Layfstayl

Qarshiliklarga qaramay rus qiziga uylagan va taniqli vaynerni kelin qilgan Muhammadali Abduqunduzov 74 yoshda (foto, video)

Qarshiliklarga qaramay rus qiziga uylangan va taniqli vaynerni kelin qilgan Muhammadali Abduqunduzov 74 yoshda (foto, video)

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov 14-iyul kuni 74 yoshni qarshi oldi. U o‘zbek kinosida birinchi bo‘lib Zahiriddin Muhammad Bobur siymosini gavdalantirgan. Shu munosabat bilan uzoq yillar Surxondaryo teatrida faoliyat yuritgan, bir necha yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan, o‘nlab spektakl va filmlarda turli xarakterdagi rollari bilan tomoshabinlar qalbidan joy olgan taniqli aktyorning hayot va ijod yo‘liga nazar tashlaymiz.

Muhammadali Abduqunduzov 1952-yilda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanining markazi — Yaypan qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning bobosi Ahmad Ali Yaypandagi katta choyxona egasi bo‘lgan. Shu sababli aktyor go‘dakligidan maktabni bitirguniga qadar o‘sha choyxonada, bobosining yonida ulg‘aygan.

**“Hamma ketganidan so‘ng shu suratning tagiga joy solib beraman, termulib yotaverasan”**

— Bobomning katta nabirasi bo‘lishimga qaramay, besh yoshimdan choyxonadagi ishlarga jalb qilinganman. Suv keltirish, o‘tin yorish, ko‘mir tashish kabi mayda yumushlardan boshlab, keyinchalik kattaroq ishlarni ham bajarganman. 11-sinfni bitirgunimcha mana shunday mehnat bilan katta bo‘ldim. Hayotning juda ko‘p murakkab va qiziqarli tomonlariga mana shu choyxonada guvoh bo‘lganman.

Undan tashqari, o‘sha paytda choyxonamizda buyuk ajdodlarimiz — Alisher Navoiy, Beruniy, Ibn Sino bobolarimizning katta portretlari osig‘liq turardi. Shular qatori Bobur hazratlarining ham suratlari bor edi. Ilk bor u zotning suratini mana shu yerda ko‘rgandim. Boshqalarning libosiga qaraganda Zahiriddin Muhammad Boburning kiyimlari juda chiroyliligi bilan diqqatimni tortardi. Ko‘p marta shu suratga termulib qolganimda, dadam rahmatli: “Muhammadali, mijozlar kutib qoldi, choynakni olib kel, choy damlab beray ularga. Kechqurun hamma ketgandan keyin shu rasmning tagiga joy solib beraman, termulib yotaverasan”, deb dashnom berardi. O‘shanda — besh yoshligimda, oradan 35 yil o‘tib, shu insonning obrazini O‘zbekiston televideniyesida ilk marotaba gavdalantirish menga nasib etishini Alloh yuragimga solgan bo‘lsa ajab emas.

**“Ota-onam aytganini qiladigan bola bo‘lganman”**

Yosh Muhammadali mas’uliyatli, ota-onasi buyurgan yumushlarni a’lo darajada bajarishga odatlangan farzand bo‘lgan.

— Otam paxta zavodida ishlagan. Onam uy bekasi edi, uydagi ishlar bilan band bo‘lardi. 14 yoshdaligimda dadam insult bo‘lib qoldilar. U paytlarda paxta qabul qilish jarayonida juda katta janjallar bo‘lardi. Ana shunday janjallarning birida, xo‘l paxtani qabul qilmasligini aytayotgan paytda yiqilib, qon tomirlari yorilib, yotib qolganlar. 40 kundan keyin o‘zlariga keldilar-u, baribir nogiron bo‘lib qoldilar. Shu sababli o‘smirlik paytimdan oilada erkak kishi qiladigan yumushlarning hammasi mening zimmamga o‘tdi. Onam yopib bergan nonlarni choyxonada sotardim. Bir oyda 20 qoplab sotib olingan unni o‘zim uyga tashib, taxlardim. Ammo o‘shanda 70 kilolik un qopini ko‘tarish hazilakam ish emasligini o‘yab ham ko‘rmasdim. Chunki shu ishlarni qilishga majbur edim.

