Zelenskiy 13 ta kema va 28 ta kompaniyaga sanksiya joriy qildi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan Ukraina g‘allasini noqonuniy olib chiqishga aloqador 13 ta kema va 28 ta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Kiyev ushbu choralar bunday mahsulotlarning xalqaro bozorda sotilishiga to‘sqinlik qilishiga umid qilmoqda.

Zelenskiy 13 ta kema va 28 ta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar kiritdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 14-avgust kuni Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan g‘allani noqonuniy olib chiqish bilan bog‘liq 13 ta kema va 28 ta kompaniyaga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Ushbu hujjat bilan Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Ukraina g‘allasini noqonuniy olib chiqishga aloqador shaxslar, kemalar va kompaniyalarga nisbatan cheklov choralarini qo‘llash haqidagi qarori kuchga kiritildi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya bayrog‘i ostida suzuvchi 8 ta, Panama bayrog‘i ostidagi 3 ta, Beliz hamda Sent-Kits va Nevis bayroqlari ostidagi bittadan kema kiritilgan. Shuningdek, Rossiyaning 11 nafar fuqarosi va 28 ta yuridik shaxsga nisbatan ham cheklov choralari belgilangan.
Ukraina prezidenti ofisi ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev sanksiyalarni boshqa mamlakatlar yurisdiksiyalarida ham muvofiqlashtirish maqsadida ittifoqchi davlatlarga zarur ma’lumotlarni taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Ukraina tomonining asosiy maqsadi – Rossiya nazoratidagi hududlardan olib chiqilgan g‘allaning xalqaro bozorga kirib borishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Prezidentning sanksiya siyosati bo‘yicha vakili Vladislav Vlasyukning ta’kidlashicha, vaqtincha bosib olingan hududlardan Ukraina g‘allasini noqonuniy olib chiqishga aloqador barcha tomonlar javobgarlikka tortilishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat mahsulotni tashish yoki sotish bilan shug‘ullangan kompaniyalar va ularning egalariga, balki kema kapitanlari hamda bevosita tashishda foydalanilgan kemalarga ham taalluqlidir.
Ukraina bundan avval ham shu kabi cheklov choralarini joriy qilgan. Xususan, 2025-yil noyabrida 56 ta kema sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Kiyev ma’lumotiga ko‘ra, mazkur kemalar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan keyin Rossiya nazoratidagi portlarga noqonuniy ravishda kirib, u yerdan bug‘doy, kungaboqar urug‘i va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini olib chiqqan.

