Javohir Sindarov Sent Luisdagi rapidni ikkinchi o‘rinda yakunladi
Javohir Sindarov AQShdagi Saint Louis Rapid & Blitz turnirining rapid qismida 18 ochkodan 11 ochko jamg‘arib, ikkinchi o‘rinni egalladi. U barcha to‘qqizta turni mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi va oldinda turgan blits bahslarida peshqadamlik qilayotgan Rameshbabu Pragnanandxani ortda qoldirish imkoniyatini saqlab qoldi.

Javohir Sindarov Sent-Luisdagi rapid shaxmat musobaqasida ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov nufuzli Grand Chess Tour seriyasining yakuniy bosqichi – Saint Louis Rapid & Blitz 2026 turnirining rapid bahslarida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
To‘qqiz turdan so‘ng O‘zbekiston vakili 11 ochko to‘plab, peshqadam hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxadan atigi bir ochko ortda qoldi. Uchinchi o‘rinni 10 ochko bilan amerikalik Uesli So egalladi.
Rapidda g‘alaba uchun ikki ochko, durang uchun bir ochko berildi. Sindarov ikkita g‘alabani qo‘lga kiritdi va yetti marta durang o‘ynab, barcha to‘qqizta partiyani mag‘lubiyatsiz yakunladi.
**Birinchi kun:**
Ishtirokchilar birinchi kuni uchta tur o‘tkazishdi. Sindarov musobaqani Anish Giriga qarshi durang bilan boshladi. Birinchi partiyada o‘zbekistonlik shaxmatchida g‘alaba qozonish imkoniyatlari bor edi, biroq endshpilda ustunlik boy berildi.
Ikkinchi turda u Vinsent Keymer bilan durang o‘ynadi. Muayyan bir paytda Sindarov murakkab pozitsiyaga tushib qoldi, ammo seytnotda uni ushlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston vakili turnirdagi ilk g‘alabasini uchinchi turda Yorden van Forest ustidan qozondi. Sindarov har xil rangdagi fillar va to‘ralar ishtirokidagi endshpilda g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Birinchi kundan so‘ng u maksimal olti ochkodan to‘rt ochko jamg‘arib, Uesli So bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishib oldi va Pragnanandxadan atigi bir ochkoga ortda qoldi.
“Umuman olganda, kunni plyus bir natijasi bilan yakunlaganimdan mamnunman, chunki Keymerga qarshi ikkinchi partiya murakkab kechdi. Muayyan bir paytda shunchaki mag‘lub bo‘layotgan edim, ammo seytnotda pozitsiyani saqlab qolishga erishdim”, — dedi Sindarov.
**Ikkinchi kun:**
Ikkinchi kuni Sindarov Pragnanandxa, Levon Aronyan va Fabiano Karuanaga qarshi uchta partiya o‘tkazdi.
To‘rtinchi turda Pragnanandxa hali debyutdayoq o‘zbekistonlik shaxmatchining filini tutib oldi va ortiqcha figuraga ega bo‘ldi. Biroq Sindarov vaziyatni murakkablashtirdi va umidsizdek ko‘ringan pozitsiyani saqlab qolishga erishdi.
Aronyanga qarshi keyingi partiyada esa Sindarov katta ustunlikka ega bo‘ldi va uzoq vaqt davomida g‘alabaga yaqin turdi. Keyinchalik pozitsiya raqib foydasiga o‘zgardi, ammo partiya yurishlar takrorlanishi bilan durang bilan yakunlandi. O‘yindan so‘ng o‘zbekistonlik shaxmatchi Aronyanga g‘alaba keltirishi mumkin bo‘lgan yurishni ko‘rsatdi.
“Partiya tugaganidan keyin buni unutish kerak, lekin bu oson emas”, — dedi Sindarov boy berilgan imkoniyat haqida gapirar ekan.
Oltinchi turda u Karuanaga qarshi yomonroq pozitsiyada bo‘ldi. O‘zbekistonlik shaxmatchi bir nechta aniq himoya yurishlarini topib, amerikalik grossmeysterga ustunlikni amalga oshirishga imkon bermadi.
Olti tur yakunlariga ko‘ra, Sindarov yetti ochko jamg‘arib, Pragnanandxadan ikki ochkoga ortda qolgan holda ikkinchi o‘rinni egallab turgandi.
**Uchinchi kun:**
Rapidning so‘nggi kunini Sindarov Anish Giriga qarshi durang bilan boshladi.
Sakkizinchi turda o‘zbekistonlik shaxmatchi amerikalik grossmeyster Avonder Lyanni mag‘lub etdi. Sindarov izchil ravishda raqibning ajralib qolgan piyodalariga bosim o‘tkazdi. 24…g6 yurishidan so‘ng qoralarda to‘rtta ajralib qolgan piyoda hosil bo‘ldi va ularning ojizligi O‘zbekiston vakiliga partiyani g‘alabagacha yetkazish imkonini berdi.
So‘nggi turda Sindarov Keymer bilan durang o‘ynadi va rapidni birorta ham mag‘lubiyatsiz yakunladi.
Pragnanandxa to‘qqizinchi turda van Forestga imkoniyatni boy berib qo‘ydi, ammo 12 ochko bilan birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Sindarov 11 ochko bilan ikkinchi, Uesli So esa 10 ochko bilan uchinchi bo‘lib marraga yetib keldi.
“Menimcha, AQShda hammasi Varshavadagidan ko‘ra yaxshiroq kechmoqda. Biroq ertaga og‘ir kun bo‘ladi. Ko‘ramiz, umid qilamanki, ko‘proq ochko jamg‘arishga harakat qilaman”, — dedi Sindarov.
Saint Louis Rapid & Blitz turniri blits bahslari bilan yana ikki kun davom etadi. Ishtirokchilar 18 ta partiyadan iborat ikki aylanmali turnir o‘tkazadi. Rapiddan farqli o‘laroq, blitsda g‘alaba uchun bir ochko, durang uchun esa yarim ochko beriladi.
Blitsning dastlabki to‘qqizta turi 5-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:10 da boshlanadi. Start partiyasida Sindarov Levon Aronyan bilan to‘qnash keladi.
Turnir 2-avgustdan 6-avgustgacha bo‘lib o‘tmoqda. Unda o‘nta grossmeyster ishtirok etmoqda, umumiy mukofot jamg‘armasi 200 ming dollarni tashkil etadi. G‘olib 50 ming dollarni qo‘lga kiritadi.

