Layfstayl

AQShdagi o‘zbek oilalari uchun psixologik platforma ishga tushirildi

AQShda istiqomat qilayotgan o‘zbek oilalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Moslashuv markazi USA axborot-psixologik platformasi ishga tushirildi. Loyiha oilalarning yangi muhitga moslashuvini yengillashtirish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash va psixologik qiyinchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

AQShda istiqomat qiluvchi o‘zbek oilalariga psixologik va axborot ko‘magini berishga qaratilgan "Moslashuv markazi USA" nomli yangi platforma ishga tushirildi.

Ushbu loyihaning tashabbuskori Ogayo shtatida yashovchi vatandoshimiz, psixologiya fanlari doktori, dotsent va amaliyotchi psixolog Abdurashid Turg‘unovdir.

Platformaning asosiy maqsadi AQShdagi hayotga moslashish jarayonida o‘zbek oilalariga amaliy yordam ko‘rsatish, er-xotin, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi sog‘lom munosabatlarni saqlash, shuningdek, maishiy va oilaviy nizolarning oldini olishdan iborat.

Loyiha muallifining ta’kidlashicha, oilalarda yuzaga keladigan ko‘plab muammolar mehr-muhabbat yoki o‘zaro hurmat yetishmasligidan emas, balki samarali muloqot qilish, his-tuyg‘ularni boshqarish va muammolarni konstruktiv hal etish ko‘nikmalarining yetarli emasligidan kelib chiqadi.

Platformada er-xotinlar o‘rtasidagi muloqot, hissiyotlarni boshqarish, farzand tarbiyasi, oilaviy nizolarni hal etish, migratsiyaning oilaviy munosabatlarga ta’siri hamda AQShning oilaviy qonunchiligiga rioya qilishga bag‘ishlangan materiallar muntazam e’lon qilib boriladi.

Shuningdek, xorijga ko‘chib o‘tgan vatandoshlarning yangi jamiyatga tezroq moslashishi, oilada sog‘lom muhitni saqlashi va zarur psixologik yordamga o‘z vaqtida murojaat qilishiga xizmat qiladigan amaliy tavsiyalar ham taqdim etiladi.

Ta’kidlanishicha, platforma faoliyati O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi tomonidan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash va milliy oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan uyg‘un tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Shu maqsadda loyiha muallifi Abdurashid Turg‘unov bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

usamigrationuzbek diasporapsychological supportfamily adaptationfamily counselingcultural integrationmental health