Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva «Oxun Guzar» shourumiga tashrif buyurdi
Bu yerda o‘zbek hunarmandchiligi an’analarini rivojlantirib, zamonaviy talqinda davom ettirayotgan mahalliy brendlar namoyish etilgan

Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva "Oxun Guzar" ko'rgazma zaliga tashrif buyurishdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjonning birinchi xonimlari Toshkentdagi "Oxun Guzar" ko‘rgazma zaliga bordilar. Bu haqda Ziroat Mirziyoyevaning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Ushbu maskanda o‘zbek hunarmandchilik an’analarini zamonaviy uslubda davom ettirayotgan mahalliy brendlarning mahsulotlari namoyish etilgan.
Yuqori martabali mehmonlar milliy naqshlar, ko‘p asrlik hunarmandchilik an’analari va o‘zbek xalqining madaniy qadriyatlarini aks ettiruvchi mahalliy ustalar va dizaynerlarning ishlarini ko‘zdan kechirdilar.
Madaniy dastur doirasida O‘zbekistonning eng yorqin urf-odatlari va an’analari namoyish etildi. Inson hayotidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘lgan oila qurish mavzusiga alohida e’tibor qaratildi.
Ozarbayjonlik mehmonlarga kelin sarposini tayyorlash va so‘zana tikish bilan bog‘liq udumlar, to‘y marosimlari, kelinni kuyov xonadoniga kuzatish, "kelin salom", "beshik to‘yi", shuningdek, an’anaviy ona allasi namoyish etildi.
"Madaniy dastur qardosh O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining urf-odatlari va qadriyatlaridagi mushtarak jihatlarni ham alohida namoyon etdi. Har ikki xalq hayotida oila, kattalarga hurmat, farzand tarbiyasi, mehmondo‘stlik hamda milliy an’analarni asrab-avaylash muhim o‘rin tutadi", — deyiladi xabarda.

