Mahalliy

YPX mototsikllari bilan to‘qnashgan Onix haydovchisi shifoxonada vafot etdi

Do‘rmon yo‘li ko‘chasida ro‘y bergan avariyadan keyin mototsikllardan birining haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan, to‘rt kishi – ikki mototsiklchi, chorrahada navbatchilikda bo‘lgan YPX xodimi hamda mototsikllar bilan to‘qnashgan Onix haydovchisi shifoxonaga yotqizilgandi. Fojiadan 11 kun o‘tib Onix haydovchisi vafot etdi, qolgan uch jabrlanuvchining ahvoli yaxshilangan.

YPX mototsikllari bilan to‘qnashgan Onix haydovchisi shifoxonada vafot etdi

Joriy yilning 16-iyul kuni Toshkent shahridagi Do‘rmon yo‘li va G‘azalkent ko‘chalari chorrahasida yuz bergan, Onix avtomobili va YPX inspektorlarining uchta patrul mototsikli ishtirokidagi avariya qurbonlari soni ortdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Onix haydovchisi 27-iyul kuni shifoxonada vafot etgan.

O‘sha kuni to‘qnashuvdan so‘ng mototsikldagilardan biri voqea joyida halok bo‘lgan edi. Yana to‘rt kishi – ikki mototsiklchi, chorrahada navbatchilikda bo‘lgan YPX xodimi hamda mototsikllar bilan to‘qnashgan Onix haydovchisi shifoxonaga yotqizilgan edi.

Qolgan uch kishining ahvoli yaxshilanib, ular umumiy bo‘limga o‘tkazilgan.

16-iyul kuni soat 18:30 atrofida 3 nafar yo‘l patrul xizmati inspektorlari patrul mototsikllarida Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotganida G‘azalkent ko‘chasidan chorrahaga kirib kelgan Onix rusumli transport vositasi bilan to‘qnashib ketgan edi.

Tarmoqlarda ushbu YTH kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani haqida taxminlar bildirilgan edi. YHXX esa bu ma’lumotni rad etib, asossiz xabar tarqatmaslikni so‘ragan edi.

Holbuki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvda ko‘rish mumkinki, chorrahada avtomobillar va piyodalar harakati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tartibga solib turilgan. Qora rangli furgon va yana bitta shu rangdagi avtomobil katta tezlikda o‘tib ketgandan so‘ng, yo‘l ochilib, harakatlanishga ruxsat berilgan. Svetoforda yashil chiroq yongan va yengil avtomobillar harakatlanishni boshlagan, ammo bu vaqtda kortej to‘liq o‘tib bo‘lmagan edi.

Bu xabar fonida O‘zbekiston prezidentining davlat xavfsizlik xizmati raisi Alisher Usmonov ishdan olindi.

tashkentcasualtiesonixalisher usmonovtraffic accidentroad patrol servicemotorcycle collisionpresidential security service