Dunyo

Avstraliya Telegram’ni sudga berdi, messenjer bloklanishi mumkin

Avstraliya hukumati Telegram messenjerini "terrorizmga moyil" materiallarni, jumladan, Kraystcherchdagi otishmalar videosini olib tashlamagani uchun sudga berdi. Bu haqda mamlakatning elektron xavfsizlik bo‘yicha komissari Juli Inman-Grant BBCga ma'lum qildi.

Telegram "Onlayn xavfsizlik to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq xavfsizlik majburiyatlarini bajarmagani uchun 54,6 million Avstraliya dollari (38 million AQSH dollari) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Bunga messenjerning "yaqin tarixdagi eng mashhur ekstremistik zo‘ravonlik harakatlariga aloqador" kontentni ogohlantirishdan keyin ham olib tashlamagani sabab bo‘lmoqda.

"Bu barchamizga taalluqli bo‘lishi kerak. Hech qaysi platforma qonundan ustun emas", dedi komissar Inman-Grant.

Telegram matbuot kotibi platformaning terrorizmga qarshi "keng ko‘lamli" sa’y-harakatlari "yaxshi hujjatlashtirilgani"ni ta’kidladi. "Biz bu ayblovlarni rad etamiz va sudda bahslashamiz", deyiladi bayonotda.

Inman-Grantning so‘zlariga ko‘ra, uning agentligi 2024-yil mart oyida Telegram terroristik va ekstremistik materiallarga qanday kurashayotganini o‘rganishni boshlagan. U platforma "topish juda oson" bo‘lgan ekstremistik kontentni joylashtirish uchun "ruxsat beruvchi muhit"ni saqlab qolganini aytdi. "Bu foydalanuvchilarni ba’zan radikallashtirishga xizmat qiladi", dedi u.

Komissar, shuningdek, platformadan "ba’zan hujumlarni rejalashtirish uchun foydalanilganini" ta’kidladi. Telegram’da mavjud bo‘lgan ekstremistik kontentga 2019-yilda Kraystcherch masjidi va 2022-yil may oyida Buffalodagi otishma videolari, shuningdek, terrorchilarning qatl etilishi videolari kiradi.

"Dekabr oyida Bondi shahridagi yahudiy festivaliga uyushtirilgan hujumning og‘riqli oqibatlari avstraliyaliklar ongida saqlanib qolgani sababli, raqamli platformalar jamiyatni himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi har qachongidan ham muhimroq", dedi Inman-Grant.

Inman-Grant Avstraliya Telegram kabi platformalar uchun litsenziya bermasligini taʼkidladi. "Ammo biz federal sudga murojaat qilib, xizmatni to‘xtatishni so‘rashimiz mumkin. Biz hech qachon bu kuchdan foydalanmaganmiz. Ko‘ramiz, bu ishlarning oqibati nima bilan tugaydi va bunday harakatga asos bormi yoki yo‘q", deya xulosa qildi u.

Bu eʼlon Rossiya Telegram asoschisi Pavel Durovni "terrorizmda ko‘maklashish"da ayblab xalqaro qidiruvga berganidan bir kun o‘tib eʼlon qilindi. Bunga Telegram Ukraina maxfiy xizmatlari tomonidan rossiyaliklarni go‘yoki "diversion-terrorchilik" harakatlari uchun yollashda foydalanilgan "Dayvinchik" botini o‘chirmagani sabab bo‘lgan.

Maʼlumot uchun, eSafety regulyatori 2025-yil fevral oyida platformada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va ekstremistik materiallarga qarshi qanday kurash olib borayotgani haqidagi savollarga o‘z vaqtida javob bermagani uchun Telegram’ni 1 million Avstraliya dollari miqdorida jarimaga tortgandi.

telegramterrorismaustraliacensorshiplegal actionextremismonline safetycontent moderation