Mahalliy

O‘zbekistonda tadbirkorlar masalalarini sudda tezroq ko‘rib chiqish choralari ko‘riladi

O‘zbekistonda tadbirkorlar masalalarini sudda tezroq ko‘rib chiqish bo‘yicha choralar ko‘riladi

Shavkat Mirziyoyev 24-sentyabr kuni Andijondagi yig‘ilishda tadbirkorlar masalalarini sudda tez va samarali ko‘rib chiqishni tashkil etish zarurligini aytdi.

Ma’lum qilinishicha, ular kredit, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kommunal va soliq qarzdorligiga oid nizolarni ko‘rib chiqish cho‘zilayotganini bildirmoqda. Dalillar yetarli bo‘lgan ishlar bo‘yicha jarayonlarni soddalashtirish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi qayd etildi.

Oliy sud, Biznes-ombudsman va Adliya vazirligi Andijonda tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularning masalalariga yechim topishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Oktyabr–noyabr oylarida respublika bo‘ylab tadbirkorlar va davlat tashkilotlari yuristlari uchun nizolarni sudgacha hal qilish, ularni kamaytirish va sud jarayoni bo‘yicha o‘quvlar o‘tkaziladi.

Bir oy ichida protsessual qonunchilik tahlil qilinib, qaysi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Yig‘ilishda Soliq idoralari ham tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini saqlab qolishga ko‘maklashishi zarurligi ta’kidlandi. Viloyatda ayrim korxonalar aylanmasi va ish o‘rinlari qisqargani, bir qator biznes subyektlari faoliyati tugatilgani qayd etildi. Mahallaga tushgan soliq xodimlari bunday holatlarning sabablarini o‘rganib, yechim topishga faol kirishishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endi daromadi yoki ish o‘rni kamaygan korxonaga mahalla soliqchisi borib, muammoni o‘rganadi. Hokim yordamchisi va mahalla bankiri bilan birga soliq to‘lovini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘, bozor yoki eksportga ko‘maklashish bo‘yicha tuman shtabiga taklif kiritadi.

Mazkur jarayonda har bir biznesning daromadga kirish davri va xususiyati inobatga olinadi. Yoshlar bandligi mahalla soliqchilari faoliyatini baholash va mehnatiga haq to‘lashda samaradorlik mezoni qilib belgilanadi.

Andijonda otin-qizlar bandligini ta’minlash uchun alohida moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlar yaratilishi ham ma’lum qilindi. Ayollarni ish bilan ta’minlash uchun alohida jamg‘arma tashkil etilib, unga 20 million dollar ajratiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.