Andijonda 21 nafar bolani bog‘chaga olib ketayotgan Tracker YTHga uchragani ma’lum bo‘ldi. Bolalardan biri vafot etgan
Hodisa Xo‘jaobod tumanida sodir bo‘lgan. 40 yoshli ayol ertalab 21 nafar bolani xususiy bog‘chaga olib ketayotganda mashina boshqaruvini yo‘qotgan. Oqibatda avtomobil yo‘l chetidagi beton ustunga borib urilgan. Ommaga oshkor qilinmagan ushbu YTHda 8 nafar bola turli darajada jarohatlangan. Ulardan biri 4 kun o‘tib vafot etgan.

Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida 21 nafar bolani bog‘chaga olib ketayotgan Tracker avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi (YTH) sodir bo‘ldi, natijada bolalardan biri vafot etdi. Bu haqda Kun.uz nashri sud hujjati bilan tanishib, xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, YTH 21-fevral kuni ertalab "Xo‘jaobod-Bobur" avtomobil yo‘lida yuz bergan. 40 yoshli I.A. ismli ayol o‘z boshqaruvidagi Tracker mashinasiga 21 nafar bolani mindirib, xususiy bog‘chaga olib ketayotganida boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda avtomobil yo‘l chetidagi beton ustunga borib urilgan.
YTH natijasida 8 nafar bola turli darajada jarohatlangan. Ulardan biri, 6 yoshli qizaloq og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, u 4 kundan so‘ng vafot etgan.
Haydovchi ayol suddagi ko‘rsatmasida bolalarni hatto mashina yukxonasiga (bagajiga) ham joylashtirganini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra: "Chap tomonimdan qandaydir mashina tezlik bilan o‘tdi. Ushbu holatdan qo‘rqib ketib, o‘zim bilmagan holda mashinamni o‘ng tomonga burib yubordim. So‘ng yo‘l chetiga chiqib, boshqaruvni butunlay yo‘qotdim va yoritish ustuniga urildim. Atrofdagilardan yordam so‘rab yig‘lab yubordim. Atrofdagi odamlar meni va bolalarni mashinadan chiqarib, shifoxonaga olib borishdi. Qoidalarga rioya qilmasdan 21 nafar bolani mashinaning old, orqa va "bagaj" qismiga chiqardim. Qilmishimdan pushaymonman".
Ayol 2-guruh nogironi ekanligini bildirib, suddan yengillik so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tuman sudi hukmi bilan I.A. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir etishda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 45 va 57-moddalarini qo‘llagan holda 2 yil muddatga mashina boshqarish huquqidan mahrum qilish va 3 yil muddatga uy-joyni tark etishni butunlay taqiqlash tarzidagi ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nurota tumanida 13 nafar bog‘cha bolasini tashib ketayotgan Matiz avtomobili YTHga uchragan va uni boshqargan ayol vafot etgandi.

