Mahalliy

Yuzlab chehralar muzeyi. Toshkentda birinchi niqoblar muzeyi qanday paydo boʻldi va u nimasi bilan qiziqarli

Poytaxtdagi «Teatr +»da MDHda yagona boʻlgan Niqoblar muzeyi faoliyat yuritmoqda. Turli mamlakatlardan keltirilgan 100 dan ortiq eksponat teatr badiiy rahbari Mixail Dolokoga tegishli. U «Gazeta»ga niqoblarga boʻlgan qiziqish qanday boshlangani, ularda nima jozibadorligi va nega kollektsiyani tashrif buyuruvchilar uchun ochishga qaror qilgani haqida soʻzlab berdi.

**Yuzlab chehralar muzeyi. Toshkentdagi birinchi niqoblar muzeyi qanday paydo boʻldi va u nimasi bilan qiziqarli**

«Teatr+» kirishida niqoblar darhol koʻzga tashlanadi. Bu yerda turli mamlakatlardan keltirilgan 100 dan ortiq eksponat yigʻilgan: baʼzilari jilmayib turadi, boshqalari xafaxol koʻrinadi, uchinchilari esa xuddi qoʻrquvdan qotib qolgandek. 30 yildan ortiq vaqtdan beri ushbu kollektsiyani teatr badiiy rahbari, pedagog, rejissyor va aktyor Mixail Doloko boyitib kelmoqda.

«Gazeta» u bilan niqoblarga boʻlgan qiziqishi qanday boshlangani, ularni aynan nima jalb qilishi va nega kollektsioner toʻplamni tomoshabinlarga koʻrsatishga qaror qilgani haqida suhbatlashdi.

Mening qiziqishim Venetsiya karnavaliga sayohatdan soʻng boshlangan (qachon?). Meni taʼsirchan chehralar, pardoz va liboslar hayratda qoldirdi. Bunday niqob shunchaki yuzni yashirmaydi — u yangi obraz yaratadi. Karnavalda u insonga maʼlum vaqtga odatiy rolini tark etishga imkon berar va ijtimoiy chegaralarni oʻchirib tashlar edi. Mening kollektsiyamda turli xil Venetsiya niqoblari, jumladan, taniqli karnaval obrazlari bor: bauta, larva, kolombina va vabo shifokori niqobi.

Vaqt oʻtishi bilan Venetsiya niqoblaridan meʼdamga tegdi va men boshqacha narsani — alohida, koʻzni quvontiradigan narsani qidira boshladim. Yangi mamlakatga kelganimda, bozorlarga, doʻkonlarga va teatrlarga borardim, mahalliy aholidan yana qayerga qarash kerakligini soʻrardim. Kopi koʻp hollarda niqoblarni eski-tusqi bozorlaridan topardim. Parijda tasodifan besh yevroga niqob uchratib qoldim, uni «Qovun» deb atayman. Uning yashil hoshiyali qizil yuzi bor. Uni koʻrganimda, shunchaki hayratda qoldim va darhol kollektsiya uchun sotib oldim.

Las-Vegasdagi Tsirk dyu Soleyda men toʻrtta karnaval niqobini sotib oldim. Ular hashamatli patlar, oltin kapalaklar va munchoqli naqshlar bilan bezatilgan. Yaqindan qaraganda ustalarning mashaqqatli mehnati yaqqol koʻrinadi: ranglar qanday uygʻunlashgani, patlar qanday tanlangani, naqsh qanday tuzilgani. Ularga qarab, mahoratga hayron qolasiz. Men uchun bu ham sanʼat.

Niqob qanday obraz yaratishigina emas, balki uni tayyorlashga qancha mehnat sarflangani ham muhimdir.

Kollektsiyamdagi eng goʻzal niqoblardan biri — Venada sotib olgan «Koʻrshapalak» niqobidir. Uning kumushrang yuzasi ingichka toʻrsimon naqsh bilan qoplangan va markazida hamda chetalarida qora marvaridlar bilan bezatilgan. Niqobning keng chekkalari yozilgan qanotlarni eslatadi.

Men niqoblarni tanlaydigan yagona mavzu yoki qatʼiy mezonlar yoʻq. Meni yuzning oʻzi, kayfiyat yoki noodatiy yechim jalb qilishi mumkin. Baʼzan yoqqanini tushunish uchun bir qarashning oʻzi yetarli.

