Texnologiya

Eron AQSHning kamida 12 shtati suv tizimlariga kiberhujum qildi — manba

Eron AQSHning kamida 12 shtatidagi suv tizimlariga kiberhujum uyushtirgan — manba

AQSHning kamida 12 ta shtatidagi suv ta’minoti tizimlarida kiberhujumlar qayd etildi. Rasmiylar bu hujumlar ortida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hakerlar turgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalar 5-avgust kuni CBS News telekanaliga ma’lum qildi.

Hujumga uchragan shtatlar orasida Michigan, Minnesota, Jorjiya, Nyu-Jersi va Janubiy Dakota bor. Xususan, Minnesotada 30 dan ortiq mahalliy suv ta’minoti tizimi zarar ko‘rgan. Jorjiya shtatida Atlanta atrofidagi 300 ming mijozga xizmat ko‘rsatuvchi Clayton County Water Authority tashkiloti iyul oyida kiberhujum sababli suv bosimi tushib ketganini bildirgan. Oqibatda aholiga suvni qaynatib ichish bo‘yicha ogohlantirish berilgan. Biroq bir necha soat ichida suv ta’minoti qayta tiklangan.

Ba’zi kommunal xizmatlar masofadan boshqarish imkoniyatini yo‘qotgan. Shu sababli mutaxassislar tizimni qo‘lda boshqarishga o‘tishga majbur bo‘lgan. Bir necha holatda hakerlar nasoslar, klapanlar va suv bosimini masofadan boshqarish imkonini qo‘lga kiritgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, hozircha kiberhujumlar ichimlik suvi sifatiga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Suv xavfsizligicha qolmoqda.

30-iyul kuni FBR, Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi hamda Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi ogohlantirish bilan chiqdi. Hujumchilar kamida yettita shtatdagi suv va oqova suv tizimlariga masofadan kirib olgani, oqibatda nazorat qilish funksiyasi yo‘qolgani ma’lum qilindi. Suv tashkilotlariga operatsion dasturlarni internetdan uzish, parollarni kuchaytirish va himoya tizimlarini oshirish tavsiya etildi.

Federal tergovchilar hujum ortida Eron hakerlari turganidan gumon qilmoqda. Ammo rasman hali hech kim ayblanmadi. Yuqoridagi holat 2023-yildagi CyberAv3ngers guruhi harakatlariga o‘xshab ketadi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga aloqador bu guruh o‘shanda standart parollardan foydalanib, suv tizimlarini boshqarish pultlariga buzib kirgan edi. Avvalroq Lixtenshteynda yirik kiberhujum sodir etilib, 31 ming kishining ma’lumoti o‘g‘irlangani haqida xabar berilgandi.

hakerlarkiberhujumsuv tizimlariinfratuzilma xavfsizligicyberav3ngerskiberxavfsizlikeronaqsh