Yoʻldagi chuqurlarni skanerlaydigan yangi Hyundai Palisade taqdim etildi
Janubiy Koreyaning 2027-yilgi Hyundai Palisade avtomobili bir nechta yangi modifikatsiyalar bilan boyitildi.

**Yoʻldagi chuqurlarni skanerlaydigan yangi Hyundai Palisade taqdim etildi**
Hyundai oʻzining flagman krossoveri Palisadeʼning yangilangan versiyasini namoyish etdi. Ushbu model yangi modifikatsiyalar va boyitilgan standart jihozlar bilan taqdim etildi.
Asosiy yangiliklardan biri – bu High Roof modifikatsiyasi. Tom balandligi 240 mm ga oshirilishi natijasida salonda bosh ustidagi boʻsh joy sezilarli darajada kengaygan. Shunga qaramay, avtomobilning umumiy balandligi 2005 mm ni tashkil etadi, bu esa standart yerosti avtoturargohlariga kirish uchun yetarli. Tashqi koʻrinishidan High Roof kuzov rangidagi alyuminiy qoplamali tom ustqurmasi, qora deraza hoshiyalari va 21 dyuymli yengil qotishmali gʻildirak disklari bilan ajralib turadi.
Eng yuqori komplektatsiyada avtomobil standart tarzda Preview ECS osma tizimi bilan jihozlangan. Bu tizim yoʻlni oldindan skanerlash va amortizatorlar ishini avtomatik ravishda sozlash uchun old kamera va navigatsiya tizimi maʼlumotlaridan foydalanadi.
Shuningdek, yoʻltanlamas uslubidagi stayling-toʻplam ham mavjud boʻlib, u maxsus radiator panjarasi, qoʻshimcha himoya qoplamalari, tomdagi reylinglar va 20 dyuymli gʻildiraklari bilan farqlanadi. Ushbu toʻplamga 14 dinamikli Bose audiotizimi va ikkinchi qator oʻrindiqlarining ventilyatsiyasi ham kiradi.
Dvigatel qatori oʻzgarishsiz qolgan. 2,5 litrli turbodamlagichli benzin dvigateli 277 ot kuchini taqdim etadi va 8 pogʻonali avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Gibrid versiyasi esa 329 ot kuchiga ega boʻlib, 6 pogʻonali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Ikkala variant ham old gʻildiraklarga tortuvchi, ham toʻliq uzatmali koʻrinishda mavjud.
Janubiy Koreyada yangilangan Palisade narxlari 44,78 million vondan (taxminan 384 million soʻm) boshlanadi. Eng qimmat modifikatsiya – gibrid kuch qurilmasiga ega yetti oʻrinli Palisade High Roof – 81,59 million vonga (taxminan 691 million soʻm) baholanmoqda.

