Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi “Barselona”ga qarshi ish ochdi

Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) Madridning "Atletiko" klubining shikoyati asosida "Barselona"ga nisbatan intizomiy ish ochdi. Bu holatga kataloniyaliklarning argentinalik hujumchi Xulian Alvares bilan qonunga zid muzokaralar olib borgani sabab bo‘lgan.
EFE agentligining xabar berishicha, federatsiyaning intizomiy qo‘mitasi futbolchi bilan ehtimoliy aloqalar tufayli ish qo‘zg‘atgan va jarayonni o‘rganish uchun maxsus instruktor tayinlagan. Har ikki klub ham bu haqda rasman xabardor qilingan bo‘lib, "Barselona" ushbu qaror ustidan apellyatsiya berish huquqiga ega.
"The Athletic" nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, "Atletiko" "Barselona"ni axloq normalarini buzganlikda ayblamoqda. Madrid klubi kataloniyaliklar amaldagi shartnomasi 2030-yilgacha mo‘ljallangan futbolchi bilan ruxsatsiz muzokara olib borganini da’vo qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bahorda "Barselona" Alvares borasida muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar tarqalgan va buni klub prezidenti Joan Laporta ham tasdiqlagan edi. Manbalarga ko‘ra, "ko‘k-anorranglilar" argentinalik futbolchi uchun 100 million yevrolik rasmiy taklif tayyorlagan. Bu xabarlardan so‘ng "Atletiko" ijtimoiy tarmoqlarda "Barselona"ga qaratilgan bir qator kinoyali postlar qoldirgandi.
Iyun oyida esa Madridning boshqa bir jamoasi "Real" Alvares uchun 150 million yevro taklif qilgan, biroq "Atletiko" uning tovon puli 500 million yevro ekanini aytib, sotishdan bosh tortgan edi.
Ma’lumot uchun, 26 yoshli hujumchi 2024-yildan buyon "Atletiko" sharafini himoya qilib kelmoqda. Madridliklar safida u shu kungacha 106 ta o‘yinda maydonga tushib, 49 ta gol va 17 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Bungacha futbolchi Angliyaning "Manchester Siti" klubi safida Chempionlar Ligasi, Angliya Kubogi va Superkubogi, ikki marta Angliya chempionligi, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati hamda UEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan. Argentina terma jamoasi safida esa (59 o‘yin, 15 gol) 2022-yilda Jahon chempioni bo‘lgan hamda ikki marta Amerika Kubogida (2021, 2024) zafar quchgan.

