Zaporojyeda Rossiya hujumi qurbonlari soni 37 kishiga yetdi (foto)
Yana 59 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ularning 38 nafari vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Zaporojyeda Rossiya hujumi qurbonlari soni 37 kishiga yetdi (foto)
2-noyabr kuni Rossiya qo‘shinlari Zaporojye viloyatining Kamishevaxa posyolkasiga aviazarbalar bergan edi. Ushbu hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni 37 nafarga yetdi. Yana 59 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ularning ayrimlari topilgan jasadlar orasida bo‘lishi mumkin.
Zaporojye viloyati Mudofaa kengashi hamraisi Ivan Fedorovning ma’lum qilishicha, bedarak yo‘qolganlarning 38 nafari vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Hozirgacha topilgan jasadlardan 12 nafarining shaxsi aniqlangan. Qutqaruvchilar vayronalarni tozalash va odamlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, 2-noyabr kuni Rossiya qo‘shinlari Kamishevaxadagi aholiga har hafta gumanitar yordam tarqatiladigan maktabga zarba bergan. Shundan so‘ng odamlar yashiringan boshpanaga yana to‘qqizta aviabomba tashlangan. Hujumda qariyb 1,5 tonna portlovchi moddaga ega FAB-3000 aviabombalari qo‘llangan. Ukraina tomoni hujumni tinch aholiga qarshi sodir etilgan harbiy jinoyat deb baholadi.

