Iqtisodiyot

“Yo‘lovchilar oqimiga bog‘liq”. Mas’ullar — Toshkentda avtobuslar intervali va tungi reyslar haqida

Toshkentda tungi avtobuslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tadbirkorlar takliflari o‘rganilmoqda. 2027-yilgacha 'Toshshahartransxizmat' 200 ta elektrobus olib kelishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Rossiya va Xitoy kompaniyalari ham poytaxtga avtobus olib kelishga qiziqish bildirmoqda.

“Yo‘lovchilar oqimiga bog‘liq”. Mas’ullar — Toshkentda avtobuslar intervali va tungi reyslar haqida

2026-yil oxirigacha “Toshshahartransxizmat” tomonidan 200 ta elektrobus, xususiy tadbirkorlar tomonidan esa 100 ta avtobus olib kelish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 16-oktabr kuni Kontent tayyorlash markazida Transport vazirligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda avtobuslar orasidagi vaqt oralig‘ini qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2022-yilda yangi tizim joriy etilganda intervalni o‘rtacha 13 daqiqa atrofida ushlab turishga harakat qilingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 8−10 daqiqagacha tushirilgan.

“Ayrim yo‘nalishlarda interval 12−14 daqiqa, ba’zilarida esa 6−8 daqiqani tashkil etishi mumkin. O‘rtacha ko‘rsatkich 8−10 daqiqaga yetdi. Avvalgi davrdagi 20−30 daqiqa avtobus kutish holatlaridan voz kechdik”, — deydi u.

Omarovning aytishicha, interval yo‘nalishning umumiy masofasi va unga ajratilgan avtobuslar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Avtobuslar soni esa yo‘lovchilar oqimiga bog‘liq. Toshkentdagi 170 ta yo‘nalish orasida 15−16 daqiqalik intervalga ega yo‘nalishlar ham bor.

Mirakbar Ikromovning ta’kidlashicha, hozir ayrim yo‘nalishlarning harakat jadvali qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, ertalabki tig‘iz paytlarda avtobuslar orasidagi 8−10 daqiqalik intervalni saqlab qolish, yo‘lovchilar oqimi kamaygach esa uni 15 daqiqagacha uzaytirish imkoniyati o‘rganilmoqda.

“Tig‘iz vaqt o‘tganidan keyin intervalni 15 daqiqagacha uzaytirish orqali avtobuslarning harakat vaqtini yana yarim soatga cho‘zish imkoniyati yaratiladi”, — deydi Ikromov.

Uning aytishicha, bunday tajriba hozir uchta yo‘nalishda sinovdan o‘tkazilmoqda. Yo‘lovchilar oqimi kamaygan soatlarda avtobuslarning kunlik yurish masofasidan samaraliroq foydalanish hisobiga ularning qatnov vaqtini 30−40 daqiqaga uzaytirish mumkin.

Mamanbiy Omarov intervalni belgilovchi omillardan biri mavjud transport vositalarining yoshi va texnik holati ekanini ta’kidladi. “Toshshahartransxizmat” tasarrufida turli yillarda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz, Isuzu va MAN avtobuslari bilan birga so‘nggi yillarda olib kelingan Yutong, King Long va Foton avtobuslari ham bor. Eski avtobuslarda nosozlik yuzaga kelishi harakat jadvaliga ta’sir qilishi mumkin.

Uning aytishicha, avvalgi yillarda avtobuslardagi joylardan ko‘proq yo‘lovchi tashish holatlari kuzatilgan. Hozir esa avtobuslardagi kunlik yo‘lovchilar soni 1,5 millionga yetgan. Shu bois eskirgan transport vositalarini yangilash va texnik nosozliklar tufayli yuzaga keladigan kechikishlarni kamaytirish muhim hisoblanadi.

Omarovning qayd etishicha, avtobuslarning xizmat muddati va texnik holati ulardan foydalanish samaradorligiga ta’sir qiladi. Yangi transport vositalarining kelishi esa yo‘nalishlardagi nosozliklar sonini kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, yo‘llardagi tirbandliklar va yo‘l-transport hodisalari ham avtobuslarning kechikishiga sabab bo‘ladi. Ayrim hollarda bir bekatga bir vaqtda ikki-uchta avtobus kelib qolishi ham shu bilan bog‘liq. Omarovning tushuntirishicha, birinchi avtobus kechikkan taqdirda, keyingi avtobus uni kutib turmaydi, balki o‘z jadvali bo‘yicha harakatlanishda davom etadi. Aks holda, kechikish keyingi qatnovlarga ham ta’sir qilib, yo‘lovchilarning uzoq kutishiga olib kelishi mumkin.

