskazakhstanchessfidewomen's chessolympiadbibisara assaubayeva