Zarbdorda bog‘cha mudirasi o‘ldirilishi ortidan tuman hokimi ishdan olindi — manba
Bekzod Toshpo‘latov 31-oktyabr kuni lavozimidan ozod etilgan. Tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarish uning o‘rinbosari Alisher Erjigitov zimmasiga yuklatilgan.

Zarbdorda bog‘cha mudirasi o‘ldirilgach, tuman hokimi lavozimidan olindi — manba
Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimi Bekzod Toshpo‘latov bog‘cha mudirasi o‘ldirilishi ortidan lavozimidan ozod etildi.
Manbalarga ko‘ra, Toshpo‘latov 31-oktyabr kuni vazifasidan bo‘shatilgan. Bu qaror tumandagi bog‘chalardan biri mudirasining o‘ldirilishi ortidan qabul qilingan. Hodisa haqida tarqalgan ma’lumotlarda sobiq hokimning nomi ham tilga olingan, ammo uning voqeaga aloqadorligi yuzasidan rasmiy xulosa e’lon qilinmagan.
Tuman hokimligi matbuot kotibi O‘ktam Sulaymonov hokimning ishdan olinganini tasdiqladi.
Tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarish hokimning qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Erjigitov zimmasiga yuklatildi.
Bekzod Toshpo‘latov 2025-yil 17-yanvardan beri Zarbdor tumanini boshqarib kelayotgan edi. Ungacha u Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Toshpo‘latov 1983-yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Avval viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2020-yil dekabrda esa boshqarma rahbari etib tayinlangan.
Bog‘cha mudirasining o‘ldirilishi
Kun.uz’ning xabar berishicha, Zarbdor tumanining Yangihayot mahallasida bog‘cha mudirasi bo‘lib ishlagan ayol qotillik qurboni bo‘lgan. Marhumaning ikki nafar farzandi bor.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov nashrga ayolning turmush o‘rtog‘i gumonlanuvchi sifatida ushlanganini ma’lum qilgan. U hodisadan keyin 102 raqamiga o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, voqea haqida xabar bergan.
Holat yuzasidan 2026-yil 29-oktyabrda Zarbdor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

