Layfstayl

Yoʻllardagi agressiya va «avtoterror»: nega haydovchilik madaniyati ommaviy shakllanmayapti?

Toshkent koʻchalarida agressiv haydash, tezlikni oshirish, piyodalarni qoʻrqitish va odam oʻlimi bilan tugayotgan avariyalar yoʻl harakati xavfsizligi masalasini yanada kun tartibiga olib chiqmoqda. Ayniqsa, maktablar atrofidagi xavfsizlik va haydovchilarning yoʻldagi xatti-harakatlari koʻp savollarni tugʻdiryapti. Kun.uz ushbu masalalar yuzasidan psixolog, huquqshunos, YHXX xodimi va haydovchi bilan suhbatlashdi.

Yoʻllardagi agressiya va «avtoterror»: nega haydovchilik madaniyati ommaviy shakllanmayapti?

Yoʻlda agressiv xatti-harakat deganda faqat tezlikni oshirish yoki yoʻl qoidalarini buzishgina tushunilmaydi. Orqadan signal chalib boshqa haydovchini shoshirish, piyodani qoʻrqitish, keskin manyovrlar qilish, tirbandlikda asabiylashish ham yoʻl harakati xavfsizligiga taʼsir koʻrsatadi. Ayniqsa, maktablar atrofida bunday holatlar jiddiy xavf tugʻdiradi.

Shuningdek, jazoning oʻzi kifoyami yoki haydovchilik madaniyatini oshirish hamda jamoatchilik taʼsirini kuchaytirish kerakmi, degan savollarga ham javob izlandi.

### Maktab oldidagi 30 km/soat nega muhim?

Toshkentda 400 ga yaqin maktab bor, ularning 91 tasi asosiy koʻcha va yoʻllar boʻyida joylashgan. Bolalarning yoʻlga toʻsatdan chiqib qolishi mumkinligi sabab maktab atrofida oddiy yoʻl qoidalaridan ham qatʼiyroq ehtiyotkorlik talab etiladi. Maktab oldida tezlikni 30 km/soatga cheklashning oʻzi bolalar xavfsizligini taʼminlaydimi?

«Statistikaga qaraydigan boʻlsak, piyodalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalari umumiy YTHlarning salmoqli qismini tashkil qiladi. Bolalar ishtirokidagi YTHlarning esa 82 foizi piyodalar bilan bogʻliq. Bunda bolalarning belgilanmagan joydan yoki tartibga solingan joydan oʻtishi kabi holatlar asosiy qismni tashkil qiladi. Shuning uchun aynan piyodalar bilan bogʻliq YTHlarning oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirishimiz kerak», - deydi Toshkent shahar yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi vakili Zokir Fayziyev.

### «Ikki-uch daqiqa uchun tezlikni oshirishning maʼnosi yoʻq»

Haydovchi Abduqodir Oʻtkirovning fikricha, tezlikni oshirish sabablaridan biri haydovchilar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va yoʻl madaniyati yetishmasligi bilan bogʻliq. Uning aytishicha, ayrim haydovchilar tirbandlikda bir necha daqiqa yutib qolish uchun tezlikni oshiradi yoki boshqa transport vositalarini shoshiradi.

«Baʼzi haydovchilar yoʻlda ikki-uch daqiqa oldinroq yetib borish uchun tezlikni oshiradi. Aslida shu ikki-uch daqiqa uchun oʻzining ham, boshqalarning ham hayotini xavf ostiga qoʻyishning maʼnosi yoʻq. Ayniqsa maktablar oldida bola qayerdan chiqib qolishini oldindan bilmaysiz. Haydovchi qancha tajribali boʻlmasin, kutilmagan vaziyatda reaksiya qilish uchun unga vaqt kerak.

Oʻzim ham shunday holatga duch kelganman. Maktabning oldidan oʻtib ketayotgan edim. Biz asosan navigator bilan ham ishlaymiz. Belgini koʻrmay qolgan taqdirimizda ham navigator ogohlantiradi: 30 tezlikda yurish kerak, deb. 30 tezlikda ketyapman. Orqamdan inomarka mashina keldi, signal chalib, tezroq yurishga ishora qila boshladi. Baribir qonun-qoidaga amal qilish kerak-da. Eʼtibor bermadim, 30 tezlikda ketyapman. Orqamdan yana signal chala boshladi, “tezroq yurmaysanmi?” degandek. Majbur boʻlib tezroq yurdim. Shunda bitta bolani urib yuborishimga sal qoldi. Keyin mashinani chetga olib, oʻsha haydovchiga tushuntirdim. Agar urib yuborganimda nima boʻlardi? Men aybdor boʻlardim, sen esa oʻtib ketarding», - deydi Abduqodir Oʻtkirov.

### Nega rulda insonning xulqi oʻzgarib ketadi?

Tibbiy psixolog Asqar Ergashev bu holatni insonning stress va hissiyotlarni boshqarishi bilan bogʻlaydi. Rulga oʻtirganda diqqatini doimiy ravishda yoʻlga qaratishi, tirbandlik, signallar, boshqa avtomobillarning keskin harakatlari kabi omillarga reaksiya bildirishi kerak boʻladi. Bu esa charchoq va asabiylikni kuchaytirishi mumkin.

