Dunyo

YUNESKO jahon merosi: qaysi davlatda obyektlar eng koʻp?

2026-yilda YuNESKOning jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan obyektlar soni boʻyicha Italiya dunyoda birinchi oʻrinni egalladi. Mamlakatda bunday maqomga ega 62 ta obyekt mavjud. Xitoy esa 61 ta obyekt bilan ikkinchi oʻrinda bormoqda.

YUNESKO jahon merosi: qaysi davlatda obyektlar eng koʻp?

YUNESKO maʼlumotlari asosida jahon merosi obyektlari eng koʻp joylashgan davlatlar reytingi tuzildi. Unda bir nechta mamlakat hududida joylashgan transchegaraviy obyektlar ularni muhofaza qilishda qatnashayotgan har bir davlat hisobiga kiritilgan.

Reytingda Italiya 62 ta obyekt bilan birinchi oʻrinda turibdi. Ikkinchi pogʻonada 61 ta obyektga ega Xitoy joylashgan.

Keyingi oʻrinlarni Fransiya — 56 ta, Germaniya — 55 ta va Ispaniya — 50 ta obyekt bilan egallagan. Hindiston 45 ta jahon merosi obyekti bilan oltinchi oʻrinda qayd etilgan.

Italiyaning yuqori natijasi mamlakat hududida turli tarixiy davrlarga oid madaniy meros obyektlari juda zich joylashgani bilan izohlanadi. Ular orasida Qadimgi Rim davri yodgorliklari, oʻrta asr shaharlari, Uygʻonish davri sanʼati va meʼmorchiligi namunalari bor. Shu bilan birga, Italiya roʻyxatiga tabiiy obyektlar va madaniy landshaftlar ham kiritilgan.

Xitoydagi 61 ta obyekt esa bir necha ming yillik tarixni qamrab oladi. Ular orasida imperatorlik va diniy meros obyektlari, arxeologik yodgorliklar, shuningdek, noyob bioxilma-xillikka ega hududlar, karst landshaftlari va togʻli mintaqalar mavjud.

Yevropa va Osiyo davlatlari xaritada keltirilgan jahon merosi obyektlarining 70 foizdan ortigʻini oʻz hissasiga oladi.

YUNESKO jahon merosi obyektlarini madaniy, tabiiy va aralash turlarga ajratadi. Madaniy merosga meʼmoriy yodgorliklar, arxeologik obyektlar va inson faoliyati taʼsirida shakllangan madaniy landshaftlar kirishi mumkin.

Tabiiy meros obyektlari esa noyob geologik tuzilmalar, ekotizimlar, kamyob turlarning yashash joylari hamda alohida tabiiy goʻzallikka ega hududlarni qamrab oladi. Aralash obyektlar bir vaqtning oʻzida madaniy va tabiiy meros mezonlariga javob beradi.

Jahon merosi roʻyxatiga kirish uchun obyekt «alohida universal qiymat»ga ega boʻlishi va YUNESKO belgilagan oʻnta mezondan kamida bittasiga javob berishi kerak. Obyektlarni roʻyxatga kiritish uchun davlatlarning oʻzi nomzod taqdim etadi, yakuniy qarorni esa jahon merosi qoʻmitasi qabul qiladi.

2026-yilda YUNESKO oltita obyektni xavf ostidagi jahon merosi roʻyxatiga kiritgan. Ularning uchtasi favqulodda tartibda mazkur roʻyxatga qoʻshilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.