Mahalliy

Toshkentdagi Adabiyot muzeyi Yoshlar teatriga berildi. Eksponatlar va ilmiy faoliyat taqdiri nima bo‘ladi?

Adabiyot muzeyi binosi hukumatning XDFU qarori bilan Yoshlar teatriga bepul foydalanishga berildi. Bu tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Muzey xodimlari qo‘lyozmalar va ilmiy faoliyat taqdiridan xavotirda, Madaniy meros agentligi esa devoriy asarlar joyida qolishini bildirdi. Gazeta reportaji.

Toshkentdagi Adabiyot muzeyi Yoshlar teatriga topshirildi. Eksponatlar va ilmiy ishlar taqdiri qanday bo‘ladi?

Toshkent markazida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi binosi uning yonidagi O‘zbekiston davlat yoshlar teatriga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berildi.

Bu holat Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrda imzolangan XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan yopiq) qarorida nazarda tutilgan. Hujjatda muzey uchun Yangi Toshkentda bino qurish rejalashtirilgani qayd etilgan. Ammo u hali qurib bitkazilmagan, muzey fondlarining bir qismi esa allaqachon boshqa muassasaga ko‘chirilgan.

Muzeyning ko‘chirilishi va binoning berib yuborilishi tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Muassasada ishlayotgan ilmiy xodimlar muzeyning boshqa binoga ko‘chirilishi nafaqat ekspozitsiyalarga, balki qo‘lyozmalar, toshbosmalar va adiblarning shaxsiy arxivlari bilan bog‘liq ilmiy ishlarga ham ta’sir qilishidan xavotirda. Ularning aytishicha, muzey oddiy ko‘rgazma zali emas, balki o‘zbek adabiyoti tarixini asl manbalar asosida o‘rganadigan ilmiy muassasadir. Shuningdek, hozirgi binoda tarixiy va badiiy ahamiyatga ega devoriy asarlar mavjud.

Ma’mura Rashidovaning so‘zlariga ko‘ra, muzey 1941-yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti qoshida tashkil etilgan. Dastlab u Navoiyga bag‘ishlangan kichik bo‘lim sifatida faoliyat yuritgan, shoir hayoti va ijodiga oid qo‘lyozmalar hamda adabiy manbalar to‘plana boshlangan.

“1968-yilda muzey shoir tavalludining 525 yilligi munosabati bilan hozirgi binosiga ko‘chirilgan. Imoratning o‘zi ham tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, madaniy meros obyekti sifatida muhofaza qilinadi”, — deydi u.

Rashidova bu yerda 51 yildan beri ishlaydi. Uning mehnat faoliyati va ilmiy izlanishlari muzey bilan chambarchas bog‘liq. Rashidovaning aytishicha, muassasaning asosiy vazifasi faqat adabiy merosni namoyish etish emas, balki uni ilmiy jihatdan o‘rganish, qo‘lyozmalarni tadqiq qilish va adabiyot tarixiga oid yangi ma’lumotlarni aniqlashdan iborat.

“Adabiyot muzeyi oddiy tomoshagoh emas. Bu yerda tarixiy manbalar asosida adiblar ijodi o‘rganiladi, qo‘lyozmalar tadqiq qilinadi, asarlarning matni tekshiriladi. Ko‘rgazmalar ham shu ilmiy mehnatning natijasidir”, — deydi u.

Muzey tarixida olim Hamid Sulaymonovning o‘rni alohida. U muzey fondini boyitish uchun shogirdlari bilan xorijiy mamlakatlarga borib, qo‘lyozmalarni o‘rgangan, imkoni bo‘lganda ularning asl nusxalarini, aks holda fotonusxalari va ko‘chirmalarini olib kelgan. Shuningdek, shoir va yozuvchilarning shaxsiy arxivlarini to‘plash ishlariga ham katta hissa qo‘shgan.

1978-yilda muzeyda yig‘ilgan qo‘lyozmalar va adabiy manbalar asosida Qo‘lyozmalar instituti tashkil etilgan. Unda oltita ilmiy bo‘lim faoliyat yuritib, manbalarni tavsiflash, o‘rganish va ularni ilmiy muomalaga kiritish bilan shug‘ullangan. Hamid Sulaymonov vafotidan keyin bu ishlarni akademik Aziz Qayumov davom ettirgan. Ma’mura Rashidova u bilan qariyb 40 yil birga ishlaganini aytadi. Institut 20 yil davomida faoliyat yuritgan.

