Mahalliy

Özbekiston ösimlik qoldiqlarini yoqiş uçun jarima solinişi haqida ogohlantirmoqda

Özbekistonda dalalarda ğözapoya, barg va boşqa ösimlik qoldiqlarini yoqiş taqiqlangan. Qoidabuzarlik uçun jarima 4,4 mln sömgaça yetadi.

O‘zbekistonda o‘simlik qoldiqlarini yoqish uchun jarima qo‘llanishi haqida ogohlantirildi

O‘zbekistonda fuqarolar qishloq xo‘jaligi yerlarida g‘o‘zapoya, to‘kilgan barglar, shox-shabbalar, butalar va boshqa o‘simlik qoldiqlarini yoqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanganidan ogohlantirildi.

Bunday qoidabuzarlik uchun jarima miqdori 10 bazaviy hisoblash miqdorigacha (BHM), ya’ni 4,4 mln so‘mgacha yetishi mumkin. Bu haqda Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mitada ta’kidlanishicha, o‘simlik qoldiqlarini yoqish natijasida atmosferaga atrof-muhit va inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan zaharli birikmalar chiqadi. Ular qatoriga is gazi (CO), azot oksidlari (NOx), azot dioksidi (NO₂), benz(a)piren, dioksinlar, dibenzofuranlar, oltingugurt oksidlari va fosgen kiradi.

Mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, buning salbiy oqibatlari nafaqat havo sifatiga ta’sir qiladi. O‘simlik qoldiqlarini yoqish jarayonidagi yuqori harorat tuproq tarkibidagi makro va mikroelementlarni yo‘q qiladi. Bu esa uning unumdorligi pasayishiga olib kelishi mumkin.

Milliy qo‘mita qishloq xo‘jaligi yerlarida o‘simlik qoldiqlarini yoqish qonunchilik bilan taqiqlanganini ham eslatdi. Ma’muriy jarimadan tashqari, ekin maydonlarida yong‘in natijasida yetkazilgan zarar uchun iqtisodiy ta’sir choralari ham nazarda tutilgan. Ularning miqdori yerning har bir gektariga yetkazilgan zararni hisobga olgan holda belgilanadi.

Qo‘mita o‘simlik qoldiqlarini yoqish o‘rniga ulardan xo‘jalik maqsadlarida foydalanishni tavsiya etmoqda. Jumladan, ularni kompostga aylantirish, ko‘chatlar atrofida mulcha sifatida qo‘llash yoki chorva mollariga ozuqa sifatida ishlatish mumkin.

Ekologiya qo‘mitasi fuqarolarni tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishga va dalalarda o‘simlik qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.