Mahalliy

Andijonda 21 nafar bog‘cha bolasini tashigan Tracker YTHga uchrab, 6 yoshli qiz vafot etdi. Haydovchiga uy qamog‘i jazosi berildi

Xo‘jaobod tumanida 21 nafar bog‘cha bolasini Tracker’da olib ketayotgan haydovchi YTH sodir etdi. Oqibatda 6 yoshli qizaloq halok bo‘lib, yana 7 nafar bola turli darajada jarohat oldi. Sud 3 yil muddatga ozodlikni cheklash hamda 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Andijonda 21 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Tracker avtomobili ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi (YTH) oqibatida 6 yoshli qizcha halok bo‘ldi. Haydovchiga uy qamog‘i jazosi tayinlandi.

"Gazeta" nashri Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida sodir bo‘lgan ushbu YTH va uning ortidan o‘tkazilgan sud jarayonini o‘rgandi. Sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 2026-yil 21-fevral kuni ertalab yuz bergan. O‘sha kuni haydovchi I.A. o‘zining Tracker avtomobilida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasining 21 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchisini bog‘chaga olib ketayotgan bo‘lgan.

Sud avtomobil haydovchisi Yo‘l harakati qoidalarining bir qator talablarini qo‘pol ravishda buzganini aniqladi. Xususan, u bolalarni tashishga mo‘ljallanmagan transport vositasida belgilanganidan ortiq yo‘lovchi bilan harakatlangan, bolalar guruhi uchun majburiy kuzatuvchi va maxsus belgilar bo‘lmagan, shuningdek, transport vositasining texnik imkoniyatidan ortiq odam olib ketilgan.

Harakat vaqtida haydovchi avtomobil boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi beton ustunga urilgan. Natijada 6 yoshli M.X. og‘ir tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan. Yana yetti nafar bola yengil va o‘rta og‘ir tan jarohatlari olgan.

Sud majlisida Irodaxon Abdirazakova aybiga iqror bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bog‘cha rasman boshqa shaxs nomida bo‘lsa-da, u sherigi bilan birgalikda undan foydalangan. "Bog‘chaning bolalarni uyidan olib kelish uchun alohida transporti yo‘q edi. Ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida ularni o‘zimning mashinamda olib kelib, keyin uylariga qaytarib qo‘yardim", — dedi u sud majlisida.

Sudlanuvchi voqea kuni ham bolalarni uylaridan yig‘ib kelayotganini bildirib, YTH qanday sodir bo‘lganini quyidagicha tushuntirdi: "Chap tomonimdan katta tezlikda bir avtomobil o‘tib, mashinamga juda yaqinlashib ketdi. Shundan cho‘chib, bilmagan holda rulni o‘ng tomonga burib yubordim. Mashina yo‘l chetiga chiqib ketdi va boshqaruvni butunlay yo‘qotib, beton ustunga urildi". U shuningdek, "Mashinamga 21 nafar bolani, jumladan salonning oldi, orqa qismi va hatto bagajiga ham chiqarganman. Qilgan ishimdan pushaymonman", — deya qo‘shimcha qildi.

Sudlanuvchi marhumaning dafn marosimiga moddiy yordam berganini, II guruh nogironi ekanini ham ma’lum qilib, suddan yengillik so‘radi.

Sudda so‘roq qilingan jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari farzandlari aynan I.A. tomonidan har kuni uyidan bog‘chaga olib ketilganini tasdiqladi. Halok bo‘lgan qizaloqning onasi qizi voqeadan so‘ng to‘rt kun reanimatsiyada yotib, keyin vafot etganini aytdi. Biroq u ham, boshqa jabrlanuvchilarning ota-onalari ham sudlanuvchiga nisbatan moddiy yoki ma’naviy da’vosi qolmaganini, yetkazilgan zarar qoplanganini va unga qonuniy yengillik berishni so‘rashdi.

Sud I.A.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan aybli deb topdi. Jazoni tayinlashda sud uning ayolligi, aybiga iqror bo‘lgani, chin ko‘ngildan pushaymonligi, ilgari sudlanmagani, yetkazilgan zararni qisman qoplagani, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etilgani kabi holatlarni inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘lladi.

Natijada sud unga 3 yil muddatga uy-joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlash tarzidagi ozodlikni cheklash jazosi va 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shuningdek, sudlanuvchiga nazorat organi ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Andijon viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik majburiyati yuklatildi.

Bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini xavfsizlik qoidalarini buzgan holda 4−7 o‘rinli avtomobillarda tashish O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan amaliyotdir. May oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragani xabar qilingandi. Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etgan, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.

Shundan so‘ng YHXX 1−8-may kunlari bolalarni transportda me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 125 ta holatni aniqlagan. Idora axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevga ko‘ra, ayrim holatlarda Damas’larda 25−28 nafargacha, Spark avtomobillarida esa 18 nafargacha bola tashilgan. Ta’kidlash joizki, bunday qoidabuzarlikning og‘ir oqibatlari haqida muntazam xabar va ogohlantirishlar berib kelinayotgani va nazorat tadbirlari o‘tkazilayotganiga qaramay, yo‘llarda bolalar hayotini xavfga qo‘yib, ularni sig‘imdan ortiq tashish holatlari tez-tez uchrab turadi.

uzbekistanlegal proceedingsroad safetychild deathtraffic accidentkindergarten transportreckless drivinghome arrest