Rashidovaning fikricha, muzeyni boshqa binoga ko‘chirish masalasi faqat eksponatlarni bir joydan ikkinchisiga olib o‘tish bilan cheklanmaydi. Muassasada yillar davomida shakllangan ilmiy maktab, tajriba va an’analar ham bor. Shuning uchun ko‘chirish rejasi amalga oshirilsa, muzeyning ilmiy faoliyati qanday davom etishi aniq belgilanishi kerak.

Abdurasul Eshonboboyevning aytishicha, muassasa ekspozitsiyasida 1500 dan ortiq eksponat bor. Ular orasida moybo‘yoqda ishlangan kartinalar, sopol buyumlar, Navoiy asarlarining turli davrlarda chop etilgan nashrlari, xorijda saqlanayotgan devonlarining fotonusxalari va boshqa noyob ashyolar mavjud.

Ekspozitsiyalar o‘zbek adabiyotining turli davrlarini qamrab oladi. Muzeyda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan zallar, “Xamsa” ekspozitsiyasi, Bobur va mumtoz adabiyotga oid materiallar, shuningdek, XX asr va zamonaviy adabiy jarayonlarni yorituvchi ko‘rgazmalar bor.

“Xamsa” zalida Temur Sa’dullayevning Navoiyning besh dostoniga bag‘ishlangan devoriy suratlari joylashgan. Mashhur musavvir Chingiz Ahmarovning Navoiy lirikasiga bag‘ishlangan devoriy asarlari ham muzeyning badiiy merosi hisoblanadi. Ularda shoir g‘azallaridan baytlar keltirilgan bo‘lib, ularni shoir va xattot Charxiy domla bitgan", — deydi muzey bosh xazinaboni.

Abdurasul Eshonboboyevning ta’kidlashicha, muzeyda Navoiy va Jomiy, shuningdek, shoirning tavalludi va vafotiga bag‘ishlangan devoriy asarlar ham bor. Ularning biri keyinchalik Alisher Navoiy metro bekatini bezashda namuna sifatida foydalanilgan. Muzey ekspozitsiyasida Navoiy, Bobur, Maqsud Shayxzoda, Oybek va G‘afur G‘ulomning byustlari, Ogahiy, Komil Xorazmiy hamda boshqa ijodkorlarga bag‘ishlangan haykal va san’at asarlari ham namoyish etiladi.

Eshonboboyevning ta’kidlashicha, muzeyni ko‘chirish rejasi muhokama qilinganda faqat kitoblar va ko‘chma eksponatlar emas, balki binoning o‘zi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan devoriy asarlar taqdiri ham hisobga olinishi lozim. Ularni boshqa joyga ko‘chirish imkoni bo‘lmasligi, bino boshqa muassasaga berilgan taqdirda esa asl muhitida saqlanishi masalasi ochiq qolmoqda.

Muzeyning asosiy boyligi ekspozitsiya zallaridagi ashyolar bilangina cheklanmaydi. Bu yerda nodir qo‘lyozmalar va toshbosmalar fondi, o‘zbek shoir va yozuvchilarining shaxsiy arxivlari saqlanadi. Abdurasul Eshonboboyevning ma’lum qilishicha, fondda 3000 ga yaqin qo‘lyozma va toshbosma kitob bor, ularning aksariyati toshbosma nashrlardir.

Shafoat Hasanova bu yerda 22 yildan beri ishlaydi. U ko‘chirish jarayoni ilmiy faoliyatga allaqachon ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlaydi. Uning ma’lum qilishicha, muzey fondlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish va ko‘chirishga tayyorlash ishlari boshlangan. Qo‘lyozmalarning bir qismi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirilgan, qolgan eksponatlarni esa Antropologiya instituti binosiga ko‘chirish rejalashtirilgan.

“Bizning xavotirimiz faqat muzey binosini yo‘qotish bilan bog‘liq emas. Bu yerda yillar davomida shakllangan ilmiy muhit va an’analar bor. Yangi Toshkentda Navoiy markazi qurilayotganidan xursandmiz, lekin yangi bino tayyor bo‘lguniga qadar muzey va uning ilmiy faoliyati qanday davom etishi aniq emas”, — deydi u.

