“Xafalikdan so‘ng ko‘rinishimni o‘zgartirganman”. Aktrisa Sevara Soliyeva san’atdan ko‘ngli qolgani, ro‘molga kirishiga nima sabab bo‘lgani haqida

“Xafalikdan so‘ng tashqi ko‘rinishimni o‘zgartirdim”. Aktrisa Sevara Soliyeva san’atdan ko‘ngli qolishi va ro‘molga kirishiga nima sabab bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
“Poyma-poy”, “Chol va nabira”, “Yozsiz yil” va “Tilim qursin” filmlaridagi rollari bilan tanilgan aktrisa Sevara Soliyeva “Darakchi” nashrining YouTube kanaliga intervyu berdi. Suhbat davomida u san’atdan ketish niyati yo‘qligi, oilaviy hayoti va ichki kechinmalari haqida gapirdi.
**“Katta filmlarda rol o‘ynashni sog‘indim”**
— Kinolarda rol ijro etishni, albatta, sog‘inaman. Chunki yoshligimdan aktrisa bo‘lishni orzu qilib, shu yo‘lda harakat qilganman. Shuning uchun kasbimni sog‘inaman va buni tabiiy holat deb bilaman. Mening holatimda bo‘lmagan, masalan, safarda yurgan yoki kasalligi tufayli sahnaga chiqa olmayotgan har qanday ijodkor ham baribir o‘z kasbini sog‘inadi.
**“Kinodan ketishga qaror qilmagan edim”**
— Kinodan butunlay ketishga qaror qilmaganman. To‘g‘risini aytsam, ro‘molda ham kinoda rol ijro etish mumkinligi haqida eshitgandim. Seriallarda ham ro‘molda rol ijro etayotgan ayollarni ko‘rganman. Shu sababli “bu mumkin ekan-ku” deb o‘ylaganman. Hatto bir serialda ro‘molda rol ham o‘ynaganman, deydi aktrisa.
**“Sabrli bo‘lish oson emas”**
— Avvalo, bu qarorga kelishim oson bo‘lmagan, hali ham oson emas. Tengdoshlarim, hamkasblarim unvonlar olayotganini ko‘rib, ularga havasim keladi. Yuqorida aytganimdek, kinoni baribir sog‘inaman, ba’zida nafs o‘ynab qoladi. Endi bu tabiiy holat. Lekin nafsni yengib, sabr qilishni o‘zimga shior qilib olganman.
**“Xafalikdan so‘ng tashqi ko‘rinishimni o‘zgartirganman”**
— Bir narsadan sal xafa bo‘lganman. Chin yurakdan rollarimni ijro etardim, ko‘rsatuvlarda qatnashib, davlat tadbirlarida ham ishtirok etardim. Lekin o‘sha paytlar bular uchun mukofotlanmaganman. Hozir esa yoshlarni, hatto hali uncha ijod qilib ulgurmagan blogerlarni ham taqdirlab, ko‘nglini ko‘tarishadi. Bizga vaqtida bunday munosabat bo‘lmaganidan xafa bo‘lganman. Chin yuragimdan rol ijro etaman deb uyda, bolalarim bilan deyarli vaqt o‘tkazmasdim. Ularni qo‘shnimga qoldirib, ishga ketardim.
Taxminan, 2020—2021-yilning qishida “Hindi shou” ko‘rsatuvining syomkasi bo‘ldi. O‘shanda xo‘jayinim unda ishtirok etmasligini aytgandi. Shunday bo‘lsa ham, men bilan birga rol o‘ynashga majburlab, ko‘ndirganman. Kasal bolamizni ham olib, tog‘ga yo‘l olganmiz. Syomka maydonchasiga yetib borguncha yo‘llarda jarimalarga tushgandik. Kerakli kiyimlarni topib, hatto hind aktrisalarining mimikalarini o‘xshatishga qattiq harakat qilganman. Shou yakunida esa bizga emas, boshqalarga g‘oliblikni berishgan.
O‘shanda ishtirokchilardan emas, tashkilotchilardan qattiq xafa bo‘lganman. Chunki ular biz ko‘proq ijod qilganimizni, yoshimiz ham qolganlarnikidan kattaroqligini bilishardi. Lekin buni inobatga olishmadi. Shu holat menga juda yomon ta’sir qilgan. Baribir ijodkorning ko‘nglini ko‘tarib, xursand qilib turish kerak. Shuncha harakat qilib, hatto kasal bolani ham o‘zimiz bilan olib kelganimizning hech qancha hurmati yo‘q ekan. Shundan keyin san’atdan ko‘nglim butunlay qolib ketdi. Bu aytayotganlarim yosh ijodkorlarga hasadgo‘ylikdan emas, shunchaki o‘z qadrim pasaytirilgani uchun ichimdagilarini aytyapman.
Shu xafaligimdan so‘ng, yangi yildan tashqi ko‘rinishimni o‘zgartirdim (ro‘molga kirdim) va uchinchi farzandimga homilador bo‘ldim, deydi aktrisa.
**“Imkon berilganda ba’zi qarorlarimni yaxshilab o‘ylab ko‘rardim”**
— Agar hamma narsani boshqatdan boshlash imkoni berilganda, hayotimning har bir yo‘lini xuddi shunday qayta bosib o‘tardim. Faqat ro‘mol masalasini yana bir bor, yaxshilab o‘ylab ko‘rardim. Aslida “agar” so‘zini ishlatib bo‘lmaydi. Shuning uchun taqdirimdan roziman va xursandman. Vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi, shunday bo‘lishi kerak ekan, bo‘ldi, boriga shukr. Eng asosiysi, farzandlarimiz, o‘zimiz, ota-onam, qaynona-qaynotam — hammamiz sog‘-salomatmiz. Ularning orzulariga erishib yurishi men uchun eng katta baxt.
**“Uyda o‘tirgan ayollarga ‘Oskar’ berish kerak”**
— Aktrisalik faoliyatim davomida uydan ko‘ra ko‘proq ko‘chada vaqtim o‘tgan. Bu holat, xohlaysizmi-yo‘qmi, oilaga ta’sir qilarkan. “Oilani tanlaysizmi yoki san’atni?” deb savol berganlarga “oilamni” derdim-u, baribir har ikkisini teng olib borishga harakat qilardim. Ishlamay, uyda o‘tirganimdan keyingina tushundimki, uy bekalari alohida olqishga loyiq ekan, ularga “Oskar” bersa arziydi. Farzandlariga enagasiz, o‘zi qaraydigan onalarga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.
Qo‘limda yosh bola bilan uyda o‘tirishni boshlaganimdan keyin, ko‘chadagi boshqa yosh bolali ayollarga boshqacha nazar soladigan bo‘ldim. Men asabiylashib ketadigan vaziyatlarda ularning vazmin turishlarini ko‘rib qoyil qolardim. Haqiqiy hayotning qiyinchiligini 31 yoshimdan keyin, uchinchi farzandli bo‘lganimdan keyin anglab yetdim, deydi u.

