“Kecha suv sabab qo‘shnilar bilan urishardik, bugun birlashyapmiz”. Suv vaziri Shavkat Xamrayev bilan intervyu
Mustaqillikdan buyon O‘zbekistonning yillik suv iste’moli 21 foizga qisqargan. 2030-yilga borib suv tanqisligi 15 mlrd kubometrga yetishi mumkin. Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Gazeta`ga bergan intervyusida suv taqchilligiga qarshi qanday kurashilayotgani, suv diplomatiyasi va Orol haqida gapirdi.

"Kecha suv sabab qo‘shnilar bilan urishardik, bugun birlashyapmiz". Suv vaziri Shavkat Xamrayev bilan intervyu
O‘zbekistonda 2030-yilga borib suv tanqisligi 15 milliard kubometrgacha yetishi mumkin. Bu haqda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Gazeta nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. U, shuningdek, iqlim o‘zgarishi sharoitida mamlakatning chora-tadbirlari, suv tejovchi texnologiyalar, Orol muammosi va qo‘shni davlatlar bilan suv diplomatiyasi haqida so‘zlab berdi.
Intervyu matni quyida keltirilgan:
— Forum Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida tashkil etildi. Unda har bir davlat o‘z maqsadlari va erishgan natijalari haqida hisobot berdi. Tadbirda xalqaro ekspertlar, ayniqsa, Barqaror rivojlanish maqsadlarining oltinchisi – suv va sanitariya masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston bu yo‘nalishda sezilarli ijobiy natijalarga erishgani qayd etildi. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda suv stressi bo‘yicha kutilgan salbiy ko‘rsatkich 169 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-2022-yillar davomida u 47 foizga kamaytirilib, 122 foizga tushirildi. Joriy yilga kelib bu ko‘rsatkich yana 5 foizga pasayib, 117 foizni tashkil etdi. Maqsadimiz – 2030-yilga borib uni 95 foizgacha tushirish. Shuningdek, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini 90 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Rubicon Water kompaniyasining Shimoliy Amerika bo‘yicha bosh direktori Darren Makgregor bilan uchrashuvda, 6-iyul, AQSh.
Yana bir muhim jihat – moliyalashtirish. Dunyoda bu sohaga byudjetdan o‘rtacha yarim foiz atrofida mablag‘ ajratilsa, O‘zbekistonda mazkur ko‘rsatkich 3-4 foizga yaqinlashmoqda. Bu davlatimiz rahbari va hukumat tomonidan sohaga katta e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Forumga aynan shu natijalarga qanday erishilgani, qo‘llanayotgan tajriba va amaliy yondashuvlar haqida so‘z yuritish uchun taklif qilingan edik. Delegatsiyamizga Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Temurjon Butunboyev boshchilik qildi. Biz xalqaro hamjamiyatga amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdik, shu bilan birga, boshqa davlatlarning tajribasini ham o‘rgandik va fikr almashdik.
— Jahonda iqlim o‘zgarishi oqibatlari tobora kuchayib bormoqda. Hozir El-Nino hodisasining ta’sirini ko‘rib turibmiz. Yevropada qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. Hatto to‘rt tomoni suv bilan o‘ralgan Gollandiyada ham sug‘orish uchun suv hajmi qisqartirildi. Germaniyada, Dunay daryosida, shuningdek, Vengriya va boshqa mamlakatlarda suv sathi pasaygani sababli kemalar, hatto barjalar harakatlana olmay qoldi. Bu suv tanqisligi qanchalik jiddiy muammoga aylanganini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda ham bu jarayonlar sezilmoqda. Joriy yil yoz juda issiq keldi, muzliklar tezroq va ko‘p eriyapti. Bu holat yoz oylarida suv hajmini ko‘paytirgandek tuyuladi. Ammo suv zaxiralarining qisqarishi va suv tanqisligining kuchayishiga sabab bo‘lishini unutmaslik kerak. Bunga Orol fojiasining salbiy ta’siri ham qo‘shilmoqda. Natijada har bir gektar yerni sug‘orish uchun ko‘proq suv xarajat qilinadi, ekinlar ham tez-tez suv talab qila boshlaydi. Aholi sonining o‘sishi va suvga bo‘lgan talabning ortishi esa suv taqchilligini yanada kuchaytirmoqda.