Hasanovaning so‘zlariga ko‘ra, fondlarni ko‘chirish va inventarizatsiya ishlari sababli tadqiqotchilarning manbalardan foydalanish imkoniyati cheklangan. Ilmiy xodimlar avvalgidek ish olib borishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Uning aytishicha, muzey jamoasi muassasaning kelajagi va ilmiy faoliyati uzluksiz davom etishi masalasida prezidentga xat yo‘llagan. Murojaat Fanlar akademiyasiga yo‘naltirilgani haqida javob olingan. Keyin akademiya vakillari muzeyga kelib, xodimlar bilan suhbatlashgan.

“Ularga ilmiy faoliyatimiz to‘xtab qolayotgani va tashkilotning kelajagi borasidagi xavotirlarimizni tushuntirdik. Bizga muzey yopilmasligi va faoliyatimizni davom ettirishimiz mumkinligi aytildi. Biroq qayerda va qanday sharoitda ishlashimiz haqida aniq javob berilmadi. Shuning uchun muammo hal etildi, deb ayta olmaymiz. Keyin bizga xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan qaror keldi. Unda muzey ko‘chirilganidan keyin binodan teatrga bepul foydalanish uchun berish va uni ta’mirlash nazarda tutilgan edi”, — deydi u.

Muzey xodimlarini yana bir masala tashvishga solmoqda: Yangi Toshkentdagi Navoiy markazining qurilishi hali boshlang‘ich bosqichda. Hasanovaning taxminicha, yangi binoni foydalanishga topshirish uchun kamida to‘rt-besh yil yoki undan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Shu davrda muzey fondlari qayerda saqlanishi, tadqiqotchilar ulardan qanday foydalanishi va ilmiy ishlar qayerda olib borilishi mavhumligicha qolmoqda.

Muzey bosh xazinaboni Abdurasul Eshonboboyev ham yangi bino qurilib bitguniga qadar muzeyning hozirgi joyida faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Uning fikricha, zarur bo‘lsa, binoda ta’mirlash ishlarini amalga oshirib, ilmiy faoliyatni uzluksiz davom ettirish mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi yopiq qarorida muzeyning hozirgi binosini muzey ko‘chirilganidan keyin O‘zbekiston davlat yoshlar teatriga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish va binoda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.

Muzey xodimlari esa binoni ta’mirlash orqali uning hozirgi vazifasini saqlab qolish imkoniyati ham ko‘rib chiqilishi kerak, deb hisoblaydi. Ularning ta’kidlashicha, bu yerda tarixiy imoratdan tashqari, unga moslashgan ekspozitsiyalar, devoriy suratlar va uzoq yillar davomida shakllangan muzey muhiti mavjud.

Nurafshon Oripova ham muassasani hozirgi joyidan yangi bino tayyor bo‘lmasdan ko‘chirishga qarshi. Uning aytishicha, muzeydagi materiallar nafaqat bugungi olimlar, balki kelajak avlod uchun ham muhim manbalar hisoblanadi.

“Arxiv hujjatlarini o‘rganish jarayonida muzeyning tarixiy ahamiyatiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi munosabati bilan bog‘liq hujjatlarni ko‘rib chiqar ekanmiz, bundan qariyb 85 yil avval ham, murakkab davrlarga qaramay, bu ko‘chaga Navoiy nomi berilishi va shoir haykalining o‘rnatilishi uchun katta ishlar qilinganini ko‘rdik. O‘sha davrda buyuk shoir xotirasini abadiylashtirish uchun shunchalik harakat qilingan ekan, bugun ham Navoiyga bo‘lgan hurmat va o‘zbek adabiyotiga ehtirom yuzasidan muzeyni saqlab qolish kerak, deb hisoblayman”, — deydi Oripova.

Uning fikricha, muzeyni saqlash masalasiga faqat binodan qaysi muassasa foydalanishi nuqtai nazaridan qarash to‘g‘ri emas. Hozirgi muzey, Navoiy ko‘chasi, shoir haykali va atrofdagi madaniy muhit o‘zaro bog‘liq. Ekspozitsiya zallaridagi devoriy pannolar va san’at asarlari ham o‘z joyi va muhiti bilan ahamiyatli.

