Mahalliy

Advokatdan achchiq savol: nohaq tortib olingan 9 oylik umrning bahosi shuginami?

Nohaq ozodlikdan mahrum qilingan va hibsda sindirilgan har bir kun uchun atigi 57 ming so‘mdan

Advokat Behzodbek G‘aniyev o‘zining Telegram kanalida xabar berishicha, sud nohaq qamoqda saqlangan fuqaroga ma’naviy zarar uchun atigi 15 million so‘m undirish haqida qaror chiqardi. Bu esa advokatning keskin savollariga sabab bo‘ldi: "Nohaq tortib olingan 9 oylik umrning bahosi shuginami?"

B.G‘aniyev himoyasidagi fuqaro U.A. dastlabki instansiya sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi (soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 189-moddasi 1-qismi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 4 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Biroq, adolat uchun kurashdan so‘ng, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan U.A. oqlandi va reabilitatsiya qilindi.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, U.A. jami 8 oy 21 kun (shundan 4 oy tergov hibsxonasida, qolgani manzil-koloniyada) nohaq qamoq va ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan. Shu sababli, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga ma’naviy zarar undirish bo‘yicha murojaat qilingan. Sudning 2026-yil 23-iyuldagi hal qiluv qarori bilan ma’naviy zarar sifatida atigi 15 million so‘m undirib berildi.

"Bu degani: nohaq ozodlikdan mahrum qilingan va hibsda sindirilgan har bir kun uchun atigi 57 471 so‘m zarar hisoblangan! Bugungi kunda bu summaga oddiy kundalik ehtiyojlarni ham qoplab bo‘lmaydi. Inson qadri, uning ruhiy va jismoniy azoblari shunchalar qadrsizmi?" – deya advokat achchiq savollar qo‘yadi.

Huquqshunos o‘z postida sud amaliyotidagi "ikki xil o‘lchov" masalasini ham ko‘targan. Uning ta’kidlashicha, davlat foydasiga undiriladigan jarimalarni hisoblash mexanizmlari bilan solishtirganda farq sezilarli. Masalan, to‘lanmagan jarima og‘irroq jazoga almashtirilganda, ozodlikdan mahrum qilish jazosining har bir oyi bazaviy hisoblash miqdorining 16 baravariga tenglashtiriladi (bugungi kunda 1 oyi – 6 592 000 so‘m yoki 8 oy 21 kun uchun – 57 350 000 so‘m). Jazolar chegirilayotganda esa, qamoqda saqlashning bir kuni BHMning ikkidan bir qismiga tenglashtirib hisobga olinadi (bu hisob-kitobda 8 oy 21 kun qamoq uchun tayinlangan jarimadan 53 766 000 so‘m chegirib yuboriladi).

"Savol tug‘iladi: davlat foydasiga hisob-kitob qilinadigan paytda qamoqning bir oyi millionlab so‘mga baholanadi-yu, ammo nohaq qamalgan fuqaroning singan taqdiri, to‘kilgan ko‘z yoshlari va poymol bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari uchun bir kuniga atigi 57 ming so‘m ravo ko‘riladimi? Inson qadri qani bu yerda?" – deb yozadi advokat Behzodbek G‘aniyev.

Himoyachi bunday amaliyot nafaqat qonuniylikka, balki oddiy adolat mezonlariga ham zid ekanini urg‘ulab, sud qarori ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilishini ma’lum qildi.

human rightslegal reformcourt decisionappealjudicial injusticemoral damageswrongful imprisonmentlegal compensation