Shuning uchun biz suv yo‘qotishlarini kamaytirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Kanallar va sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilmoqda, suv tejovchi texnologiyalar keng joriy etilyapti. Bu orqali suvdan samarali foydalanishga, ya’ni har bir kubometr suv hisobiga ko‘proq hosil va yuqoriroq daromad olishga erishyapmiz.
Shu bilan birga, suv resurslarini boshqarish tizimini ham takomillashtirish zarur. Ya’ni zamonaviy raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va malakali kadrlar orqali suvdan yanada oqilona foydalanish mumkin. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, joriy yilda 11 milliard kubometrdan ortiq suvni tejashga erishamiz. Bu, avvalo, suv tejovchi texnologiyalar va boshqa samarali chora-tadbirlar hisobiga amalga oshadi.
— O‘zbekistonning suv resurslari asosan, Orol dengizi havzasiga kiruvchi manbalar hisobiga shakllanadi. Eng yirik suv arteriyalarimiz – Amudaryo va Sirdaryo bo‘lib, ularga ko‘plab soylar qo‘shiladi. Mamlakatda foydalanilayotgan suvning 90 foizdan ortig‘i aynan daryolar va soylar hisobiga to‘g‘ri keladi. 5 foizdan ko‘p qismi yerosti suvlari hamda kollektor-drenaj suvlarini qayta ishlatish orqali ta’minlanadi. Qolgan suv hajmi esa yog‘ingarchilik, sel va toshqinlar hisobiga suv omborlarida to‘plangan zaxiralardan olinadi.
— Mustaqillikka erishgunimizgacha O‘zbekiston yiliga o‘rtacha 60-64 milliard kubometr suv iste’mol qilardi. Bugungi kunda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 51 milliard kubometr atrofida. Sovet davriga nisbatan suv iste’moli taxminan 21 foizga kamaygan. Suv resurslari yil sayin talabga nisbatan qisqarib boryapti. Shu bois, yuqorida aytganimdek, suv tanqisligini yumshatish uchun kanallar va sug‘orish tarmoqlarini modernizatsiya qilish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish kabi chora-tadbirlarni izchil amalga oshiryapmiz.
Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 2030-yilga borib mamlakatda taxminan 15 milliard kubometr suv taqchilligini seza boshlaymiz. Bugungi kunda 11-12 milliard kubometr atrofida suv tanqisligi kuzatilayotgan bo‘lsa, amalga oshirilayotgan tadbirlar hisobiga qariyb 11 milliard kubometr suvni tejash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bu esa suv tanqisligining ta’sirini sezilarli darajada yumshatmoqda.
Albatta, ayrim hududlarda qiyinchiliklar bor. Ba’zi joylarda aholi talabga nisbatan 80-90 foiz suv ishlatib, taqchillikni sezyapti. Lekin hozircha suv yetishmasligi sabab ekinlarning ommaviy qurib qolishi, takroriy ekin ekishdan voz kechish yoki boshqa ehtiyojlarni to‘liq cheklash kabi og‘ir holatlar kuzatilayotgani yo‘q. Bu amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
— Suv tejovchi texnologiyalarni yo‘lga qo‘yish muayyan bilim va ko‘nikmalarni talab qiladi. Bu texnologiya, avvalo, suvni tejaydi. Shu bilan birga, mineral o‘g‘it, yonilg‘i-moylash materiallari va mehnat resurslari xarajatlarini ham sezilarli kamaytiradi. Natijada ishlab chiqarish xarajatlari ikki-uch barobar qisqaradi, hosildorlik va daromad esa ikki-uch barobargacha oshadi. Shu bois bu juda samarali texnologiya hisoblanadi.
