Mahalliy

“Yoshlarimizni chet elga oddiy ishchi emas, malakali mutaxassis sifatida yubormoqchiman” — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Toshkentdagi “Intil” xalqaro til va kasbga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi. Davlat rahbari xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni kasbga o‘rgatish va yangi muhitga moslashtirish muhimligini ta’kidladi.

“Yoshlarimizni chet elga oddiy ishchi emas, malakali mutaxassis sifatida yubormoqchiman” — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanida joylashgan “Intil” xalqaro til va kasbga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatda xorijda ishlashni istagan fuqarolarni aniq ish o‘rinlariga maqsadli tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda til o‘rgatish, kasbiy ko‘nikma berish, malakani tasdiqlash va ishga joylashishga ko‘maklashish jarayonlarini bir-biri bilan bog‘lash muhim sanaladi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan tashkil etilgan markaz aynan shu vazifalarga xizmat qiladi.

Davlat rahbariga markazning imkoniyatlari, ta’lim dasturlari hamda xorijiy hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

“O‘n yil oldin qonuniy migratsiya bo‘yicha sanoqli davlatlar bilan kelishuvimiz bor edi. Bugun ochiqlik siyosatimiz tufayli yoshlarimiz uchun ko‘plab davlatlarda munosib ish imkoniyatlari ochilmoqda. Men yoshlarimizni chet elga oddiy ishchi emas, malakali mutaxassis sifatida yubormoqchiman. Maqsadimiz – ularga kasb o‘rgatish, yangi muhit va madaniyatga moslashishiga ko‘maklashish”, – dedi prezident.

Qariyb 3,5 gektar maydonda joylashgan markazda fuqaroning ilk murojaatidan boshlab hujjatlarini rasmiylashtirish, til va kasb o‘rganish, imtihon topshirish hamda xorijga ishga jo‘nab ketishigacha bo‘lgan barcha jarayonlar bir joyda yo‘lga qo‘yilgan. Front-ofisda maslahat va viza masalalari bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi. Bu yerda bank xizmatlari, aviachipta kassalari va koll-markaz ham ishlaydi.

Majmuada 600 o‘rinli o‘quv xonalari, 180 o‘rinli amaliy mashg‘ulot xonalari, 120 o‘rinli imtihon markazi va 400 o‘rinli yotoqxona mavjud. Hozirda 6 ta xalqaro loyiha doirasida 240 nafar tinglovchi tahsil olmoqda. Ular uchun o‘qish va yotoqxona bepul.

Markazda nemis, ingliz, yapon, koreys, chex, polyak, italyan va slovak tillari o‘rgatiladi. Til tayyorgarligi dasturlari 6 oydan 10 oygacha davom etadi. Ularning mazmuni xorijiy ish beruvchilarning ehtiyojlariga qarab yangilanib boradi.

Kasbiy ta’lim 12 ta dasturni qamrab oladi. Tinglovchilar tibbiyot, payvandchilik, elektr va santexnika ishlari, ombor logistikasi, qurilish, mehmonxona va restoran xizmati, oshpazlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlanmoqda.

“Qayerga bormanglar, o‘sha davlatda madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va tariximizni tanishtiringlar. Yaqinda Yaponiyaning Nagoya shahri meri yoshlarimizning madaniyati va odobiga qoyil qolib, menga maktub yo‘lladi. Sizlar haqingizda ham “buyuk tarixga ega buyuk mamlakat farzandlari ekan” degan gaplar aytilishini istayman”, – dedi prezident tinglovchilar bilan suhbatda.

O‘zbekiston yetakchisi amaliy simulyatsiya xonalarida kommunal va qurilish sohalariga oid mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda tinglovchilar ish joyiga yaqinlashtirilgan sharoitda kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Jumladan, santexnika va elektr tizimlari bilan ishlash o‘rgatiladi, payvandchilar ISO 9606 xalqaro standartlari asosida tayyorlanadi. O‘quv jihozlari Germaniya, Xitoy va Rossiyadan keltirilgan.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari imtihon xonalarini ko‘rdi. Markazda tinglovchilarni xalqaro til sertifikatlariga tayyorlashga e’tibor qaratilib, O‘SD, TELC, J-CERT va EPS TOPIK imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratilgan.

“Maktabni tugatgandan keyin kafolatli ish joyiga ega bo‘lishi uchun tilni ham, kasbni ham maktabdayoq o‘rgatishimiz kerak”, – dedi prezident.

Tayyorgarlik xorijiy hamkorlar bilan birgalikda olib borilmoqda. “Proud Partners”, “Onodera User Run”, “Deutsche Bahn”, “RecruitMed GmbH”, “PentaHospital” kompaniyalari va Perudjia universiteti ishtirokidagi loyihalar fuqarolarni ish beruvchilar talabiga mos o‘qitish va ishga joylashtirishga ko‘maklashishga qaratilgan.

Tinglovchilar uchun kovorking, sport maydonchalari va dam olish hududlari ham tashkil etilgan. Markazda 40 nafar mahalliy xodim va o‘qituvchi, shuningdek, 6 nafar xorijlik til o‘qituvchisi faoliyat yuritmoqda.

Prezident chet ellik ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, nomzodlarni saralash, til va kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirishga ko‘maklashishni birlashtirgan ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish yuzasidan tavsiyalar berdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.