Jizzaxda bir sutkada 2 ta YTHda 5 kishi halok bo‘ldi
G‘allaorol tumanida Cobalt yo‘lning belgilanmagan joyidan qayrilib olayotgan yuk mashinasiga kelib urilgan. Paxtakor tumanida sodir bo‘lgan YTHda esa Cobalt haydovchisi quvib o‘tish qoidasini buzib, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan boshqa bir Cobalt bilan to‘qnashgan.

Jizzax viloyatida bir kun ichida sodir bo‘lgan ikkita yo‘l-transport hodisasida jami besh kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Kun.uz manbasi ma’lum qildi.
14-avgust kuni Paxtakor tumanining Bog‘ishamol mahallasida ikki Cobalt avtomobili ishtirokida YTH yuz berdi. 1993-yilda tug‘ilgan haydovchi A.I. boshqaruvidagi Cobalt avtomobili quvib o‘tish qoidalarini buzib, qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan 36 yoshli X.U. boshqaruvidagi Cobalt bilan to‘qnashgan. Natijada bir haydovchi hodisa joyida, ikkinchisi esa shifoxonada vafot etdi.
15-avgust kuni ertalab G‘allaorol tumanida yana bir fojiali YTH qayd etildi. Buxoro viloyatida yashovchi 35 yoshli Sh.B. “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishida yuk mashinasini boshqarib kelayotib, yo‘lning belgilanmagan joyidan qayrilib olayotgan vaqtda Cobalt avtomobili yo‘liga chiqib ketgan. Ushbu hodisa oqibatida Cobalt haydovchisi va bir yo‘lovchi voqea joyida, yana bir yo‘lovchi esa shifoxonada vafot etdi. Halok bo‘lganlar Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatining Zomin tumanida Onix va Volkswagen avtomobillari to‘qnashuvi natijasida ikki kishi halok bo‘lgan edi.