Muzey xodimlari Yangi Toshkentda Navoiy markazi qurilishiga qarshi emas. Aksincha, ular yangi markazda ham adabiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish imkoniyatlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq ularning asosiy talabi — yangi bino qurilib, ishga tushguniga qadar hozirgi muzeyning faoliyati va ilmiy ishlari to‘xtab qolmasligi.

Xodimlar binoda zarur ta’mirlash ishlarini amalga oshirib, muzeyni shu yerda saqlab qolish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘ramoqda. Ular uchun masala faqat ish joyi yoki ekspozitsiyalarning qayerga ko‘chirilishida emas. Gap qo‘lyozmalar, toshbosmalar, adiblar arxivlari, devoriy san’at asarlari va o‘nlab yillar davomida shakllangan ilmiy muhit taqdiri haqida ketmoqda.

Muzeyning kelajagi bo‘yicha hozircha xodimlar kutgan aniqlik yo‘q. Yangi binoning qachon bitishi, fondlar qayerda va qanday sharoitda saqlanishi, tadqiqotchilar ulardan qachon va qanday foydalana olishi kabi savollar ochiq qolmoqda. Xodimlar esa muzeyning ilmiy vazifasi saqlanib qolishi va milliy adabiy meros kelgusi avlodga butun holicha yetkazilishini istaydi.

Madaniy meros agentligi ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining boshqa binoga ko‘chirilishi bilan bog‘liq xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, Shayxontohur tumani, Alisher Navoiy ko‘chasi, 69-uyda joylashgan muzey binosi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.

Munosabatda qayd etilishicha, bino tarixan va arxitekturaviy jihatdan Rus yosh tomoshabinlar teatri sifatida barpo etilgan. Davlat yoshlar teatri ham uzoq yillardan buyon ushbu majmua hududining bir qismida faoliyat yuritib keladi.

Agentlik binoning teatrga berilishini majmuani yagona madaniy-teatr maskani sifatida saqlab qolish va teatrning kengayib borayotgan ehtiyojlari uchun sharoit yaratish bilan izohlagan.

Qayd etilishicha, bino madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa-da, Madaniy meros agentligi balansida emas, balki Fanlar akademiyasi tizimida bo‘lgan. Balansda saqlovchining taklifi inobatga olinib, Hukumat qarori bilan bino Davlat yoshlar teatriga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin foydalanish uchun berilgan.

Agentlik ta’kidlashicha, binodan foydalanuvchining o‘zgarishi uning madaniy meros obyekti maqomiga ta’sir qilmaydi va bu maqom bilan bog‘liq huquqiy majburiyatlarni bekor etmaydi. Aksincha, mazkur majburiyatlar yangi foydalanuvchi — teatr zimmasiga yuklanadi.

Munosabatda muzeyning ichki zallaridagi devoriy suratlar va noyob san’at asarlarini ko‘chirish mumkin emasligi ham qayd etilgan. Agentlik ularni joyida, asl holicha saqlashini bildirgan. Binoning ichki qismini ta’mirlash loyihasi esa faqat devoriy suratlarni konservatsiya va restavratsiya qilish sharti bilan ikkinchi bosqichda ko‘rib chiqilishi aytilgan.

Muzey fondidagi boshqa noyob eksponatlarni esa Yangi Toshkentda qurilayotgan yangi bino ishga tushguniga qadar vaqtincha Islom sivilizatsiyasi markazi va Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga ko‘chirish va saqlash rejalashtirilgan. Agentlik binoning fasad qismini ta’mirlash uchun 4,6 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilganini ham ma’lum qilgan. Ta’mirlash ishlari ikki bosqichda, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymagan holda amalga oshirilishi va’da qilingan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bir nechta madaniy obyektlarga, jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga tashrif buyurib, noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish jarayonini muhokama qilgandi. Keyin u madaniyat obyektlari bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olganini ma’lum qilgan.

Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi uchun yangi bino loyihasi bir necha yildan buyon muhokama qilinmoqda. 2021-yilda prezidentga Milliy bog‘dagi Adiblar xiyoboni yonida muzey qurish taklifi taqdim etilgandi.

Keyinchalik konsepsiya o‘zgardi. 2024-yil sentabr oyida davlat rahbariga Yangi Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmua loyihasi taqdim etildi. Uni dunyoga mashhur Zaha Hadid Architects byurosi loyihalashtirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.