Dunyo

Zelenskiy muzokaralarda Kiev rozi bölmaydigan şartlarni oçiqladi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy armiya sonini çeklaş va mamlakatning betaraf maqomi muhokama qilinmasligini bildirdi. Uning taʼkidlaşiça, hududiy masalalar faqat davlat rahbarlari darajasida hal etilişi mumkin. Kiev AQŞ taklif qilayotgan hudud almaşiş variantiga ham rozi emas.

Zelenskiy muzokaralarda Kiev qabul qilmaydigan shartlarni ochiqladi

Zelenskiy bu haqda 25-oktabr kuni eʼlon qilingan «1+1» telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Bu bayonot noyabr oyida Ukraina, Rossiya va AQŞ delegatsiyalari o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan muzokaralar arafasida yangradi.

«Bizning xavfsizlik kafolatlarimiz - bizning xavfsizlik kafolatlarimiz. Ularni Rossiya tomoni belgilab bera olmaydi», - degan Ukraina prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiev uchun navbatdagi uch tomonlama muzokaralarda davlat rahbarlari uchrashuvini tashkil etish imkoniyati muhokama qilinishi muhim.

Zelenskiy hamkorlarni Ukraina, AQŞ va Rossiya yetakchilari ishtirokidagi uchrashuvdan oldin Moskvaga qarshi sanksiyalarni shoshilinch bekor qilmaslikka ham chaqirgan.

«Sanksiyalar suhbatlashish imkoniyati uchun emas, tajovuz uchun joriy qilingan. Buni Amerika delegatsiyasiga ham aytdim: Rossiyaning moyilligi haqida gapirganda, uni bunday narx evaziga sotib olish kerak emas», - degan u.

Ukraina rahbari Putin bilan uchrashuvga sanksiyalar, mablag‘lar yoki muzlatilgan aktivlar kabi taʼsir vositalarisiz borishni istamasligini taʼkidlagan. Uning fikricha, bunday holatda Kievning muzokaralardagi imkoniyatlari kamayadi.

Noyabrdagi uchrashuvda Ukraina energetika sohasidagi sulh va Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish masalalarini ham ko‘tarishni rejalashtirmoqda.

Ukraina va Rossiya AQŞ vositachiligida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, delegatsiyalar uchrashuvining aniq sanasi hali kelishilmagan.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov 25-oktabr kuni Kreml uchrashuvni 4-noyabrdan keyin o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgan.

Avvalroq Moskva ehtimoliy manzil sifatida Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabini, taxminiy muddat sifatida esa noyabr o‘rtalarini ko‘rsatgan. Rossiya tomoni bu haqda AQŞ prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan 21-oktabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda maʼlum qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.