**“Qayerda matematika fani yo‘q bo‘lsa, o‘sha o‘qishga kiraman”**

Aktyor 1970–1974-yillarda Toshkent davlat san’at institutida ta’lim oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalishni tanlashiga qaysidir ma’noda matematika fanini yomon ko‘rgani ham sabab bo‘lgan.

— Maktab paytlaridanoq aktyorlikka havasim bor edi. Komsomol yubileyi munosabati bilan kompozitsiya tayyorlanib, Abdulla Nabiyev pyesasidan kichik lavha sahnalashtirilishi kerak bo‘ldi. O‘shanda Abdulla Nabiyev roli uchun tanlov e’lon qilindi. 60-70 nafar maktab o‘quvchisi qatnashgan kastingda bu rol 14 yoshli menga nasib etdi. Ana shu rolni ijro etganimdan so‘ng ko‘nglimda san’atkor bo‘lish istagi paydo bo‘ldi. Juda kuchli xohish bo‘lmagan bo‘lsa ham, harqalay yaxshi kasb ekan, deb qo‘ygandim.

Lekin uydagilarning xohish-qistovi bilan san’at yo‘nalishiga emas, Toshkent davlat universitetining geografiya fakultetiga hujjat topshirdim. Chunki ota-onam pedagog bo‘lishimni istashgandi. Geografiya fanini yaxshi ko‘rardim. Lekin bu fakultetda ham birinchi imtihon matematika ekanini bilmagan ekanman. Maktabdagi eng yomon ko‘rgan fanlarimdan biri shu edi. U paytlarda “o‘qishga kirolmadim” deb qishloqqa qaytib borish uyat hisoblanardi. Poytaxtda xolam yashab, novvoylik qilardilar. U kishi menga: “Uyga o‘qishga kirdim, o‘qiyapman, degin. Keyingi yil o‘zing xohlagan o‘qishga kirib olasan”, deb maslahat berdi. Qaysi yo‘nalishni istashimni so‘raganida: “Qayerda matematika fani yo‘q bo‘lsa, o‘sha yerga kiraman”, deb javob berdim.

So‘ng bir yil davomida xolamnikida yashab, ularga yordamlashib, surishtirib ko‘rsam, faqatgina o‘zim sal tushunadigan san’at institutida matematikadan imtihon yo‘q ekan. Shu bilan san’at yo‘nalishiga hujjatlarimni topshirib, o‘qishga kirdim.

**“Yangi, oq ko‘ylakni rasvo qilibsan”**

— Abdulla Nabiyev rolini o‘ynaganimda, bu obraz uchun oq ko‘ylak kerakligini aytishdi. Qahramonning o‘limoldi, qiynalgan sahnasini ijro etish uchun oq ko‘ylakni yirtib, qizil bo‘yoqqa bo‘yab kiyishim kerak ekan. Aksiga olib, u vaqtlarda kiyim-kechak unchalik ko‘p bo‘lmagan. Mening oq ko‘ylagim yo‘q edi. Lekin dadamning yangiroq bir oq ko‘ylagi bor ekan. Shuni hech kimga bildirmay olib, yirtib, bo‘yab, spektaklda o‘ynadim. So‘ng ko‘ylakni qog‘ozga o‘rab uyga kelsam, onam bilan dadam o‘tirishgan ekan. Onam qo‘shnimiz to‘y qilayotganini, dadam oq ko‘ylagini kiyib to‘yga chiqmoqchiligini, ammo uni topolmayotganliklarini aytib, ko‘rgan-ko‘rmaganimni so‘radi.

Ko‘ylakni ko‘rganimni, topib berishimni, biroq uni endi kiyib bo‘lmasligini aytdim. Nega deb so‘rashganida, qog‘ozni ochib ko‘rsatdim. Onam “voy, sho‘rim”, deb yubordi. Dadam ko‘ylakni nima qilganimni so‘radi. Spektakl uchun shunday qilishga majbur bo‘lganimni tushuntirdim. Shunda dadam: “Hali bir ishning boshini tutib, maosh olib, menga bitta ko‘ylak olib berasanmi-yo‘qmi, lekin tuppa-tuzuk ko‘ylakni rasvo qilibsan”, dedi.

