Zangiotada ayol va bolani urib yuborish bilan bogʻliq tafsilotlar maʼlum boʻldi

Zangiotada ayol va bolani urib yuborish bilan bogʻliq tafsilotlar maʼlum boʻldi
Bugun, 16 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumanida sodir boʻlgan YTH tasvirlari paydo boʻldi. Unda piyodalar oʻtish joyidan yoʻlni kesib oʻtayotgan ayol va bolani avtomobil urib yuborgani aks etgan. Viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi sodir boʻlgan voqea yuzasidan izoh berib, jabrlanuvchilarning ahvoli haqida maʼlum qildi.
Aniqlanishicha, hodisa 15 sentyabr kuni taxminan soat 07:30 larda «Obod» mahallasining markaziy koʻchasida, 39-maktab roʻparasida sodir boʻlgan.
YHXB maʼlumotlariga koʻra, Cherry avtomobilining 36 yoshli haydovchisi piyodalar oʻtish joyidan yoʻlni kesib oʻtayotgan ikki piyoda — 40 yoshli ayol va yetti yoshli bolani urib yuborgan.
Jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan. Salomatligi yaxshilanganidan soʻng ularga shifoxonadan javob berilgan.
Hozirda mazkur YTH holati yuzasidan Zangiota tumani ichki ishlar boʻlimi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
YHXB haydovchilarni yoʻl harakati qoidalariga rioya qilishga va piyodalar oʻtish joylariga yaqinlashganda hushyor boʻlishga chaqirdi.

