Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligiga start berildi
Oylikdan ko‘zlangan maqsad aholining Barqaror rivojlanish maqsadlariga daxldorlik hissini kuchaytirish, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish va umumiy maqsadlar yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.

Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligiga start berildi
6-avgust kuni Oliy Majlis Senatida "Barqaror rivojlanish maqsadlari: milliy taraqqiyotning yangi bosqichi" mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi va shu bilan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi rasman boshlandi.
Ushbu tadbirda parlament a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, Parlamentlararo ittifoq kotibiyati rahbariyati, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiyani Oliy Majlis Senati raisi, shuningdek, Barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Norboyeva ochib berdi.
Senat raisi o‘z nutqida Barqaror rivojlanish maqsadlari O‘zbekiston uchun shunchaki xalqaro majburiyat emas, balki aholi hayot sifatini yaxshilash, hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik va kelajak avlodlar uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan milliy taraqqiyot dasturining muhim qismiga aylanganini ta’kidladi. U, shuningdek, Prezident tashabbusi bilan barqaror rivojlanish maqsadlari "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi bilan to‘liq uyg‘unlashtirilgani, ularni amalga oshirishning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlanganini qayd etdi.
Ma’lum qilinishicha, Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida respublika bo‘ylab yuzlab tadbirlar tashkil etiladi. Xususan, parlament eshituvlari, mahalliy Kengashlar sessiyalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar va mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda maxsus media-loyihalar amalga oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, oylikdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining Barqaror rivojlanish maqsadlariga daxldorlik hissini kuchaytirish, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish va umumiy maqsadlar yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.
Konferensiyada so‘zga chiqqan milliy va xorijiy ekspertlar O‘zbekiston 16 ta milliy Barqaror rivojlanish maqsadi va 126 ta vazifani qabul qilgani, ularning barchasi "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirilganini qayd etdi.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar natijasida Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichlarining 70 foizdan ortig‘i bo‘yicha ijobiy siljishlarga erishilgan, 45 foizi bo‘yicha esa belgilangan maqsadlar to‘liq bajarilgan.
Xususan, kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17 foizdan 2025-yil yakuniga kelib 5,8 foizgacha kamaygan. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov 27,7 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov esa 8,3 foizdan 47,7 foizga yetgan. Shuningdek, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushi 35 foizga yetgan bo‘lsa, Qonunchilik palatasida bu ko‘rsatkich 38 foizni, mahalliy Kengashlarda esa 32,5 foizni tashkil etmoqda.
Tadbirda qayd etilishicha, olib borilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston 2026-yilgi Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 167 davlat orasida 65-o‘rinni egallagan.

