“Barselona” Xulian Alvares uchun qancha to‘lamoqchi ekanligi ma’lum bo‘ldi

Xulian Alvares uchun "Barselona"ning taklif miqdori oshkor bo‘ldi.
"Barselona" rahbariyati Madridning "Atletiko" klubi hujumchisi Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olish niyatidan voz kechgani yo‘q. COPE nashrining xabar berishicha, kataloniyaliklar sport direktori Deku va uning yordamchisi Joau Amaral transferni rasmiylashtirish rejasini ishlab chiqish maqsadida Madridga yetib borgan. Ular Ispaniya poytaxtida Argentina terma jamoasining 26 yoshli a'zosi manfaatlarini himoya qiluvchi agent Fernando Idalgo bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Qayd etilishicha, Alvares Jahon chempionatidan so‘ng Ibizada dam olmoqda va 10-avgust, dushanba kuni mashg‘ulotlarga qaytishi lozim. Futbolchining vakillari u klubini o‘zgartirish istagida ekanini yashirmayapti. Agentlarning so‘zlariga ko‘ra, Xulian quyidagi qat'iy qarorga kelgan: "U faqatgina 'Barselona' sharafini himoya qilishni va kelasi mavsumda Hansi-Diter Flik qo‘l ostida o‘ynashni xohlamoqda".
Ta’kidlanishicha, Kataloniya klubi argentinalik hujumchi transferi uchun 100 million yevrolik taklifini o‘z kuchida qoldirgan. Shu bilan birga, "Atletiko" rahbariyati bu borada umuman muzokara o‘tkazmoqchi emas. Klub bosh direktori Migel Anxel Xil hujumchining hatto "200 million yevro evaziga ham" sotilmasligini aytib, transfer ehtimolini butunlay inkor etdi.
Avvalroq tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy keskinlashgani haqida xabar qilingandi: madridliklar "ko‘k-anorranglilar"ning xatti-harakati ustidan Ispaniya qirollik futbol federatsiyasiga shikoyat kiritgan va ayni paytda surishtiruv ishlari boshlangan. Dekuning futbolchi agenti bilan uchrashuvi transfer yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi, biroq "Barselona"ning asosiy vazifasi — hozircha har qanday muloqotdan bosh tortayotgan Madrid klubini rasmiy muzokaralar stoliga o‘tqazish yo‘lini topishdan iborat.
Ma’lumot o‘rnida, Xulian Alvares 2025/2026-yilgi mavsumda barcha turnirlar doirasida 49 ta uchrashuvda maydonga tushib, 20 ta gol va 9 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, futbolchining taxminiy transfer qiymati 120 million yevroni tashkil etadi. Uning ispan klubi bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.

