Yukni dunyoning istalgan nuqtasiga raketa bilan yetkaziş: AQŞ yangi sinov ötkazdi
AQŞ Harbiy-havo kuçlari tadqiqot laboratoriyasi SpaceX’ning tijoriy uçirilişi doirasida raketa orqali yuk yetkaziş texnologiyalarini sinadi. Starfall qaytuvçi kapsulasiga joylaştirilgan uskunalar yordamida yuklarning kosmik parvoz va atmosferaga qaytiş şaroitlariga çidamliligi örganildi.

Yukni dunyoning istalgan nuqtasiga raketa orqali yetkazish: AQSh yangi sinov o‘tkazdi
20-oktabr kuni o‘tkazilgan tajriba AQSh Harbiy-havo kuchlari tadqiqot laboratoriyasi — AFRL’ning Rocket Cargo dasturi doirasida amalga oshirildi. Dastur yirik tijoriy raketalar yordamida o‘nlab tonna yukni dunyoning turli hududlariga, jumladan, oddiy samolyotlar bilan yetib borish qiyin bo‘lgan joylarga tezkor yetkazish imkoniyatini baholashga qaratilgan.
Bu safargi sinov tayyor yetkazib berish tizimini namoyish qilishni ko‘zlamagan. Asosiy e’tibor yuklarni uchirish va atmosferaga qaytarish paytida qanday himoya qilish mumkinligi haqida ma’lumot to‘plashga qaratilgan.
Kapsulaga AFRL ishlab chiqqan bir nechta tajriba yuk moduli joylashtirilgan. Ularning har birida muayyan vazifalarga mo‘ljallangan uskunalar hamda parvoz davomida harorat, zarba yuklamalari va tebranishni o‘lchaydigan datchiklar bo‘lgan.
Tadqiqotchilar elektronika va favqulodda vaziyatlarda hayotni saqlab qolish uchun zarur jihozlarga alohida e’tibor qaratgan. Sinovga akkumulyatorlar, sun’iy yo‘ldosh aloqali treker, teskari osmos usulida suvni chuchuklashtiruvchi tizim, shoshilinch tibbiy yordam vositalari va omon qolish anjomlari kiritilgan.
Muhandislar UNI-PAC III qutqaruv solining kapsulaga sig‘ishini ham tekshirgan. Bu uni keyingi sinovlarga kiritish imkoniyatini baholash uchun qilingan.
Raketa orqali yetkaziladigan yuklar uchirishdagi katta yuklamalarga, kosmik parvoz sharoitiga, atmosferaga qaytishdagi yuqori harorat va mexanik ta’sirlarga bardosh berishi kerak. Shu bilan birga, yerga tushganidan keyin uskunalarni darhol ishlatish imkoniyati saqlanishi zarur.
AFRL ma’lumotiga ko‘ra, tajriba sezgir jihozlarni parvozning barcha bosqichlarida himoya qilish usullarini aniqlashga yordam beradi. Laboratoriya texnologiyani amaliyotga joriy etish muddatini yoki kelgusida yukni manzilga yetkazish uchun qancha vaqt talab qilinishini hozircha e’lon qilmagan.
Rocket Cargo mavjud harbiy tashish tizimini to‘ldirishi ko‘zda tutilgan. Raketalar bir marta uchirilganda o‘nlab tonna ta’minotni, hatto qulay uchish-qo‘nish yo‘laklari yoki rivojlangan yo‘l tarmog‘i bo‘lmagan hududlarga yetkazishi mumkinligi o‘rganilmoqda.
Bunday imkoniyat harbiy operatsiyalardan tashqari, qutqaruv ishlari, tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish va olis hududlardagi missiyalarda ham qo‘l kelishi mumkin.
Biroq konsepsiya hozircha tajriba bosqichida. Amalda ishlaydigan tizim yaratish uchun uchirish xarajatlarini kamaytirish, yuklash va tushirishni tashkil etish, xavfsiz qo‘nish hududlarini belgilash hamda katta hajmdagi yuklarni ishonchli yetkazish imkoniyatini isbotlash talab etiladi.

