Zelenskiy Qora dengizda makkajoʻxori olib ketayotgan kemaga Rossiyaning «dahshatli» zarbasini qoraladi
Turkiyaga tegishli kemaga uyushtirilgan hujum oqibatida kema kapitani halok boʻldi va ekipajning 11 aʼzosi qutqarildi, deb maʼlum qildi Ukraina rahbari.

Zelenskiy Qora dengizda makkajoʻxori olib ketayotgan kemaga Rossiyaning «daxshatli» zarbasini qoraladi
Ruminiya rasmiylari oʻz hududiy suvlaridan tashqarida kemada yongʻin chiqqani haqidagi xabarlardan keyin qutqaruv operatsiyasini boshladi
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Qora dengizda makkajoʻxori olib ketayotgan kemaga Rossiyaning «daxshatli» hujumini qoraladi.
Ikkita dron ishtirokidagi zarba oqibatida kema kapitani halok boʻldi, dedi Zelenskiy, yana bir dengizchi esa bedarak yoʻqolgan. Ekipajning 11 nafar aʼzosi — Ozarbayjon va Hindiston fuqarolari qutqarildi.
Ruminiya mamlakat hududiy suvlaridan tashqarida «Royad Mammadov kemasidagi yongʻin»dan keyin qutqaruv operatsiyasini tashkil qilganini bildirdi. Unda ikki kishi halok boʻlgani aytildi.
Rossiya bunga izoh bermadi, biroq uning Mudofaa vazirligi avvalroq ikkita yuk kemasiga zarba berganini maʼlum qilgan edi. Rossiya Ukrainaning Qora dengizdagi Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari va kemalariga qilgan hujumlariga javob qaytarish sifatida Ukraina infratuzilmasiga zarbalar bermoqda.
Dushanba kungi Rossiya hujumi «neytral suvlarda makkajoʻxori olib ketayotgan va Turkiyaga tegishli boʻlgan fuqarolik kemasini» nishonga oldi, dedi Vladimir Zelenskiy.
U kemaning joylashgan joyini aytmadi, biroq Ruminiya Ichki ishlar vazirligi kema Sfantu-George portidan taxminan 30 dengiz mili janubda choʻkib ketganini maʼlum qildi.
«Taxminan soat 11:00 da (Grinvich boʻyicha 09:00) Sohil qoʻriqlash xizmati chegara politsiyasi xodimlariga Ruminiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasida joylashgan tijorat kemasi bortida yongʻin chiqqani haqida xabar berildi», deyiladi vazirlik bayonotida.
«Ekipajning 11 nafar aʼzosi qutqarildi. Shuningdek, ikki nafar halok boʻlgan shaxs aniqlandi», deya qoʻshimcha qildi vazirlik.
Ukraina prezidenti «vaziyatni yumshatish va Qora dengizda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha bir necha bor aniq qadamlarni taklif qilganini» va boshqa davlatlar ham «tegishli takliflar» kiritganini aytdi.
«Ammo Rossiya normal dengiz navigatsiyasi oʻrniga izchil ravishda terror va fuqarolik kemalarini choʻktirishni tanlamoqda», dedi Zelenskiy.
«Global oziq-ovqat xavfsizligini tiklash uchun bosim kerak», deya qoʻshimcha qildi u. «Va bundan chin dildan manfaatdor boʻlgan har bir kishi yordam berishi kerak».
Yakshanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Zelenskiyning oʻtgan hafta boshida Kiyev Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarini kuchaytirishi haqida aytgan soʻzlariga javoban Ukraina boʻylab zarbalarini kuchaytirishini maʼlum qildi.
Ukraina Rossiyaning neft infratuzilmasiga hujum qila boshlaganini, chunki bu Kremlga 2022 yil fevralida Rossiyaning keng koʻlamli bosqini bilan boshlangan urushni moliyalashtirishga yordam berishini taʼkidlab kelmoqda.
Prezident Vladimir Putin oʻtgan hafta Kiyev oʻz zavodlariga hujumlaridan «ayrim natijalarga erishganini» va Rossiya oʻz YAIMning taxminan 1 foizini yoʻqotganini tan oldi.
Rossiya rahbari, shuningdek, Ukrainaning gʻarbiy ittifoqchilariga qarshi ritorikasini kuchaytirib, hatto yadroviy quroldan foydalanish tahdidini yana bir bor takrorladi.
Gʻarb ittifoqchilari soʻnggi oylarda, ayniqsa Polsha va Boltiqboʻyi mamlakatlarida Rossiya ayblanayotgan gibrid urush hodisalarining koʻpayishiga duch keldi.
Germaniya kantsleri Fridrix Merts oʻtgan payshanba kuni avgust oyida Leyptsig aeroportida Ukraina yuk samolyotlari yaqinidagi uchish-qoʻnish yoʻlagida portlovchi moddalar oʻrnatilgan dron topilganidan keyin uning mamlakati keyingi gibrid hujumlarga, «jumladan, jiddiy hujumlarga» tayyorlanayotganini aytdi.
Germaniya tashqi razvedkasi rahbari Martin Yeger dushanba kuni «Germaniya Rossiya bilan qurolli mojaroga tortilib qolish xavfi ostida» ekanini, Rossiya esa Germaniyadagi nishonlarga qarshi hujumlar tahdidi «haqiqiy va muqarrar» boʻlib qolayotgan bir paytda «yashirin urush olib borayotganini» aytdi.

