Rossiya Ukrainaning Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etdi

Rossiya 14-avgust kuni Ukrainaning Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etdi. Mamlakat bu kabi "yarim choralar"ga asos ko‘rmayotganini, chunki ular qarshi tomonga tanaffus berishini bildirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
So‘nggi haftalarda Rossiya va Ukraina Qora dengizdagi savdo kemalariga hujumlarni kuchaytirdi, bu esa jahon g‘alla narxlarining oshishiga olib keldi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova o‘z bayonotida Ukrainani kemalarga qarshi "ochiqchasiga terrorchilik harakatlari"da aybladi, ammo Rossiyaning o‘z hujumlariga to‘xtalmadi.
Zaxarova shunday dedi: "Biz (Ukrainaning) bu hujumlarini mintaqaviy qo‘shnilarning ochiqdan-ochiq roziligi bilan amalga oshirilgan siyosat deb bilamiz. Bu siyosat vaziyatni yanada keskinlashtirish, nizoni uzaytirish va Qora dengiz mintaqasida fuqarolik kemalari harakatini izdan chiqarishga qaratilgan."
U qo‘shimcha qildi: "Shu bilan birga, biz vaziyat yaxshilanayotganining hech qanday belgisini ko‘rmayapmiz. Binobarin, Kiyev rejimiga vaqtinchalik nafas rostlab olish imkonini beradigan yarim choralar uchun hech qanday asos yo‘q."
Zaxarova Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidanning OAVga bergan intervyusidagi bayonotiga munosabat bildirdi. Fidan Anqara Rossiya va Ukrainaga Qora dengizdagi harbiy amaliyotlarga moratoriy qo‘yish bo‘yicha takliflar berganini aytgan edi. Zaxarovaning ta’kidlashicha, Rossiya Turkiyadan hech qanday rasmiy taklif olmagan.
13-avgust kuni Reuters agentligi Ukraina uchinchi tomon orqali Rossiyaga taklif yuborganini xabar qildi. Taklifda har ikki tomon uchun Qora dengizdagi fuqarolik obyektlariga hujumlarni to‘xtatish nazarda tutilgan.
Zaxarova Turkiya vositachiligida tuzilgan 2022–2023-yillardagi Qora dengiz g‘alla tashabbusiga qaytishning iloji yo‘qligini aytdi. Ushbu kelishuv yirik g‘alla eksportchilari bo‘lgan Rossiya va Ukrainaga jahon bozorlariga mahsulot yetkazib berishni davom ettirishga imkon bergan edi.
Matbuot kotibi bu bitimni biryoqlama deb atadi. Uning aytishicha, kelishuv Rossiyaning Ukraina va G‘arbni shartnoma shartlariga rioya qilmaslikda ayblaganidan so‘ng buzilgan.

