40 ming dollar mukofot: Javohir Sindorov nufuzli turnirda ikkinchi bo‘ldi

40 ming dollar mukofot bilan Javohir Sindorov nufuzli turnirda ikkinchi o‘rinni egalladi.
AQSHning Sent-Luis shahrida bo‘lib o‘tgan “Grand Chess Tour” seriyasining navbatdagi bosqichi – “Saint Louis Rapid & Blitz 2026” turniri yakuniga yetdi. Musobaqada chempionlik uchun hindistonlik grossmeyster Rameshbabu Praggnanandha va o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov o‘rtasida qizg‘in raqobat kuzatildi.
Turnirning hal qiluvchi bosqichida Sindorov chempionlik uchun kurashni davom ettirish imkoniyatini saqlab qolgan edi. Ammo 17-turda Praggnanandhaga qarshi kechgan asosiy bahs durang bilan yakunlandi. Bu natija hindistonlik grossmeysterga musobaqa tugashiga bir tur qolganida chempionlikni muddatidan avval qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Shu tariqa, Rameshbabu Praggnanandha o‘z faoliyatida ilk bor “Saint Louis Rapid & Blitz” turnirining bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Bu muvaffaqiyat evaziga u 50 ming AQSH dollari miqdorida mukofot puli hamda “Grand Chess Tour” umumiy reytingi uchun muhim ochkolarga ega bo‘ldi.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov esa musobaqa davomida barqaror va yuqori darajadagi o‘yini bilan ajralib turdi. U turnirni ikkinchi o‘rinda yakunlab, 40 ming AQSH dollari miqdorida mukofot pulini qo‘lga kiritdi. Sindorov musobaqa davomida Praggnanandhaning eng yaqin raqibi bo‘lib qoldi va chempionlik uchun kurashni so‘nggi turgacha davom ettirdi.

