Oliygohlarga kirish imtihonlarida o‘rtacha o‘tish bali qancha bo‘lgani aytildi

Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida o‘rtacha o‘tish ballari maʼlum qilindi. Yangi o‘quv yili uchun davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ballni, to‘lov-kontrakt asosida esa 93,7 ballni tashkil etdi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov 18-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xabar berdi.
“Daryo” muxbirining maʼlumotiga ko‘ra, vazirlik vakili joriy imtihonlarda o‘tish ballari o‘sganini taʼkidlagan.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, "Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ball, to‘lov-kontrakt asosida esa 93,7 ballni tashkil etdi. O‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan edi. Bu yil abituriyentlar o‘rtasida raqobat yanada kuchayganini ko‘rsatmoqda".
Yakuniy tanlov natijalariga asosan, bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga jami 209,1 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan. Ulardan 52,8 ming nafari davlat granti, 156,3 ming nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, belgilangan imtiyozlar bo‘yicha alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida 20,5 ming nafar abituriyent talabalikka qabul qilingan.
Avvalroq Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “Daryo”ga bergan intervyusida hozirda yangi universitet ochishga ehtiyoj yo‘qligini aytgan edi.

