Mahalliy

Andijonda Tracker’ga 21 nafar bog‘cha bolasini joylab, YTH sodir etgan ayolga sud hukmi o‘qildi

Andijonda Tracker avtomobiliga 21 nafar bog‘cha yoshidagi bolani joylab, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan ayolga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.

“Daryo” nashri tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, ushbu voqea 2026-yil 21-fevral kuni taxminan soat 8:00 da Xo‘jaobod tumanidagi Xo‘jaobod—Bobur transport yo‘lida yuz bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, 1986-yilda tug‘ilgan I.A. ismli ayol Yoshlar ishlari agentligida ish yurituvchi lavozimida faoliyat yuritgan. U tanishi X.A. bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida bolalar bog‘chasi tashkil etgan. Bog‘cha rasmiy hujjatlarda X.A. nomida bo‘lsa-da, ular birgalikda faoliyat yuritishgan. I.A. muassasada rasman ishlamagan, ammo o‘z uyining bir qismini ijara shartnomasi asosida bog‘cha sifatida foydalanishga bergan. Bog‘cha har kuni soat 07:00 dan 17:00 gacha ishlagan.

Qoidalarga ko‘ra, ota-onalar bolalarini bog‘chaga o‘zlari olib kelib, kechqurun qaytarib olib ketishlari kerak edi. Bog‘chaning tarbiyalanuvchilarni uylaridan yig‘ib kelish uchun alohida transport vositasi bo‘lmagan.

Shunga qaramay, I.A. ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida bolalarni shaxsiy avtomobilida uylaridan yig‘ib, bog‘chaga olib kelgan va ish vaqti tugagach, ularni yana uylariga yetkazib qo‘ygan.

Voqea sodir bo‘lgan kuni ham u soat 08:00 ga qadar 21 nafar bolani uylaridan yig‘ib, bog‘cha tomon yo‘lga chiqqan. Bolalar avtomobil salonining old va orqa qismiga, ayrimlari esa yukxona qismiga joylashtirilgan.

I.A. o‘z ko‘rsatmasida shunday degan: “Nurbuloq ko‘chasidan o‘tgan ikkinchi darajali yo‘lning o‘ng qatorida harakatlanayotganimda, chap tomonimdan rusumi aniqlanmagan avtomobil katta tezlikda o‘tib ketdi. Mashinamga juda yaqinlashgani uchun qo‘rqib ketib, beixtiyor rulni o‘ng tomonga burib yubordim. Natijada Tracker yo‘l chetidan chiqib, boshqaruvni butunlay yo‘qotdim va beton yoritish ustuniga borib urildim”.

Avtomashina ustunga qattiq urilishi natijasida uning orqa qismi burilib ketgan. Old yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan uch nafar bola zarba ta’sirida oldinga siljigan. Shundan so‘ng I.A. yig‘lab, atrofdagilardan yordam so‘ragan. Odamlar uni va bolalarni mashinadan chiqarib, tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib borgan.

Yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 6 yoshli M. ismli qizaloq og‘ir tan jarohati olgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, qizaloq to‘rt kundan so‘ng shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Shuningdek, yana bir nafar bola o‘rta og‘ir, olti nafar bola esa yengil tan jarohati olgan.

Sudlanuvchi sudda aybiga iqror bo‘lib, haqiqatan ham yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaganini va belgilangan talabdan ortiq yo‘lovchini avtomobilida olib yurganini bildirgan. Shuningdek, M.ning dafn marosimlariga imkoni darajasida moddiy yordam ko‘rsatganini, qilmishidan pushaymonligini va ikkinchi guruh nogironi ekanini aytib, jazo tayinlashda yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tuman sudi I.A.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybdor deb topgan. Unga nisbatan 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda 3 yil muddatga uy-joyini tark etishni to‘liq taqiqlash tarzida ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Avvalroq Xorazmda odam o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir etgan profilaktika inspektori qamalgan edi. Samarqandda velosipeddan yiqilgan 14 yoshli qizni bosib ketgan yuk mashinasi haydovchisi 6 yilga qamalgan.

uzbekistancriminal caseroad accidenttraffic violationchild fatalitynegligent drivingdaycare transportlegal verdict