Albatta, uni joriy qilish uchun dastlabki sarmoya kerak. Shuning uchun davlat imtiyozli kreditlar ajratyapti. Texnologiya to‘g‘ri o‘rnatilib, to‘g‘ri foydalanilsa, subsidiya ham beriladi. Ya’ni qilingan xarajatning bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Biz fermerlarga amaliy va servis xizmatlari bilan ham ko‘maklashyapmiz. Eng muhimi, O‘zbekistonda bu uskunalarni ishlab chiqaradigan mahalliy korxonalar soni ko‘paydi. Hozir 50-60 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. Ular nafaqat uskunalar ishlab chiqaryapti, balki servis xizmatlarini ham ko‘rsatyapti.
Bu – davlatning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash siyosati. Texnologiyani to‘g‘ri joriy qilgan fermerlar uning samarasini ko‘rib, keyinchalik qolgan yer maydonlarida ham qo‘llayapti. Ular boshqa fermerlarga ham o‘z tajribasini ulashmoqda. Ko‘pincha fermerlar davlat idoralari aytganidan ko‘ra, qo‘shnisining natijasiga ko‘proq ishonadi. Shuning uchun biz boshqa fermerlarni ana shunday xo‘jaliklarga olib borib, amaldagi natijalarni ko‘rsatyapmiz.
Bugungi kunda ekin maydonlarining qariyb 60 foizi suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olingan. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. Buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Nasoslar, elektr dvigatellari, filtrlar va boshqa uskunalar yetarli. Ularni ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo ham mamlakatimizda mavjud. Shu bilan birga, olimlarimiz ham texnologiyalarni yanada takomillashtirish ustida ishlayapti.
— Menimcha, bu – noto‘g‘ri qarash. Agar inson bir ishni qilishni istasa, imkoniyat izlaydi. Davlat tomonidan barcha yordam mexanizmlari yaratilgan va biz amaliy ko‘mak berishga tayyormiz. Hokimlar ham suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishdan manfaatdor. Chunki ularning faoliyati samaradorligi shu kabi ko‘rsatkichlar bilan ham baholanadi. Texnologiya qancha keng joriy etilsa, bu hokim uchun ham ijobiy baholanadi. Shuning uchun hokimlar bu jarayonga qarshi emas. Axir suv tejaladi, hosildorlik oshadi. Shu bilan birga, hokim yerni o‘z xohishi bilan tortib ololmaydi. Agar fermer shartnoma talablarini buzgan, hosildorlikni ta’minlamagan yoki boshqa qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, masala sud orqali ko‘rib chiqilishi mumkin.
Agar fermer suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib, ulardan to‘g‘ri foydalanayotgan bo‘lsa, biz uning manfaatini himoya qilamiz. Agar qandaydir kelishmovchilik yuzaga kelsa, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llayotgan fermer tomonida bo‘lamiz va unga amaliy yordam ko‘rsatamiz.
— Bunday bo‘lmaydi. Amalda bu texnologiya o‘zini ikki-uch yil ichida oqlaydi. Shuning uchun menimcha, bunday xavotirlarni bildirgan ayrim fermerlar buni ko‘proq bahona sifatida keltiryapti. Inson xohlamasa, turli bahonalar topadi. Balki uning avvaldan qarzlari bordir yoki boshqa ekin ekishni rejalashtirayotgandir. Shu kabi holatlarda bu masala bahona sifatida keltirilishi mumkin.
Foto: Suv xo‘jaligi vazirligi.
— Avvalo, “suvning narxi” degan tushuncha to‘g‘ri emas. Bizda suvni iste’molchiga yetkazish xizmati uchun xarajat qilinadi. Bu xizmatning tannarxi o‘rtacha 300-400 so‘m. Ayrim viloyatlarda 600 so‘m, ba’zi hududlarda esa bir kubometr suvni yetkazib berish xarajati 1000 so‘mgacha yetadi.
Hozir suv solig‘i o‘rtacha 107 so‘mni tashkil qiladi. Shu bilan birga, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan, kanallarini betonlashtirgan fermerlarga qator imtiyozlar berilgan. Ular ayrim hollarda 50 foizgacha kamroq soliq to‘laydi. Aksincha, suv boshida joylashgan bo‘lib, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llamaganlar ikki barobarga ko‘proq soliq to‘lashga majbur bo‘ladi. Agar suv oxirida joylashgan va bunday texnologiyalarni joriy qilgan fermerlar esa qo‘shimcha 20 foiz subsidiya oladi. Ya’ni barcha mexanizmlar fermerlarni suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashga rag‘batlantirishga qaratilgan.
