AQSH sudi Meta’ga 567 mln dollarlik maxsus jamg‘arma joriy etish majburiyatini yukladi

AQSH sudi Meta’ni 567 million dollarlik maxsus jamg‘arma tashkil etishga majbur qildi
AQSHning Nyu-Meksiko shtati sudi Meta kompaniyasiga 567 million dollarlik moliyaviy majburiyat yukladi va o‘smirlarning Facebook hamda Instagram’dan foydalanishiga bir qator cheklovlar qo‘ydi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Sudya Brayan Bidshayd Meta’ga avval hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan 375 million dollarlik fuqarolik jarimasiga qo‘shimcha ravishda 567 million dollarlik maxsus jamg‘arma tashkil etish majburiyatini yukladi. Shu tariqa, kompaniya zimmasiga yuklangan umumiy moliyaviy majburiyat 942 million dollarga yetdi.
567 million dollarlik jamg‘arma ijtimoiy tarmoqlarning o‘smirlarga yetkazgan zarari oqibatlarini yumshatishga yo‘naltiriladi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, uning 420 million dollari kelgusi besh yil davomida yoshlarga ruhiy salomatlik va xulq-atvor bilan bog‘liq tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan. Qolgan mablag‘ profilaktika, skrining, axborot kampaniyalari va boshqa choralarga yo‘naltiriladi.
Sud qarori faqat tovon puli bilan cheklanmadi. Kompaniya Nyu-Meksikodagi o‘smirlarning Facebook va Instagram’dan foydalanishini oyiga 90 soat bilan cheklashi kerak. Shuningdek, maktab vaqtida va tungi soatlarda voyaga yetmaganlarga push-xabarnomalar yuborishni o‘chirishi lozim.
Bundan tashqari, o‘smirlar postlardagi layklar sonini ko‘rishi uchun ota-ona roziligi talab qilinadi. Voyaga yetmaganlar bilan shahvoniy mazmunda muloqot qiluvchi sun’iy intellekt chatbotlariga yo‘l qo‘yilmaydi, yalang‘ochlik aks etgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tasvirlar esa xiralashtirilishi kerak. Ushbu talablar hozircha faqat Nyu-Meksiko shtati hududida amal qiladi.
Meta sud qaroriga noroziligini va uning ustidan shikoyat qilmoqchiligini bildirdi.
“Biz o‘smirlarni internetda himoya qilish borasida erishgan natijalarimizga ishonamiz va faktlarni noto‘g‘ri ko‘rsatuvchi da’volardan o‘zimizni himoya qilishda davom etamiz”, degan kompaniya vakili.
Meta’ga qarshi da’voni Nyu-Meksiko bosh prokurori Raul Torres 2023-yilda kiritgan edi. Bundan avval prokuratura maxfiy tekshiruv o‘tkazib, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini bola sifatida ko‘rsatuvchi soxta akkauntlar ochgan. Da’voda Facebook va Instagram bolalarni shahvoniy mazmundagi materiallar, jinsiy shilqimlik va odam savdosi bilan bog‘liq xavflardan yetarlicha himoya qilmagani aytilgan.
2026-yil mart oyida Nyu-Meksikodagi hakamlar hay’ati Meta’ni platformalar xavfsizligi haqida iste’molchilarni chalg‘itgan va bolalarni xavf ostida qoldirgan deb topgandi. Kompaniya shtatning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qonunlarini buzgani uchun 375 million dollar jarimaga tortilgan edi.
Sudya Bidshayd keyingi qarorda Meta platformalari foydalanuvchilarni o‘ziga qaram qilishi va ularni ekspluatatsiyadan yetarlicha himoya qilmasligi orqali jamoatchilikka zarar yetkazgan, degan xulosaga kelgan. Sud kompaniyaning AQSH Kommunikatsiyalar odobi to‘g‘risidagi qonunining 230-moddasi uni javobgarlikdan himoya qilish haqidagi vajini ham qabul qilmagan.
Shtat bosh prokurori Raul Torres qarorni boshqa shtatlar uchun ham namuna bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat sifatida baholadi.
“Nyu-Meksiko sudda yo‘l ochib berdi. Endi xuddi shunday inqirozga duch kelayotgan boshqa shtatlar va mamlakatlar uchun ergashish mumkin bo‘lgan yo‘l xaritasi mavjud”, degan u.
Reuters’ning yozishicha, avgust oyida Meta’ga qarshi yoshlar xavfsizligi bilan bog‘liq yana bir yirik federal sud jarayoni boshlanishi kutilmoqda.

