Siyosat

AQSHdan O‘zbekistonga yana 18 kishi deportatsiya qilindi

AQSHdan O‘zbekistonga yana 18 nafar shaxs deportatsiya qilindi

AQSH migratsiya qonunlarini buzganligi sababli deportatsiya qilingan 18 nafar O‘zbekiston fuqarosi maxsus charter reysi orqali Toshkentga yetkazildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lumot berdi.

Xabarga ko‘ra, ushbu fuqarolarning vataniga qaytarilishi O‘zbekiston va AQSHning tegishli idoralari o‘rtasidagi hamkorlik va muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar natijasida amalga oshirilgan.

Jarayon davomida deportatsiya qilingan fuqarolarning shaxsini aniqlash, zarur safar hujjatlarini rasmiylashtirish, tashkiliy-huquqiy masalalarni hal etish hamda ularning xavfsiz qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan migratsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, noqonuniy migratsiyaning oldini olish, fuqarolarning xorijdagi huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda zarurat tug‘ilganda ularni xavfsiz vataniga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda.

Iyun oyining boshida AQSH migratsiya qonunchiligini buzganligi uchun deportatsiya qilingan 24 nafar O‘zbekiston fuqarosi charter reys orqali Toshkentga olib kelingani haqida xabar berilgan edi.

AQSHdan uchgan charter reys 11-iyun tongida Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ngan. Vatandoshlarning qaytarilishi O‘zbekiston va AQSHning vakolatli idoralari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilgan.

repatriationuzbekistanmigrationcharter flightillegal immigrationusainternational cooperationdeportation