Mahalliy

7,3 mlrd so‘mlik qalbaki dori vositalari ushlab qolindi

Toshkentdagi «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida Xitoydan olib kelingan 21 tonnadan ortiq qalbaki dori vositalari fosh etildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, vaqtincha saqlovga olingan kontrafakt mahsulotlarning umumiy qiymati 7,3 milliard so‘mdan oshadi.

7,3 milliard so‘mlik qalbaki dori vositalari to‘xtatib qolindi.

"Aviayuklar" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Xitoydan olib kelingan, og‘irligi 21 tonnadan ziyod bo‘lgan "Efba" nomli osma dori vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Tekshiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, bojxona yuk deklaratsiyasida dori Hindistonda ishlab chiqarilgani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, uning qadoqlari va yorliqlarida ishlab chiqaruvchi davlat va korxona haqida hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Shuningdek, dori idishidagi xitoycha yozuvlar ham mahsulotning Hindistonda emas, boshqa davlatda ishlab chiqarilganini tasdiqladi.

Tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, importchilar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazidan muvofiqlik sertifikatini olish uchun "Efba" dori vositasining Hindistonda ishlab chiqarilgan asl namunasini taqdim etgan. Keyin esa ushbu sertifikatdan foydalanib, katta hajmdagi kontrafakt mahsulotni mamlakatga olib kirishga harakat qilgan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, agar ushbu sxema fosh etilmaganida, 160 ming qutidan ortiq qalbaki dori vositasi ichki bozorga chiqarilib, aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin edi. Chunki "Efba" tarkibidagi levofloksatsin kuchli ftorxinolon guruhiga mansub antibiotik hisoblanadi.

Hozirda mazkur dori vositalari vaqtincha saqlovga olingan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

law enforcementpublic healthpharmaceuticalsinvestigationcustomssmugglingantibioticsfake medicine