Yosh shunchaki raqam: 50 yoshdan keyin mashhurlikka qaytgan Gollivud aktrisalari

Yosh shunchaki raqam: 50 yoshdan keyin mashhurlikka qaytgan Gollivud aktrisalari
Gollivudda yoshga qarab kamsitish muammosi hali ham dolzarb bo‘lib, bu holatdan ko‘proq aktrisalar aziyat chekadi. Biroq, katta avlod vakillari kino olami asta-sekin o‘zgarayotganini isbotlamoqda. Kino Mail nashri 50 yoshdan oshganidan keyin muxlislar diqqat markaziga qaytgan mashhur kino yulduzlari haqida ma’lumot berdi.
**Demi Mur**
90-yillarda Gollivudning eng nufuzli yulduzlaridan biri bo‘lgan Demi Mur 2000-yillarning boshiga kelib ekranlardan deyarli yo‘qolib ketdi. Uning karyerasini saqlab qolish uchun suratga tushgan “Askar Jeyn” va “Alvon harf” kabi yirik filmlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shundan so‘ng aktrisa uzoq vaqt davomida tomoshabinlar e’tiboridan chetda qolib, kichik loyihalarda ko‘rinish berib yurdi.
Biroq, 2024-yilda aktrisa “Substansiya” filmida bosh rolni ijro etib, butun dunyoni hayratda qoldirdi. Rejissyor Korali Farja aynan mashhurlikning asl bahosini biladigan afsonaviy aktrisani qidirayotgan edi. Butun umr tashqi ko‘rinishini o‘zining boyligi deb hisoblab kelgan Demi Mur bu rolga ideal darajada mos tushdi. Yoshligini saqlab qolish uchun dahshatli choralarga qo‘l urgan keksa yulduz roli Demiga “Oltin globus” mukofotini keltirdi.
Taqdirlash marosimida nutq so‘zlagan Demi Mur bir paytlar uni shunchaki jiddiy bo‘lmagan “popkorn aktrisasi” deb atashganini esga oldi. Biroq, yangi roli buning mutlaqo aksini isbotladi. Aktrisa hozir hayotidagi eng baxtli davrni boshdan kechirayotganini, karyerasi yana cho‘qqiga chiqqanini va yonida uch nafar voyaga yetgan qizlari borligini faxr bilan aytdi.
**Pamela Anderson**
“Malibu qutqaruvchilari” teleseriali orqali ko‘pchilik taniydigan aktrisa Pamela Anderson kutilmaganda hayotini butkul o‘zgartirdi va pardoz-andozdan butunlay voz kechdi. 2022-yilda 55 yoshida u kutilmaganda mashhur Brodvey sahnasida “Chikago” myuziklida bosh rol bilan debyut qildi. Oradan bir yil o‘tib, uning shaxsiy xotiralari kitob bo‘lib chiqdi. Ushbu asarni o‘qigan rejissyor Jiya Koppola o‘zining yangi dramasi uchun aynan Pameladan yaxshiroq qahramon topa olmasligini tushundi.
Pamela yangi filmda sahna hayoti tugab borayotgan Las-vegaslik keksa raqqosa rolini qoyillatib ijro etdi. Bu ijro aktrisaga “Oltin globus” nominatsiyasini taqdim etdi. Gollivudning eng yomon filmlariga beriladigan “Oltin malina” mukofoti esa bu safar Andersonni xafa qilmadi, aksincha, unga “obro‘-e’tiborini a’lo darajada qayta tiklagani uchun” maxsus mukofot berdi.
Hozirda Pamelani oldinda katta premyeralar kutmoqda: u Liam Nison bilan afsonaviy “Yalang‘och to‘pponcha” komediyasining yangi talqinida va taniqli rejissyor Kornel Mundrutsoning yangi dramasida bosh rollarni ijro etgan.
**Jennifer Kulij**
Mashhur stendap aktrisasi kinodagi ilk rolini ancha kech — 32 yoshida ijro etgan. Keyinchalik u “Amerikancha pirog” va “Qonundagi mallasoch” filmlari orqali tomoshabinlar e’tiboriga tushdi. Biroq yillar o‘tib, uning karyerasi keskin pasayib ketdi va u deyarli unutildi.
