Yo‘llar va ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshiriladi
Qashqadaryo viloyatida 100 kilometrlik avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilinadi, temir yo‘l kesishmalarida yo‘l o‘tkazgichlar quriladi va

Yo‘llar va ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshiriladi
Qashqadaryo viloyatida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 avtomobil yo‘lining viloyat hududidan o‘tuvchi 100 kilometr qismi rekonstruksiya qilinishi boshlanadi. Loyihaning qiymati 350 mln dollarni tashkil etadi.
Qarshi shahrining aylanma yo‘li 5,5 kilometrga cho‘zilib, A-380 magistraliga ulanadi. Mas’ullarga loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini shu yil oxirigacha tayyorlash va yanvardan qurilish ishlarini boshlash vazifasi topshirildi.
Shuningdek, «Qarshi — Pomiq» va «G‘uzor — Beynau» avtomobil yo‘llaridagi temir yo‘l kesishmalarida poyezdlar o‘tishi paytida yuzaga keladigan tirbandliklarni bartaraf etish uchun 250 mlrd so‘mlik ikkita zamonaviy yo‘l o‘tkazgich quriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryodagi eng dolzarb masalalardan biri aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ekanini ta’kidladi.
Joriy yil ajratilgan 1 trln so‘m hisobidan 747 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i hamda 43 ta inshoot qurilishini ikki oy ichida yakunlash topshirildi. Buning natijasida 200 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Hisorak suv omboridan Qarshi shahri, Qamashi va G‘uzor tumanlari hamda Qarshi tumaniga suv tarmog‘i tortish loyihasini boshlash uchun 100 mlrd so‘m ajratildi. Loyihani sifatli amalga oshirish uchun yana 210 mln dollar jalb etish vazifasi qo‘yildi. Natijada 350 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak va Qarshi tumanlaridagi yana 700 ming aholining suv ta’minotini yaxshilash uchun «Tolimarjon — Muborak» suv tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi boshlanmoqda. Uning texnik-iqtisodiy asoslarini 1 aprelgacha tayyorlash va loyiha uchun 150 mln dollar jalb etish rejalashtirilgan.