Biz amaldagi suv yetkazib berish xizmati uchun belgilangan soliq miqdorini normal, deb hisoblaymiz. Agar u yana oshirilsa, fermerlar uchun qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Hozir qishloq xo‘jaligi mamlakatdagi suv resurslarining 90-92 foizini iste’mol qilmoqda. Kelgusida bu ko‘rsatkichni 60-70 foizgacha tushirishimiz kerak. Bunda mahsulot hajmi kamaymasligi lozim. Aksincha, ilg‘or texnologiyalar hisobiga kamroq suv bilan ko‘proq mahsulot yetishtirishga erishishimiz zarur. Tejalgan suv esa birinchi navbatda, suv taqchilligini qoplashga, qolgan qismi esa ichimlik suvi ta’minoti, baliqchilik, sanoat va ekologik ehtiyojlarga yo‘naltiriladi.
— Orolning qurigan tubida saksovul ekish ishlarini olib boryapmiz. Asosiy maqsad – ekologik oqibatlarni yumshatish. Orol bir mo‘’jiza, u bir necha ming yillardan keyin qayta tiklanishi mumkin. Chunki Orol uchinchi marta quriyapti. Ilgari ham ikki marta shunday holat kuzatilgan.
Ko‘pchilik buni antropogen omillar bilan izohlaydi. Menimcha, insonlarning yerlarni o‘zlashtirishi bu jarayonni tezlashtirdi, deyish mumkin. Ammo asosiy sabab – muzliklarning erishi, yog‘ingarchilikning kamayishi va suv oqimining qisqarishidir. Bugun Amudaryo va Sirdaryoda avvalgidek suv yo‘q. Yog‘ingarchilik ham kamaygan. Yoshligimizda qor ko‘p yog‘ardi, yomg‘irlar ham ko‘proq bo‘lardi. Keyingi yillarda bu holat o‘zgardi. Shu sababli Sibir daryolari suvining bir qismini Markaziy Osiyoga burish kabi turli loyihalar ham Orolni qayta tiklashni emas, balki mavjud suv resurslarini saqlab qolishni ko‘zlagan. Ular asosan, hozirgi sug‘oriladigan maydonlarni, mavjud ekologik vaziyatni va suvga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashga qaratilgan.
— Ajratilayotgan mablag‘lar juda kam. Shuning uchun prezidentimiz BMT minbaridan turib, xalqaro hamjamiyatga murojaat qildi va Orolbo‘yini qo‘llab-quvvatlash uchun Trast jamg‘armasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bugun bu ishlar nafaqat davlat byudjeti, balki imtiyozli xalqaro kreditlar hisobiga ham amalga oshirilmoqda. Lekin mavjud mablag‘lar muammoni to‘liq hal qilish uchun hali ham yetarli emas.
O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilgan davrda ham bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Chunki Orol fojiasi faqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyoning emas, balki global ekologik muammodir. Uning salbiy ta’siri mintaqa bilan cheklanmaydi, Yevropa va boshqa uzoq hududlarga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun xalqaro hamjamiyatni bu masalaga yanada katta e’tibor qaratishga va imkoniyat doirasida ko‘proq yordam berishga chaqiryapmiz. Keyingi yillarda mazkur masalaga xalqaro e’tibor yanada kuchayadi, deb o‘ylaymiz.
— Hozirgi baholashlarga ko‘ra, ayrim hududlarda muzliklar 30 foizdan ortiq, ba’zi joylarda esa 50 foizgacha erib ketgan. Bu taxminiy ko‘rsatkichlar, ammo ular haqiqatga yaqin. Biroq har yili qancha muzlik eriydi yoki bu qancha suv yo‘qotilishiga olib keladi, degan aniq raqamlar yo‘q. Chunki bu ko‘p jihatdan iqlim va yog‘ingarchilikka bog‘liq. Masalan, bu yil yog‘ingarchilik yaxshi bo‘ldi, o‘tgan yili esa bunday emas edi. Kelasi yil qanday bo‘lishini oldindan aniq aytish qiyin. Albatta, tabiatda besh yillik, yetti yillik, o‘n bir yillik iqlim sikllari mavjud va ko‘p hollarda jarayonlar shu davriylikka mos keladi. Lekin iqlim o‘zgarishi sharoitida bunday jarayonlarni prognoz qilish tobora murakkablashmoqda.
