Zelenskiy uning samolyoti Moldovada bo‘lganida Rossiya ikki marta dron uchirganini aytdi

Zelenskiy uning samolyoti Moldovada bo‘lgan paytda Rossiya ikki bor dron uchirganini aytdi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uning samolyoti Moldova havo hududida ekanida Rossiya ikki marta dron uchirganini ma’lum qildi.
“Mening prezidentlik samolyotim Moldovada edi va shuning uchun ular Moldovaga hujum qildi. Ular Moldova havo hududidan foydalandi. Balki shaxsan menga hujum qilishni xohlashmagandir... Biz bu haqda ommaviy axborot vositalariga xabar bermadik, lekin Kishinyov orqali uyga (Ukrainaga) qaytar chog‘imizda ular yana shunday qildi”, dedi Zelenskiy.
Jurnalistning Moskva shu yo‘l bilan Ukraina prezidentini qo‘rqitishga uringanmi, degan savoliga Zelenskiy ijobiy javob berdi. Prezident bu gaplarni Rossiya droni 13-sentyabr kuni Ukrainadan Polshaga ketayotgan poyezdga zarba bergani haqidagi savolga javoban aytdi.
Hujumga uchragan poyezd yonida Polshaga yevropalik diplomatlarni olib ketayotgan maxsus poyezd ham bo‘lgan. Unda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson va Germaniya kanslerining eng yaqin maslahatchilaridan biri Gyunter Zauter ham bor edi.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiya poyezdda “yevropalik va amerikaliklardan iborat katta delegatsiya” borligini bilgan.
“Va ular hujumni amalga oshirgan. Ular bunday harakatlarni Moldova, Ruminiya va ba’zan Polshada ham qilgan. Bu davomli jarayon. Ular shu tariqa kuchini ko‘rsatadi va siz hech kim bunga javob qaytarmasligini tushunasiz”, dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti samolyoti dron bilan to‘qnashishiga bir bahya qoldi
9-sentyabr kuni Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore prezident samolyoti Moldovadan Osloga uchayotganda dron bilan to‘qnashib ketishiga oz qolganini aytdi. Zelenskiy 8-sentyabr kuni kechqurun qirol Harald V ning dafn marosimida qatnashish uchun Moldovadan Osloga kelgan. Marosimdan keyin Ukraina prezidenti Yonas Gar Styore bilan uchrashgan.
Moldova Libera nashrining yozishicha, mamlakat havo hududida dron borligi haqidagi signal soat 16:30 da olingan. Soat 17:20 dan keyin dron Kishinyov aeroportidan taxminan 160 kilometr uzoqlikdagi Rishkan tumanidagi qishloq yaqinida portlagan. Shundan so‘ng havo parvoziga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlangan va Zelenskiyning samolyoti uchib ketgan. AFP agentligining Ukraina prezidenti ofisidagi manbasi Norvegiya bosh vazirining samolyot dron bilan to‘qnashishiga oz qolgani haqidagi bayonotini “mubolag‘a” deb atadi.