Masalan, Ispaniyaning «Masxaraboz-vinochilar» niqobi meni oʻzining xarakteri bilan jalb qildi. Unda kulayotgan juftlik tasvirlangan va qahramonlarning boshlarida uzum shingillari bor. Birinchi qarashda Yaponiyaning «Shamol» niqobi oddiy boʻlib tuyuladi, ammo yuzdan ajralib turadigan sim chiziqlari unga dinamika beradi. Niderlandiya niqobida uchta chehra birlashgan: biri jilmaymoqda, ikkinchisi qoʻrqqandek tuyuladi — ogʻzi lang ochiq, uchinchisi esa gʻamgin koʻrinadi.

Niqobning tarixini har doim ham bilishning imkoni boʻlavermaydi, lekin men uni kim yaratganini aniqlashga harakat qilaman. Venetsiyada mening ikkita sevimli ustam bor. Men ularnikiga tez-tez boraman va ular original bir narsa oʻylab topishlarini bilaman. Masalan, ular Quyosh va Oy niqoblarini yasashgan.

Mening qiziqishimni bilib, odamlar baʼzan menga niqoblar sovgʻa qilishadi. Rossiyaning «Vanka-durak» niqobi — Moskvadagi «Kuraj» teatri tashrif buyuruvchilaridan birining sovgʻasi. U uni pape-mashedan oʻzi yasagan va akvarel bilan boʻyagan. Bu niqobda qimmatbaho materiallar yoʻq, ammo mehribonlik va samimiyat bor. Aynan shu bilan u qadrlidir.

Baʼzi niqoblarni spektakllarda ishlatganman. Sahna uchun hammasi ham toʻgʻri kelavermaydi: aktyor erkin harakat qilishi va oʻynashi kerak, ogʻir va qattiq niqob esa xalaqit beradi. Charm niqoblarda nafas olish osonroq. Shundaylardan birini Kanadadan olib kelganman va chiqish paytida oʻzim kiyganman.

Kollektsiyada 40 dan ortiq niqob boʻlganida, men oʻylab qoldim: «Nega endi ulardan yolgʻiz oʻzim zavq olishim kerak? Odamlar ham qarashsin».

Ular uchun eng yaxshi joy teatr deb qaror qildim, shuning uchun kollektsiyani Moskvadagi uyimdan oʻsha paytda oʻzim rahbarlik qilgan «Kuraj» teatriga koʻchirdim. Niqoblarni foyega joylashtirdim, toki tomoshabinlar spektakllardan oldin va keyin ularni tomosha qilishlari mumkin boʻlsin.

Mening bitta sevimli niqobim yoʻq va hech biri meni butunlay gavdalantira olmaydi. Inson faqat xursand yoki faqat gʻamgin boʻlmaydi — har birimizda turli tomonlar bor. Ammo mening teatrdagi hayotim bilan italiyalik ustalar tomonidan buyurtma asosida tayyorlangan «Triptix» chambarchas bogʻliq. Undagi pat dramaturgiyani, gʻijjak — musiqani, aktyor niqobi esa — sahnadagi insonni anglatadi. Bu spektaklning uchta tarkibiy qismidir.

2022 yilda men Toshkentga koʻchib oʻtdim va kollektsiyani oʻzim bilan olib keldim. Endi u «Teatr+»ning birinchi qavatida joylashgan. Men uni faqat spektakl tomoshabinlari emas, balki hamma koʻra olishini xohladim, shuning uchun istagan kishi kollektsiyani bepul tomosha qilishi mumkin.

Odamlarning niqoblarni qanday tomosha qilishini kuzatishni yaxshi koʻraman. Kimdir bir niqob oldida uzoq vaqt ushlanib qoladi, kimdir esa butun kollektsiyani tezda koʻzdan kechiradi. Bolalar eng yorqin munosabat bildirishadi: savollar berishadi, ota-onalarini koʻrishga chaqirishadi, niqoblarning ifodalarini takrorlashga harakat qilishadi. Kattalar odatda oʻz ishlari bilan band va yonlaridan oʻtib ketishlari mumkin.

Odamlar goʻzallikni nafaqat muzey maydonlarida, balki oʻz atrofida ham tez-tez payqashlarini xohlayman.

Buning uchun pul kerak emas. Toxtash va bulutlarga, daraxtlarga, gullarga qarashning oʻzi yetarli.

Yaqin orada tashrif buyuruvchilar baʼzi niqoblarni kiyib koʻrishlari va suratga tushishlari mumkin boʻlgan foto hudud ochishni rejalashtiryapmiz.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.