Jenniferning katta ekranlarga qaytishi “Ikki bankrot qiz” serialidan boshlandi. Ammo uning haqiqiy muvaffaqiyati 2018-yilda xonanda Ariana Grande mashhur teleshouda unga taqlid qilib parodiya qilganidan keyin boshlandi. Shundan so‘ng aktrisa Ariananing musiqiy klipiga taklif qilindi. Bu esa unga afsonaviy “Oq nilufar” serialining eshiklarini ochdi. Serialdagi g‘alati va boy ayol obrazi Jenniferga dunyo miqyosidagi katta shuhrat va nufuzli mukofotlarni qaytarib berdi.
**Jennifer Grey**
Muxlislar nega afsonaviy “G‘aroyib raqslar” filmidan keyin Jennifer Grey dunyo miqyosidagi superyulduzga aylanib ketmagani haqidagi savollarni tez-tez berishadi.
Gap shundaki, o‘sha mashhur film premyerasiga bir necha kun qolganda Jennifer dahshatli avtohalokatga uchraydi. Rulda uning sevgilisi bo‘lgan va YTH oqibatida ikki nafar ayol halok bo‘ladi. Bu fojia sababli ruhiy tushkunlikka tushgan Jennifer tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishga qaror qiladi va burnini plastik operatsiya qildiradi. Biroq plastik jarrohlik uning yuz tuzilishini shu qadar o‘zgartirib yuboradiki, rejissyor va prodyuserlar uni umuman taniy olmay, filmlarga chaqirmay qo‘yishadi.
Shunday bo‘lsa-da, u taslim bo‘lmadi. “Haqiqiy og‘riq” dramasidagi g‘amgin ayol roli orqali u o‘zining katta iste’dodini yana bir bor isbotladi.
**Keti Beyts**
Kamdan-kam hollarda bosh rollarni o‘ynagan bo‘lsa-da, tomoshabinlarning chinakam sevimlisiga aylangan Keti Beyts ham Gollivuddagi eyjizm — yosh bo‘yicha kamsitish qurboni bo‘lishiga bir baxya qolgan. “Mizeri” filmi uchun “Oskar” olgan bo‘lishiga qaramay, unga har doim “tashqi ko‘rinishing to‘g‘ri kelmaydi” deb ta’na qilishardi. Hatto u Brodvey teatrida yillar davomida o‘ynagan mashhur roliga kinoda uning o‘rniga Mishel Pfayfferni olishgan edi.
Bir muddat tushkunlikka tushgan Keti hatto nafaqaga chiqmoqchi ham bo‘ldi. Biroq mashhur prodyuser Rayan Merfi unga yangi imkoniyat berib, “Amerika dahshatli voqealari” serialiga taklif qildi. Yaqinda chiqqan “Metlok” serialidagi tajribali va jozibali ayol-advokat roli esa Ketining Gollivudda hali ham tengsiz ekanligini ko‘rsatdi.
**Sheril Li Ralf**
1981-yilda aktrisa Brodvey teatrida ulkan muvaffaqiyatga erishib, nufuzli mukofotlarga nomzod bo‘lgan edi. Saksoninchi yillar u uchun juda omadli keldi, biroq vaqt o‘tishi bilan uning ham karyerasi so‘nib bordi va u deyarli unutildi.
Hammasi 2020-yilda, unga “Ebbott boshlang‘ich maktabi” serialida o‘qituvchi rolini o‘ynashni taklif qilishganida o‘zgardi. Serial butun dunyoda mashhurlikka erishdi va Sheril roli uchun “Emmi” mukofotini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa u so‘nggi 35 yil ichida ushbu nufuzli mukofotni olgan birinchi afroamerikalik ayol bo‘ldi. Yaqinda esa u Gollivuddagi Shon-sharaf xiyobonida o‘z yulduziga ega bo‘ldi.
**Onjanyu Ellis**
Onjanyu Ellis oxirgi o‘ttiz yil davomida deyarli har yili bir nechta filmlarda suratga tushib kelgan. Garchi unga har doim ikkinchi darajali rollar berilgan bo‘lsa-da, u doim o‘zining yorqin ijrosi bilan ajralib turardi.
Biroq karyerasidagi eng katta muvaffaqiyatiga 50 yoshdan oshganida erishdi. Mashhur tennischi opa-singillar Uilyamslarning hayoti haqidagi “Qirol Richard” filmidagi roli unga hayotidagi ilk “Oskar” va “Oltin globus” nominatsiyalarini keltirdi. Bu esa aktrisa uchun yosh shunchaki raqam ekanini va chinakam muvaffaqiyat har qanday yoshda kelishi mumkinligini yana bir bor isbotladi.