“Avtobuslarning harakati GPS orqali kuzatib boriladi. Monitoring markazi xodimlari yo‘nalishlardagi vaziyatni nazorat qiladi. Avtobus to‘xtab qolsa, tashuvchi bilan bog‘lanib, sababi aniqlanadi. Nosozlik yuzaga kelganda esa garajdan zaxira avtobusi chiqarilishi kerak”, — deydi u.

Unga ko‘ra, tashuvchilar faoliyati avtobusning belgilangan vaqtda yetib kelishi, tozaligi va haydovchining belgilangan formada bo‘lishi kabi sifat ko‘rsatkichlari asosida baholanadi. Talablar bajarilmagan hollarda, tashuvchiga davlat tomonidan to‘lanadigan mablag‘dan ushlab qolinishi mumkin.

Toshkent shahrida 2025-yil oxirigacha tungi avtobuslarning birinchi yo‘nalishi ish boshlashi va’da qilinganiga qaramay, bu hali yo‘lga qo‘yilgani yo‘q.

Mirakbar Ikromovning ma’lum qilishicha, tungi qatnovlarni tashkil etish rejalashtirilgan, hozir bu borada tadbirkorlarning takliflari o‘rganilmoqda. Shuningdek, bunday yo‘nalishlarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda.

“Tungi yo‘nalishlar aeroport, vokzal va tashkil etilayotgan 24/7 faoliyat yurituvchi ko‘chalarni qamrab olishi, ushbu hududlarda muntazam qatnovni ta’minlashi kerak”, — deydi u.

Boshqarma boshlig‘ining qayd etishicha, “Toshshahartransxizmat” tomonidan 164 ta yo‘nalishga xizmat ko‘rsatiladi. Xususiy tashuvchilarni jalb etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda: 2022-yilda ularga bitta yo‘nalish berilgan bo‘lsa, hozirda oltita yo‘nalish xususiy tadbirkorlar tomonidan boshqarilmoqda.

Ikromovning ta’kidlashicha, xususiy tashuvchilarni jalb etishda brutto-shartnomalar tizimi muhim ahamiyatga ega. Unda tashuvchiga bajarilgan xizmat hajmi uchun oldindan belgilangan tarif asosida haq to‘lanadi. Bu tizim tadbirkorlar uchun yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatishni jozibadorroq qilmoqda.

Tungi avtobuslar bo‘yicha tashuvchini aniqlash, yo‘nalishlarni belgilash va ularning iqtisodiy asoslarini hisoblash ishlari yakunlangach, loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Biroq u tungi qatnovlar qachon boshlanishi bo‘yicha aniq sanani aytmadi.

Mirakbar Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtda hozirgi ehtiyojni qoplash uchun 500 ta avtobus zarur. Bundan tashqari, yana 500 ta avtobus sotib olish rejalashtirilmoqda.

“Toshshahartransxizmat” tomonidan 2027-yil boshiga qadar 200 ta elektrobus xarid qilish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilgan. Hozir bu taklif Transport vazirligining ilmiy kengashida muhokama qilinmoqda. Ikromovning aytishicha, elektrobuslarga qo‘yiladigan talablar alohida o‘rganilmoqda.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov ham Toshkentga shu yil yoki 2027-yilning birinchi choragida 200 ta yangi elektrobus olib kelish rejasi borligini aytdi.

Ikromovning ta’kidlashicha, xususiy tashuvchilarni jalb etish orqali ham avtobuslar sonini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Yil oxirigacha xususiy tadbirkorlar tomonidan yana 100 ta avtobus olib kelinishi rejalashtirilgan. Ular, asosan, Toshkent shahrini Toshkent viloyati bilan bog‘laydigan yo‘nalishlarda harakatlanishi kutilmoqda.

“Hozir poytaxtda bir millionga yaqin avtomobil harakatlanayotgan bo‘lsa, Toshkent viloyatidan har kuni kirib-chiqadigan avtomobillar soni 400 mingga yaqin. Bu asosiy ko‘chalarimizga tushayotgan yukni oshiradi”, — deydi Ikromov.

Uning ta’kidlashicha, transport oqimini kamaytirish va aglomeratsiya hududlarini jamoat transporti bilan qamrab olish maqsadida yana 13 ta yo‘nalish ochish rejalashtirilgan. Yangi avtobuslar kelishi bilan bu yo‘nalishlar bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy kompaniyalari Toshkentda avtobuslar olib kelib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga qiziqish bildirgan. Hozir ularning takliflari o‘rganilmoqda. Boshqarma boshlig‘ining fikricha, kelgusida “Toshshahartransxizmat”ga raqobatdosh bo‘ladigan yana bir yirik tashuvchi paydo bo‘lishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.