O‘sha kuni payti kelib, maosh olganimda dadamga o‘nta ko‘ylak olib berishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim. Keyinchalik Termizda birinchi maoshimni olganimda, rostdan ham 10 ta ko‘ylak sotib olib, dadamga berdim. Dadam hayron bo‘lib: “Nima, umrimning oxirigacha yetadigan ko‘ylak olib keldingmi? Shunchasini nima qilaman?” dedilar. Ularga bir necha yil avvalgi voqeani eslatib, ko‘ylaklarni ilk maoshimdan olganimni aytdim. Ular bilan o‘tgan o‘sha damlarni juda sog‘inaman.

**“Yuqori tashkilot aralashuvi sabab Milliy teatrga bizni emas, boshqalarni olishdi”**

Muhammadali Abduqunduzov garchi o‘zi xohlar-xohlamas, bir yildan keyin qaytib kelish niyati bilan Mannon Uygʻur nomidagi Surxondaryo viloyat teatriga ketgan bo‘lsa-da, keyinchalik bu yerda 11 yil davomida samarali mehnat qilganidan sira pushaymon emasligini aytadi.

— 1974-yilda o‘qishni tugatganimizda, men va bir kursdoshim rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning taklifi bilan Milliy teatrda qolishimiz kerak edi. Ammo vazirlikdan bizni emas, birga o‘qigan boshqa ikki kursdoshimiz — O‘zbekiston xalq artisti Elyor Nosirov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, marhum Baxtiyor Qosimovni teatrda olib qolish haqida topshiriq bo‘lgan. Shu sababli o‘sha paytdagi Hamza (hozirgi Milliy) teatrida qolmadik.

Diplom spektaklimizni topshirganimizdan keyin Surxondaryo teatrining bosh rejissyori kelib, bizni ishga taklif qildi. Boshida bundan juda xafa bo‘ldim. Chunki avvaliga spektaklimizni ko‘rib, Bahodir Yo‘ldoshev teatrga olgandi-yu, so‘ng yuqori tashkilot aralashuvi bilan ro‘yxatdan o‘chib ketdik. Albatta, Elyor Nosirov Halima Nosirovaning jiyani, Baxtiyor Qosimovning otasi ham shu teatrda ishlaganini tushunardim. Barchasini anglasam-da, baribir bu holat yuragimga og‘ir botdi. Ketishimdan avval Hamza teatrining yonida uzoq vaqt turdim va ichimda: “Bir kun baribir shu teatrga qaytib kelib, ishlayman”, deb ahd qildim.

O‘shanda kursimizdan men bilan birga 10 nafar yosh viloyat teatriga yo‘l oldik. Bir yil ishlab qaytib kelaman, degan xayol bilan ketib, o‘n bir yil o‘sha yerda qolib ketdik. Lekin u yerga borganimga hech ham pushaymon bo‘lmadim. Hamma narsaning bir xayrli tomoni bo‘larkan. 29 yoshimda aynan o‘sha yerda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvonini oldim. Qolaversa, shu yerda ikki farzandim dunyoga keldi.

**“Toshkentga qaytishimga Zikr Muhammadjonov sabab bo‘lgan”**

— Termiz teatrida “Qizil yaylovdagi ko‘k tulporlar” spektaklini sahnalashtirgan edik. Xuddi shu asar Hamza teatrida ham qo‘yilgandi. Poytaxtda men yaratgan obrazni SSSR xalq artisti Zikr Muhammadjonov o‘ynagandi. Keyinchalik, ushbu spektaklini birgalikda ijro etish uchun Zikr aka Termizga taklif etildi. Spektakl tugaganidan so‘ng u kishi menga: “Yaxshi aktyor ekansan, bu yerda nima qilib yuribsan? Hamza teatrida ishlashing kerak. Seni olib ketamiz”, dedilar.

Ayolim u yerda grimm rassomi edi. Hamza teatrida ham grimm ustasiga ehtiyoj bor ekan. Shu sababli o‘sha yili avval ayolim, oradan bir yil o‘tib men ham Hamza (hozirgi Milliy) teatga ishga o‘tdik. Shu tariqa, 1986-yil 13-yanvar kunidan e’tiboran Hamza teatrida ish boshladim.

