Mahalliy

O‘zbekistonda kadrlar tayyorlaydigan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

Tadbirkorlarning kadrlar tayyorlash va uskunalar xarid qilishga sarflagan mablag‘lari to‘langan soliqlardan chegiriladi. Xorijda yaxshi ishga joylashgan har bir bitiruvchi uchun grant ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekistonda kadrlar tayyorlaydigan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda.

Qurilish, sanoat va logistikada malakali kadrlarga ehtiyoj O‘zbekistonda ham, xorijda ham ortib bormoqda. Sergelidagi “Toshkent quvur zavodi” o‘z ustalarini jalb etib, yiliga 2,5 ming payvandchi, elektrik va chilangar tayyorlash tashabbusini bildirgan.

Har bir viloyatda 2-3 tadan texnikumni yirik tadbirkorlar boshqaruviga topshirish, ular orqali yiliga kamida 30 ming nafar ish joyida darhol faoliyat boshlay oladigan mutaxassis tayyorlash rejalashtirilmoqda. Texnikumlar 15-yilga boshqaruvga beriladi, bitiruvchilarga davlat namunasidagi malaka sertifikati taqdim etiladi.

Tadbirkorlarning kadr tayyorlash va uskuna xarid qilishga sarflagan mablag‘larini to‘langan soliqlardan chegirish, chet elda yaxshi ishga joylashgan har bir bitiruvchi uchun grant ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Texnikumlar xorijlik ish beruvchilar bilan bog‘lanadi.

“Men ishonaman: chempion tadbirkorlarimiz chet elda ’o‘zbek mutaxassislari brendi’ni yaratishda ham davlatga ko‘makchi bo‘ladi”, – dedi prezident.

Xususiy bandlik agentliklariga litsenziya berish tartibi soddalashtirilgach, ikki yilda ularning soni uch baravar ko‘paydi. Ushbu agentliklar orqali xorijda ishga joylashganlar esa besh karra ortdi. Prezident sohada xatolar, korrupsiya va fuqarolarni aldash holatlari ham bo‘lganini aytdi. Muammolarni bartaraf etish uchun alohida qonun qabul qilinib, huquqiy asos yaratildi.

Kelasi yildan fuqarolarni chet elga ishga yuborish vazifasi xususiy sektordagi eng ishonchli bandlik agentliklariga to‘liq o‘tkaziladi. Yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir kishi uchun agentlikka 1,5 mln so‘mdan rag‘bat puli to‘lanadi.

Yoshlarni kasb va tilga tayyorlash uchun texnikum binolarining bir qismi bepul ijaraga beriladi. Chet eldan jalb qilingan o‘qituvchi va ekspertlarga ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi, o‘quv jarayoni uchun zarur uskuna va jihozlar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Shu bilan birga, xususiy bandlik agentliklari to‘liq shaffof tizimda ishlaydi, ularning reytingi yuritiladi. Fuqaroning aniq ishga joylashishi, huquqlari ta’minlanishi, yuqori daromad olishi va kafolatli ijtimoiy ta’minotga ega bo‘lishi asosiy mezon bo‘ladi.

Prezident bir oyda agentliklar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qaror loyihasini kiritish, ushbu faoliyatni ijtimoiy xizmat sifatida ko‘rib, soliqqa tortishni shunga mos ravishda soddalashtirishga topshiriq berdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.