Shu bois muzliklarni saqlash masalasi xalqaro darajada ham katta e’tiborga ega. Bu mavzuda yirik xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Muzliklarni muntazam kuzatish uchun maxsus stansiyalar qurish, ilmiy tadqiqotlar va monitoring ishlarini kengaytirish ham rejalashtirilgan.
— Yuqorida aytganimdek, har yili kanallarimizning taxminan 10 foizini betonlashtiryapmiz. Joriy yil yakunlari bilan bunday kanallar ulushini 40 foizga yetkazamiz. Faqat shu yilning o‘zida 600 kilometrdan ortiq yirik kanal va 21 ming kilometr kichik kanal betonlashtirildi.
Umuman, kapital qurilish dasturi doirasida 293 ta loyihani amalga oshiryapmiz. Shundan 250 tasi irrigatsiya, 43 tasi melioratsiya sohasiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning birinchi yarmida ushbu ishlarga qariyb 1 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Bu pullar kanallarni betonlashtirish va suv inshootlarini ta’mirlash ishlariga yo‘naltirildi.
— Bu uzluksiz jarayon. Hozir yer kanallarini bosqichma-bosqich betonlashtirib boryapmiz. Lekin buni 100 foizga yetkazish haqida gapirish qiyin. Masalan, ma’lum bir bosqichda 70 foizga yetganimizda, 50-60 yil avval betonlashtirilgan boshqa kanallarni qayta ta’mirlash zarurati tug‘iladi.
Qolaversa, barcha kanallarni betonlashtirish ham maqsadga muvofiq emas. Ayrim kanallar tabiiy chuqurliklar orqali o‘tgani va yerosti suvlari bilan bog‘langani uchun ularda suv yo‘qotishlari kam bo‘ladi. Bunday joylarda betonlashtirishga ehtiyoj yo‘q. Ammo tuproq ko‘tarib qurilgan va suv yo‘qotishlari yuqori bo‘lgan kanallar, albatta, betonlashtiriladi. Asosiy e’tibor ham ana shunday nuqtalarga qaratilgan.
— Prezidentimiz tashabbusi orqali qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlar shakllandi. Doimiy maslahat uchrashuvlari o‘tkazilyapti va suv masalasi aynan shu hamkorlikning muhim asoslaridan biriga aylandi. Agar suv kecha bizga urushni keltirib chiqaradigan bir faktorga aylangan bo‘lsa, bugun suv atrofida birlashib, bir-birimizga elektr energiyasi va gaz beryapmiz, qachon va qancha suv chiqarishni kelishib olyapmiz. Mana shu – “suv diplomatiyasi”.
Suv kelishmovchilik emas, hamkorlik vositasiga aylanishi kerak, bugun suv atrofida birlashyapmiz. Agar suv resurslaridan qo‘shni davlatlar bilan birgalikda samarali foydalansak, bu mintaqa iqtisodiyotiga qo‘shimcha 3-5 milliard dollar daromad keltirishi mumkin. Bu nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki gidroenergetika, ekologiya, baliqchilik va boshqa sohalar uchun ham katta samara beradi.
Foto: Xotam Mamadaliyev / O‘zA.
Aksincha, bir-birimizni tinglamay, har bir davlat faqat o‘z manfaatidan kelib chiqib harakat qilsa, bu elektr energiyasi ishlab chiqarishga, qishloq xo‘jaligiga, baliqchilikka va ekologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng muhimi, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarga ham putur yetadi. Shuning uchun suvdan diplomatik yondashuv asosida, o‘zaro kelishuv va ishonch bilan boshqarish barcha tomon uchun manfaatlidir. Bu ikki tomonlama ham, ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