«Tirbandliklar, qisib oʻtishlar, kutilmagan holatlar odamning jahlini chiqarishi mumkin. Shu paytda uning odatda yashirib yurgan xarakteri namoyon boʻlishi ehtimoli bor. Ayrim haydovchilar boshqalarni soʻkish, baqirish yoki ularga nisbatan agressiv harakat qilishni boshlaydi. bunday vaziyatda inson oʻzini doimo haq deb hisoblashi agressiv xulqni yanada kuchaytirishi mumkin. Haydovchi boshqa ishtirokchilar ham xato qilishi mumkinligini hisobga olsa, keskin reaksiyalar kamayishi ehtimoli bor», - deydi psixolog.

### Stress qonunbuzarlik uchun oqlov boʻla olmaydi

Advokat Azizxon Saidxoʻjayev esa haydovchining ruhiy holati va huquqiy javobgarlikni bir-biridan ajratish lozimligini taʼkidlaydi.

«Insonning egosi bor, qandaydir holatda stressga tushishi mumkin. Lekin bu stress yoʻl-transport hodisasini sodir etgan shaxs uchun hech qanday oqlov boʻla olmaydi. Bu yerda aniq qonun normalari ishlaydi: qaysi qonun talabi buzildi, qaysi norma buzildi – shu asosda baholanadi. Psixoemotsional holat, menimcha, bu yerda eng oxirgi darajada soʻraladigan narsa. Yana bir muhim jihati – har doim ham yoʻl qoidasini buzgan odam yoʻl-transport hodisasiga sababchi boʻldi, degan xulosaga kelib boʻlmaydi. Masalan, bir haydovchi qayrilib olish qoidasini buzdi, qarama-qarshidan kelayotgan haydovchi esa mast holatda boʻlishi mumkin. Lekin oʻsha qayrilib olish qoidasi buzilmaganida, hodisa umuman sodir boʻlmasligi ham mumkin. Shuning uchun har bir holatda sababiy bogʻlanish aniqlanadi», - deydi huquqshunos.

### «Tezlik qancha past boʻlsa, tan jarohati shuncha kamayadi»

Yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha yana bir muhim masala - tezlik cheklovlari va jarima ballari tizimi samaradorligi. Mutaxassisning taʼkidlashicha, tezlikni belgilashda yoʻl harakati xavfsizligi birinchi oʻrinda turishi kerak.

«Tezlikni oshirish, masalan, 60 km/soatdan 50 km/soatga tushirilsa, 40 yoki 30 km/soat boʻlsa, insonga qancha zarar yetkazishi boʻyicha hammasining ilmiy tahlillari bor. Tezlik qancha past boʻlsa, odamga yetadigan tan jarohati ham shuncha kamayib boraveradi. Shu nuqtai nazardan, yoʻl harakati xavfsizligi uchun tezlik cheklovlarini qayta koʻrib chiqish masalasi doim muhokama qilinishi kerak. Jarima ballari esa haydovchilarni tiyib turish mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Ayrim haydovchilar bir necha marta qoidabuzarlik qiladi, jarimasini toʻlaydi va yana qoida buzaveradi. Ball tizimi shunday jazo va ragʻbat mexanizmi boʻlishi kerakki, haydovchi takroriy qoidabuzarliklardan oʻzini tiya bilishi kerak. Tezlik tushirilgandan keyin tezlik bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari kamaygani kuzatildi», - deydi Zokir Fayziyev.

Huquqshunos esa jarima va ball tizimi bilan bir qatorda haydovchilik madaniyati va jamoatchilik taʼsiri ham muhimligini taʼkidlaydi.

«Har bir yoʻlga bir xil tezlik cheklovini qoʻllash toʻgʻri emas. Yoʻlning infratuzilmasi va sharoitiga qarab differensiatsiya boʻlishi kerak. Ball masalasiga keladigan boʻlsak, belgilangan tezlikdan maʼlum foiz oshirilgan holatga qarab baholash tizimi boʻlishi mumkin. Masalan, 30 km/soat belgilangan joyda 10 foizlik meyor qoʻllansa, 33 km/soatgacha, 60 boʻlgan joyda 66, 80 boʻlgan joyda 88 km/soat kabi. Bu masala ham har ikki tomon - haydovchilar va huquq-tartibot idoralari uchun aniq va tushunarli tizim boʻlishi mumkin. Lekin jazo bilan hech qachon vaziyatni toʻliq oʻnglab boʻlmaydi. Jazo tahdidi maʼlum darajada qoidabuzarlikning oldini olishi mumkin, ammo ayrim odamlarga ball yoki huquqdan mahrum qilish ham yetarlicha taʼsir qilmasligi mumkin.

Shuning uchun jamoatchilik tanbehi va haydovchilarning bir-birini tarbiyalashi ham muhim. Bolalarga esa yoʻl qoidalarini yoshligidan oʻrgatish bilan birga yoʻldagi odob va madaniyatni ham singdirish zarur», - deydi huquqshunos.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.