**Oilasi haqida**

Aktyor Muhammadali Abduqunduzov 1975-yilda Valentina ismli rus qizi bilan oila qurgan.

— Termiz teatrida “18 yoshligim” nomli spektaklini sahnalashtirayotgan edim. Rahbariyatning chaqiruvi bilan Valentina Toshkentdan bizga yordamga keldi. Chunki u paytlarda viloyat teatrlarida mutaxassis xodimlar biroz taqchil edi. Valentina bilan repetitsiya jarayonida tanishdik, asta-sekin o‘rtamizdagi munosabat muhabbatga aylandi. Avval isu islom dinini qabul qildi, shundan so‘ng shar’iy va qonuniy nikohdan o‘tdik.

Boshida ayolim o‘zbek tilini umuman bilmasdi, urf-odat va an’analarimiz ham unga mutloq begona edi. Ketma-ket ikki o‘g‘il farzandli bo‘ldik. U paytlarda rus tilini bilmaslik uyat sanalgani, busiz karyera qibly bo‘lmasligi haqida o‘yab, farzandlarimni rus maktabiga berishga qaror qilgandim. Ammo ayolim menga qarshi chiqib, o‘g‘illarimiz o‘zbek maktabiga borishlarini qat’iy istadi. Onasi tilni yaxshi bilmagani uchun boshida bolalar maktabda biroz qiynalishdi.

Albatta, rus qiziga uylanganim onamga ma’qul kelmagan. Hayotimdagi bu burilish oilada katta nizo va muhokamalarga sabab bo‘lgan. Keyinchalik bolalar ulg‘ayib, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim bilan quda bo‘lganimizdan keyin munosabatlar ancha yumshadi. Ayniqsa, onam qattiq betob bo‘lib, jigar xastaligiga chalinganida, ayolim u kishini sidqidildan parvarishlab, duolarini oldi. Shukrki, kech bo‘lsa-da, hammasi joy-joyiga tushdi.

Inson ko‘ngli istamagan odam bilan yashay olmaydi. Yashagan taqdirda ham, uydan tushunmovchilik va ziddiyatlar arimaydi. Ayolim san’at sohasini yaxshi tushungani uchun spektakl yoki kinolardagi sahnalarini berilib o‘ynashimni maslahat beradi. Agar u boshqa soha vakilasi bo‘lganida, vaziyat mutloqo aksincha bo‘lishi mumkin edi. Chunki o‘rinsiz rashk ijodkorni sindiradi. Turmushimiz davomida bir-birimizni avaylab, ahil yashab kelyapmiz.

**“Xizmat ko‘rsatgan artist bo‘lib vazirning huzuriga kirolmasam, bu nimasi?”**

Aktyor 1996–2000-yillarda rahbarlik lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.

— Toshkentga — Milliy teatrga kelganimdan keyin shtatda aktyorlik o‘rni bo‘lmagani uchun bir yil davomida bosh rejissyorning adabiy maslahatchisi lavozimida, aniqrog‘i, tug‘ruq ta’tiliga chiqqan xodimaning o‘rnida ishladim. Bu lavozimda ishlash uchun yozuv-chizuvni bilish kerak edi, bir yil shu yumushlar bilan band bo‘ldim. Vazirlikka borib, vazir bilan uchrashmoqchi bo‘lsam, yordamchisi qabuliga kirishga qo‘ymasdi. “Nima iltimosingiz bor, oldin menga ayting, keyin ko‘rib chiqamiz”, derdi. O‘shanda “Bu qanaqasi? xizmat ko‘rsatgan artist bo‘lib, vazir yoki uning o‘rinbosari qabuliga kirib dardimni aytolmasam?” deganman. Chunki o‘shanda aktyor bo‘la turib, nima sababdan boshqa lavozimda yuribman, deb qiynalib yurgan paytlarim edi.

Vazirlik binosining yo‘laklarida mana shunday o‘ylar bilan yurganimda, yaqin kelajakda o‘zim aynan shu yerga vazir muovini bo‘lib ishga kelishimni xayolimga ham keltirmagan ekanman.

