Layfstayl

“Avval raqqosalardan rashk qilgan ayolim hozir meni uylantirib qo‘yishga qodir” — Anvar Sobirov davlat ishidagi faoliyati va o‘g‘il tarbiyasidagi xatosi haqida gapirdi

“Avval raqqosalardan rashk qilgan ayolim hozir meni uylantirib qo‘yishga qodir” — Anvar Sobirov davlat ishidagi faoliyati va o‘g‘il tarbiyasidagi xatosi haqida gapirdi

Xonanda va aktyor Anvar Sobirov “Chotki TV” YouTube kanaliga bergan intervyusida ijodiy tanaffuslari, davlat xizmatidagi faoliyati, farzand tarbiyasida yo‘l qo‘ygan xatolari va oilaviy hayoti haqida so‘zlab berdi.

**“San’atkorlar sahnaga chiqib, muammolarini aytishi kerak emas”**

— Inson hech qachon o‘z xatolarida boshqalarni ayblamasligi kerak. Chuqurroq o‘ylab qaralsa, chetdagilarning aybi bo‘lsa ham, asosiy xato o‘zingizda bo‘ladi. Iymonli, vijdonli odam aybni avvalambor o‘zidan qidiradi. To‘g‘ri, ijodimda katta tanaffuslar bo‘ldi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Balki, bu sabablar tomoshabinlarga qiziq ham emasdir. Umuman olganda, san’atkorning muammosi muxlisga qiziq emas. Qaysi ma’nodaki, u baribir sizdan ijod — yangi qo‘shiq kutadi.

Shu sababli san’atkor sahnaga chiqib, muammosini aytishi shart emas. San’at ahlining hayotdagi missiyasi — biroz qayg‘uga botgan, hayot zarbalaridan horigan insonlarning ko‘nglini ko‘tarish, yaxshi kayfiyat ulashishdan iborat. Shu kasb egasi bo‘lganim holda, ularga quvonch ulashish o‘rniga chiqib dardimni aytsam, unda kim ularning ko‘nglini ko‘taradi, filmlardagi rollari bilan to‘g‘ri yo‘lga qaytaradi, deydi u.

**“Haqiqiy san’atkorlarni san’atning xumori tutadi”**

Anvar Sobirov bir muddat davlat ishida ham faoliyat yuritdi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasining mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ikki yil ishlagan xonanda ijoddan uzoqlashib qolgani sabab rahbarlik vazifasidan ozod etishini iltimos qilganini aytadi.

— Bundan ikki yil avval davlat ishiga kirganimda tomoshabinlar: “Bo‘ldi, bu ham Ozodbek Nazarbekovdek davlat ishiga o‘tdi. Endi bu yog‘iga konsert ham yo‘q, to‘ylarga ham chiqmaydi. Siyosiy karyera qilishga o‘tdi shekilli”, deyishdi. Shundan keyin to‘ylarim taqa-taq to‘xtab qoldi. Odamlar: “Anvar Sobirovga qancha pul bersang ham endi to‘ylarga kelmas ekan”, deb gap tarqatib yuborishdi.

Aslida unday bo‘lgani yo‘q. Haqiqatdan ham davlat ishida juda katta mas’uliyat bilan ishladim. Shu sabab chindan ham bu ishdan ortib, xizmatlarga chiqishga vaqtim bo‘lmadi. Menga ishonib topshirilgan vazifalarning mas’uliyatini bo‘ynimga olgan edim. U yerda sizning to‘yingiz yoki boshqa shaxsiy manfaatlaringiz bilan hech kimning ishi yo‘q. Menga berilgan ushbu vazifani ikki yil munosib yuritdim va rahbarlarning oldida ham, Xudoga shukr, yuzim yorug‘ bo‘ldi.

Bir kuni rahbarimga: “Menda xuddi baliqni suvdan tashqariga chiqarib qo‘ygandek holat bo‘lyapti. Iltimos, menga ‘suv’ kerak. Pul uchun bunday demayapman, o‘zimga yarasha tijoratim bor. Ijodga qaytmoqchiman”, dedim. Chindan ham hech qachon pul uchun san’atga, to‘yga, sahnaga yoki filmga bormayman. Haqiqiy san’atkorlarni san’atning xumori tutadi.

**“Alloh barakasini bergani yoningizda qolarkan”**

Anvar Sobirov inson qancha to‘plamasin, boylikning faqat Alloh barakasini bergan qismigina yonda qolishini ta’kidladi.

— San’atdagi 28 yillik tajribamdan kelib chiqib o‘ylab ko‘rdim. Bir safar besh ming, boshqa safar uch ming dollar evaziga to‘ylarga borib ko‘rdim. Bularni eshitsangiz, “qani u pullar?” deysiz. Alloh barakasini berganigina yonimda qolibdi. Qolganlari qayerga ketganini o‘zim ham bilmayman, deydi xonanda.

