“99 foizi — ochilmagan orol”. Davlat xaridlarida chetlatilgan kompaniyalarga qarshi sun’iy intellekt orqali kurashiladi
Antikorrupsiya agentligi davlat xaridlarida tenderdan chetlatilgan kompaniyalar qisqa vaqt o‘tib yana g‘olib bo‘layotganini tan oldi. Muammoni 'Raqamli compliance' platformasi orqali hal qilish kutilmoqda. 'Davlat xaridlarining 99 foizi hali ochilmagan orol, „ot o‘yin“ bo‘lib yotibdi', — deydi Akmal Burxanov.

“99 foizi — ochilmagan orol”. Davlat xaridlarida chetlatilgan kompaniyalarga qarshi sun’iy intellekt orqali kurashiladi
2026-yilning birinchi yarmida umumiy qiymati 350 milliard so‘mlik 92 ta davlat xaridida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda 28-iyul kuni Antikorrupsiya agentligida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.
Agentlik mas’ul xodimi Jo‘rabek Beshimovning qayd etishicha, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan tashkilotlarga 210,1 milliard so‘mlik 46 ta taqdimnoma kiritilgan.
“Natijada shartnoma rasmiylashtirilguncha bo‘lgan jarayondagi 20 milliard so‘mlik 19 ta xarid bekor qilindi. Shuningdek, 16 nafar shaxs ma’muriy, yana 10 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi”, — deydi Beshimov.
Tadbirda “G‘azna” telegram kanali muallifi, data-jurnalist Nodir Norbo‘tayev davlat xaridlarida affillanganlik holatlari aniqlanib, tenderlar bekor qilinganidan keyin ham amalda shu kompaniyalar yana g‘olib bo‘layotgani haqida gapirdi.
Nodir Norbo‘tayev mustaqil ravishda E-tender portalidagi 2022-yildan beri bo‘lib o‘tgan 120 mingdan ortiq tenderlar bo‘yicha tahlil o‘tkazgan. Natija shuni ko‘rsatganki, affillanganlik yoki bir xil IP-manzildan ishtirok etilgani sabab bekor qilingan tenderlar 10−14 kundan so‘ng yana o‘tkaziladi. Affillangan deb topilgan kompaniya o‘rniga boshqa firma qo‘shiladi, qonunda belgilangan kamida ikki ishtirokchi talabi bajariladi va natijada yana o‘sha tashkilot g‘olib chiqadi yoki kompaniyalar o‘rin almashtirib qatnashadi.
Jurnalist bu kabi amaliyotni qonun talablarini chetlab o‘tish deb baholab, qonunchilikka bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan ishtirokchilarni 3 oydan 6 oygacha davlat xaridlarida qatnashish huquqidan mahrum qilish tartibini kiritish taklifini bildirdi. Uning fikricha, bu affillanganlik muammosini to‘liq hal etmaydi, ammo qonun talablarini ochiqchasiga chetlab o‘tishning oldini olishga xizmat qiladi.
Bunga javoban Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxanov jurnalist ko‘targan muammo agentlikka ham ma’lumligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir xil IP-manzildan ishtirok etgani uchun tender bekor qilinganidan keyin ham ayrim kompaniyalar qisqa vaqt o‘tib yana ishtirok etib, baribir davlat xaridida g‘olib bo‘layotgan holatlar uchramoqda.
Burxanovning ta’kidlashicha, joriy yil oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Raqamli compliance” platformasining davlat xaridlari moduli aynan shunday holatlarni avtomatik aniqlashga xizmat qiladi.
“Sun’iy intellekt yordamida bir marta chetlatilgan ishtirokchi keyingi tanlovda avtomatik ravishda qatnashtirilmaydi. Agar benefitsiar bitta bo‘lsa yoki o‘zaro bog‘liq ekani aniqlansa, tizim nafaqat o‘sha kompaniyani, balki u bilan bog‘liq subyektlarni ham avtomatik ravishda chetlashtiradi”, — deydi agentlik rahbari.
Burxanovning aytishicha, modulda shubhali holatlarni “red flag” orqali belgilash, insofsiz ijrochilar reyestriga kiritish va ular uchun cheklovlar qo‘llash mexanizmlari ham bo‘ladi. Shu munosabat bilan u ekspertlar va jamoatchilik vakillarini modul taqdimotiga taklif qilib, ularning takliflarini ham inobatga olishga chaqirdi.
“Bunday holatlar juda ko‘p. Masalan, avtobus bekatlari va shunga o‘xshash holatlarda ham rasman boshqa kompaniya ishtirok etgandek ko‘rinadi, ammo benefitsiari bir xil yoki o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun hozir aynan shu masala ustida ishlayapmiz”, — deydi Akmal Burxanov.
“Bugun siz bilan biz davlat xaridlarining atigi 1 foizini monitoring qila olyapmiz. Qolgan 99 foizi esa hali ochilmagan oroldek — kim nima qilsa qilyapti, „ot o‘yin“ bo‘lib yotibdi. Shuning uchun bunday holatlarni faqat avtomatik aniqlaydigan va cheklaydigan tizim orqaligina bartaraf etish mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