**“Bobur rolini ijro etganim uchun ko‘chada ham yengil-yelpi kiyinishga haqqim yo‘q”**

1990-yilda ekran yuzini ko‘rgan “Bobur” tarixiy videofilmida Muhammadali Abduqunduzov ushbu ulug‘ siymoning obrazini o‘zbek kinosida birinchi bo‘lib gavdalantirgan. Oradan qariyb 36 yil o‘tgan bo‘lsa ham, muxlislar aktyorni hamon Bobur obrazi bilan eslashadi. San’atkorning aytishicha, uni o‘z ismi bilan emas, “Bobur Mirzo” deb chaqiradiganlar ham talaygina.

— Film chiqqanidan buyon Bobur hazratlarining xayoli bilan yashayman, u zotning ruhi bilan uyg‘onaman. Chunki qayerga bormayin — xoh u to‘y-ma’raka, bozor yoki teatr bo‘lsin — tomoshabin menga hamon Bobur obrazining prizmasi orqali qaraydi. Ekrandagi ulug‘vor holat bilan hayotdagi shaxsimni taqqoslashadi. Shuning uchun yengil-yelpi kiyimlarda ko‘chaga chiqishga ham haqqim yo‘q deb hisoblayman.

Ba’zilar “Muhammadali aka” desa, boshqalar “Bobur aka” deb murojaat qilishadi. Bunga allaqachon o‘rganib qolganman. Mana shunday buyuk ajdodimizning obrazini yaratganimdan behad baxtiyorman. Ushbu videofilmdan keyin anglaganmanki, Bobur hazratlari xalqimizning eng sevimli tarixiy qahramonlaridan biri ekan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, hozirgi kunda 35-36 yoshga kirgan yigit-qizlarning ko‘pchiligiga o‘sha filmning ta’siri ostida Bobur, Xonzodabegim, Kamron, Humoyun deb ism qo‘yilgan.

**“Bobur rolini Yodgor Sa’diyevdan boshqa hech kim o‘ynay olmaydi, deyishgan”**

— Bobur rolini Yodgor Sa’diyevdan boshqa hech kim o‘ynay olmaydi, deb turilgan bir paytda, mas’ullarga: “Surxondaryodan Muhammadali Abduqunduzov degan aktyor kelgan. ‘O‘tkan kunlar’ spektaklida ham Abdulla Qodiriy, ham Otabek obrazlarini ijro etgan. Shu aktyorni bir ko‘ringlar”, deb maslahat berishgan. Shundan so‘ng meni suhbatga chaqirishdi va agar menga shu rolni ishonishsa, eplay olish-olmasligimni so‘rashdi.

Bobur Mirzo bolaligimdan buyon meni o‘ziga rom etib kelgan qahramon edi. Termizda ishlab yurgan paytlarimda u zot haqida “Yulduzli tunlar” romani chop etilgandi. Bu asarni deyarli yoddan bilardim. Agar qachondir Bobur haqida film yoki spektakl ishlansa-yu, unda rol ijro etsam, qaniydi, deb niyat qilardim. Ammo kutilmaganda orzum ushalish arafasiga kelganda, yuragimda qo‘rquv va hayajon paydo bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, filmning bir epizodini sinov tariqasida suratga olib ko‘rishgach, meni ushbu bosh rolga tasdiqlashdi va ijodiy ishlar boshlanib ketdi. Suratga olish jarayonlari rosa 14 oy davom etgan.

**Aktyorning armoni**

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Bobur nomidagi xalqaro mukofot laureati, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, 72 yoshida o‘zi bitirgan oliygohning professori unvoniga erishgan va 2020-yildan buyon oliy ta’limda talabalarga dars berib kelayotgan Muhammadali Abduqunduzovning qalbida Gamlet rolini sahna va ekranda yaratish eng katta armon bo‘lib qolgan.

Bugungi kunda Muhammadali Abduqunduzov Jahongir va Sardor ismli farzandlarining otasi bo‘lishi bilan birga, besh nafar nabiraning suyukli bobosidir. Aktyorning Muzaffarshoh ismli nabirasi taniqli vayner Aisha Ibrahimzade bilan oila qurgan. 2026-yilning 30-may kuni aktyor evarali bo‘ldi.

educationpersonal lifeuzbek actorfamilyachievementsmuhammadali abduqunduzovbobur rolecareer