Atlantikada 74 yil avval halokatga uchragan samolyot qoldiqlari topildi

**74 yil avval Atlantika okeanida halokatga uchragan samolyot qoldiqlari topildi**
Air/Sea Heritage Foundation, Deep Sea Vision va Discovery Channel telekanalining "Expedition Unknown" hujjatli ko‘rsatuvi tadqiqotchilari Atlantika okeaniga qulagan "Clipper Endeavor" (Douglas DC-4) samolyotining ilk tasvirlarini qo‘lga kiritdi. Pan American Airways aviakompaniyasiga tegishli ushbu yo‘lovchi samolyoti 1952-yil 11-aprelda o‘ng qanotidagi dvigatellar ishdan chiqqani sababli halokatga uchragan edi. Bu haqda "Meduza" xabar berdi.
O‘sha kuni "Clipper Endeavor" Puerto-Rikodagi Isla-Grande aeroportidan Nyu-Yorkning Aydlvayld aeroportiga (hozirgi Jon F. Kennedi aeroporti) parvoz qilgan. Samolyot yetti yildan beri ekspluatatsiya qilinayotgan bo‘lib, kapitan Jon S. Byornning o‘n yildan ortiq ish tajribasi bor edi.
Parvozdan ko‘p o‘tmay, 3-dvigatel tebrana boshlagan va quvvatini yo‘qotgan. Kapitan Byorn samolyotni aeroportga qaytarishga uringanida, 4-dvigatel ham ishdan chiqqan. Ikkala dvigatel ham o‘ng qanotda joylashgan edi. Byorn favqulodda vaziyat signalini berib, suvga qo‘nishga tayyorlana boshlagan. Qirg‘oq yaqinidagi kuchli shamol tufayli qo‘nish juda og‘ir kechgan. Samolyotning dum qismi uzilib ketib, u cho‘ka boshlagan.
Suvga urilish paytida bortdagi barcha yo‘lovchilar omon qolgan. Biroq, ular qattiq qo‘rqib ketgan va sarosimaga tushib, o‘rindiqlarini mahkam ushlab olgancha joylaridan turishdan bosh tortgan. Ekipaj qutqaruv sollarini tushirishga va barcha tirik qolganlarni qutqaruv nimchalari bilan ta’minlashga harakat qilgan. Ammo aksariyat yo‘lovchilar cho‘kayotgan samolyotni tark etishni istamagan va u bilan birga suv tubiga cho‘kkan. Bortdagi 69 kishidan faqat 17 nafari omon qolgan.
Aynan ushbu halokat aviatsiya xavfsizligi tizimida islohotlarga olib keldi. Xususan, ushbu fojiadan so‘ng bort kuzatuvchilari har bir parvozdan oldin yo‘lovchilarga favqulodda vaziyatda nima qilish kerakligini tushuntirishni boshladi. Bu yo‘riqnoma bugungi kungacha amal qiladi. Bort kuzatuvchilari yo‘lovchilarga samolyotdan chiqish joylarini, qutqaruv nimchalari qayerda joylashganini va ularni qanday shishirishni ko‘rsatib berishi shart.
"Expedition Unknown" ko‘rsatuvi ijodkorlari "Clipper Endeavor" qoldiqlarini Puerto-Rikoning shimoliy qirg‘oqlari yaqinida, 610 metr chuqurlikda topdi. Bunga chuqurlikda samolyot fyuzelyaji va dumini aniqlagan gidrolokatorli dron yordamida erishildi.
Ekspeditsiya jamoasi ilgari, 2024-yilda ham samolyotni topishga uringan edi, ammo ob-havo sharoiti bunga imkon bermagan. 2026-yil 2-iyun kuni dron Pan American logotipi tushirilgan bo‘laklarni topdi. Avvalroq Bagama orollarida Flamingo Air aviakompaniyasining Cessna 402C samolyoti halokatga uchrashi oqibatida bortdagi barcha 10 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

