Yillik toʻlov 270 mln soʻmgacha: ayrim oliygohlar super-kontrakt narxlarini eʼlon qildi

Yillik toʻlov 270 mln soʻmgacha: ayrim oliygohlar super-kontrakt narxlarini maʼlum qildi
Oʻzbekistondagi bir qator oliy taʼlim muassasalari yangi oʻquv yili uchun belgilangan super-kontrakt summalarini eʼlon qildi. Ayrim universitetlarda yillik toʻlov 22 million soʻm atrofida boʻlsa, boshqalarida u 200 mln soʻmdan ham oshgan.
Hozircha universitetlar orasida eng yuqori super-kontrakt Toshkent davlat yuridik universitetida qayd etildi. Oliygoh eʼlon qilgan narxlar joriy yilgi kirish imtihonlarida minimaldan yuqori ball toʻplagan, biroq baholari toʻlov-kontrakt chegarasiga kamida 4,05 ball yetmagan abituriyentlar uchun moʻljallangan. Jumladan, bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli uchun super-kontrakt qariyb 269 mln 960 ming soʻmni tashkil etadi. Uch yillik kechki taʼlim uchun yillik super-kontrakt 132,1 mln soʻm, kunduzgi magistratura uchun 122 mln soʻm, kechki magistratura uchun esa 97,6 mln soʻm etib belgilangan.
Namangan davlat universiteti ham yangilangan tabaqalashtirilgan toʻlov — super-kontrakt miqdorlarini eʼlon qildi. Kunduzgi taʼlimda eng past narx 26,9 mln soʻm, eng yuqori summa esa 122,6 mln soʻm qilib belgilangan. Davolash ishi, pediatriya yoki oliy hamshiralik ishi yoʻnalishlarida oʻqish 114,1 mln soʻm turadi. Universitetda kechki yoki masofaviy yoʻnalishda super-kontrakt asosida tahsil olish 31,4 mln soʻmdan boshlanib, 128,5 mln soʻmgacha yetadi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti esa kontrakt baliga yetmagan 4 ballik oraliq uchun tabaqalashtirilgan narxlarni belgilagan. Masalan, kunduzgi bakalavriatda kontrakt baliga 1,05 ball yetmaganlar super-kontrakt uchun bazaviy toʻlovning 1,5 baravarini toʻlaydi — 18,1 mln soʻmdan 24,7 mln soʻmgacha. Agar 3,06 dan 4,05 ballgacha yetmagan boʻlsa, toʻlov 36,3 mln soʻmdan 49,6 mln soʻmgacha oshadi. Masofaviy taʼlim shakli uchun esa yetishmagan ball va tanlangan yoʻnalishga qarab narxlar 23,1 mln soʻmdan 59,4 mln soʻmgacha belgilangan.
Namangan davlat pedagogika institutida eng kam super-kontrakt 22,9 mln soʻm, eng yuqori chegara esa 31,9 mln soʻmgacha yetadi. Bu tartib kunduzgi va kechki taʼlim yoʻnalishlarida oʻqishni istagan, toʻplagan ballari toʻlov-kontraktga 4,05 balldan ortiq yetmagan hamda 56,7 balldan kam boʻlmagan abituriyentlarga taalluqli.
Toshkent kimyo-texnologiya universiteti Yangiyer filialida super-kontraktlar 22,2 mln soʻmdan 48,1 mln soʻmgacha, Namangan davlat chet tillari institutida esa 22,9 mln soʻmdan 47,2 mln soʻmgacha belgilangan.
Andijon davlat pedagogika universitetida bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli uchun super-kontrakt summalari yoʻnalishga qarab 29,6 mln soʻmdan 37 mln soʻmgacha yetadi. Kechki taʼlim shaklidagi narx esa 34,5 mln soʻmni tashkil etadi.
Andijon davlat chet tillari institutida super-kontrakt miqdori 29,6 mln soʻmdan 47,2 mln soʻmgacha boʻladi.
Oʻz navbatida, Andijon davlat universiteti miqdorni bazaviy kontrakt summasining toʻrt baravaridan olti baravarigacha tasdiqlagan. Biroq universitet vakillari “Daryo”ga hali bazaviy miqdor toʻliq tasdiqlanmaganini bildirgan. Shunga qaramay, super-kontrakt miqdori kamaytirib borilayotgani aytilgan. Masalan, avval bazaviy qiymat 10 baravargacha yetgan, keyin narx 8 baravarga tushirilgan. Endilikda esa maksimum olti baravarni tashkil etadi.
Andijon davlat pedagogika instituti ham super-kontrakt miqdorini bazaviy kontraktning toʻrt baravardan olti baravargacha etib belgilagan. Qolgan oliygohlar hozircha narxlarni eʼlon qilmagan.
Qonunchilikka koʻra, super-kontrakt asosida oʻqish istagini bildirgan abituriyent birinchi oʻquv yili uchun kamida 50 foiz toʻlov qilishi kerak. Shundan soʻng u oliygoh rektorining buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi. Super-kontrakt asosida oliygohga qabul qilingan talabalar birinchi oʻquv yilini muvaffaqiyatli tugatsa, keyingi oʻquv yilidan boshlab umumiy belgilangan tartibda kontrakt toʻlab oʻqishni davom ettiradi.
Hozir Oʻzbekistonda jami 215 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda tahsil olayotgan talabalar soni 1,6 million nafarni tashkil etadi.