**“Bir qo‘ling berganni boshqa qo‘ling bilmasin”**

— Bir qo‘ling berganni boshqa qo‘ling bilmasin, degan naqlga rioya qilaman. Chiqib, unga yordam beryapman, bunga yordam qildim, deyishim shart emas. Aytib ko‘rganimda ham bilganlar: “Berganingni maqtanib nima qilasan?” deyishdi. Shu gaplardan keyin qilingan ehsonni Alloh bilsa bo‘ldi, degan xulosaga keldim. Bir xil insonlar aksincha: “Bu haqda ayting, qolgan san’atkorlarga tarbiya bo‘ladi”, deydi. Yo‘q, Alloh ko‘ngliga solsagina odam ehson qiladi. Banda bandaga bu tarzda uqtira olmaydi. Xudoning o‘zi ko‘nglingizga soladi, ehson qilinishi kerak bo‘lgan insonni sizga ro‘baro‘ qiladi. Ana shundagina siz unga berasiz, deydi u.

**“Ayolimga rahmat deyman”**

— 1997-yilda uylanganman. U paytlarda hali sobiq SSSRning “hidi” to‘liq ketib ulgurmagan edi. Ko‘pchilik farzandlarini rus maktabiga berardi. Shaxsan ayolim ham rus maktabida o‘qigan. Kelin bo‘lib tushganida o‘zbek tilini aksent bilan gapirardi. Diniy tomonlama ham bilimlari u qadar emasdi. Lekin men o‘sha paytlarda ham ibodatli edim.

To‘ylarda, xizmatlarda borardim. Sekin-asta rashk sabab oilamiz tinchi buzila boshladi. Shunda bir ustozim: “Qachon ayolingning iymonini butun qilib, Allohni tanitsang, o‘shanda oilang tinchiydi. U sovet tuzumi ta’sirida katta bo‘lgan, shuning uchun undan xafa bo‘lma”, dedi. Shundan so‘ng asta-sekin dinimizda ayolning va erkakning o‘rni qanday bo‘lishi kerakligini tushuntirib, o‘rgatib bordim. Oradan 10 yillar o‘tib, bu o‘z samarasini bera boshladi. Har bir muvaffaqiyatli erkakning ortida uning ayoli turadi. Bugun turmush o‘rtog‘imga rahmat deyman. Noto‘g‘ri tushunilmasin-u avval meni besh metr naridan o‘tib ketgan raqqosadan rashk qilgan ayolim, hozir hech bir og‘rinishsiz, rashk qilmay meni o‘zi uylantirishga qodir darajada iymonli bo‘ldi.

**“O‘g‘il bola tarbiyasida Ronaldo qilmagan ishni qildim”**

— Oilamni ham, farzandlarimni ham diyonatli qilib tarbiyalaganman. Allohga shukr, uch qizim va bir o‘g‘lim bor. Hammalari Allohni tanigan, Uning kalomini tilovat qiladigan va menga qoriya bo‘lishga va’da bergan farzandlar. Shuning uchun ko‘chada bexavotir yuraman.

Biroq farzand o‘stirishda o‘g‘il bola tarbiyasi qiyin bo‘lar ekan. Atrofidagi do‘stlari “Nima qilasan ishlab, otangning topgani yetadi senga”, deb qandaydir maslahatlar berishadimi, bilmayman, biroz dangasaroq, tan olishim kerak, yalqov. Yonimda bir shogirdim bor, o‘g‘lim ikkisi tengdosh. O‘g‘limga: “Nimaga undek mehnat qilolmaysan?” deyman. Bunda o‘zimning ham aybim bor. Tan olaman, bitta o‘g‘il deb erkalatib yubordim.

Shuning uchun hali do‘stlari erishmagan narsalarga o‘g‘lim olti-yetti yil avval erishdi. Endi hozir u shu qulaylik zonasidan chiqolmayapti. Ronaldodek milliarder inson o‘g‘liga bitta narsani shunchaki olib bermay, aksincha o‘zi ishlab topishini aytganini bilganimda, o‘g‘limni bularga oson yetishtirganim uchun pushaymon bo‘ldim. Mana shunda qayerda xato qilganimni bildim va o‘zimga o‘zim: “Sen kimsanki, hatto milliarder ham o‘g‘liga olib bermagan telefonni 10 yil avval farzandingga olib berding? Endi nima uchun o‘zingdan emas, o‘g‘lingdan xafa bo‘lasan?” dedim.

**“Qizimni uzatganimda ayolimdan ko‘proq yig‘ladim”**

— Qizimni uzatayotganimizda ayolimdan ham ko‘proq yig‘ladim. Bekorga qiz farzandni jannatning guli deyishmas ekan. Hozir ham, misol uchun, o‘g‘lim bir marta xabar olguncha, qizim 18 marta hol-ahvol so‘raydi. Yoshligida qizli bo‘ldim deb xafa bo‘lganlarga aytmoqchiman, men birinchi marta qizli bo‘lganimda juda xursand bo‘lganman. Chunki o‘sha paytlarda qanchadan-qancha o‘rtoqlarim befarzand edi. Berganiga shukr qildim. Shundan so‘ng Alloh o‘g‘il ham, yana ikki qiz ham berdi. Qizlarimni ismi bilan emas, “jannatlarim” deb chaqiraman. Qizi bor otalar eng baxtli otalardir, deydi Anvar Sobirov.

charitypersonal growthfamilyinterviewcareerparentinganvar sobirovreligion